20:08 23 Noyabr 2017
Efir
Pokaz GULI, avtorskogo brenda Gulnarы Karimovoy, na Nedele modы Mersedes-Benz Fashion Week

Gʻazabga uchragan malika: Gulnora Karimovaning tarjimai holi

© Sputnik/ Ruslan Krivobok
Jamiyat
Havola olish
Gulnora Karimova ishi (15)
7558 0 0

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi 2013 yildan buyon jamoatchilik hayotidan gʻoyib boʻlgan Gulnora Karimova taqdiri haqida maʼlumot berdi

TOSHKENT, 28 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatning Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoiy ish qoʻzgʻatdi: 3 trillion soʻm miqdoridagi soliqlarni toʻlamaganlik va mamlakat aktivlarini noqonuniy ravishda oʻzlashtirganlik yuzasidan.

Gulnora Islomovna Karimova 1972 yilda Fargʻonada tugʻilgan. 1988 yili Toshkentda yosh matematiklar akademiyasini tugatgan, 1994 yili — Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining xalqaro iqtisodiyot boʻlimini bakalavr darajasini bilan tamomladi. 1992 yili Nyu-York shtati universiteti qoshidagi Moda texnologiyalari institutida tahsil oldi.

1996 yili u Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutining magistraturasini bitirdi, 2000 yili Garvard universitetida sanʼat magistri darajasiga ega boʻldi. 2001 yili Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida siyosiy fanlar doktori boʻldi, 2009 yili esa oʻsha yerning oʻzida professor ilmiy darajasini oldi. 2006 yili Karimova Toshkent axborot texnologiyalari universitetida telekommunikatsiyalar sohasida bakalavr darajasiga erishdi.

Siyosiy karyerasi
1995 yil iyul oyida Gulnora Karimova Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligida ish boshladi, vazir maslahatchisi lavozimini egalladi. 2003 yil sentyabridan 2005 yil apreligacha u Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi boʻlib ishladi, bunga qadar Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida Oʻzbekistonning doimiy vakolatxonasi maslahatchisi edi. 2008 yil fevral oyida u Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligida Madaniy-ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosar etib tayinlandi. 2008 yil sentyabr oyida Karimova BMT qoshidagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakili etib tayinlandi.

2010 yil yanvar oyida Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlandi va 2012 yil iyul oyi boshlarida u Ispaniyadagi Oʻzbekiston elchisi vazifasini tark etdi.

Ijtimoiy faoliyati

Karimova faoliyati davomida Oʻzbekiston va xorijda bir yarim mingdan ortiq loyihalarni tashkil etgan va oʻtkazgan "Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi" Fondining tashkilotchisi va vasiysi hisoblanadi.

Gulnora Karimova Frantsiyada vakolatxona ochilishi munosabati bilan Luvrda oʻzbek dizaynerlari defilesini oʻtkazdi, Glazgoda esa oʻzbek soʻzanalari koʻrgazmasini tashkil etdi.

U bundan tashqari shaxsiy tashabbusi bilan boshqa fondlarni ham tashkil etdi. Bular onalik va bolalik masalalari bilan bogʻliq xayr-saxovat bilan shugʻullanuvchi "Ayollar yigʻini" tashkiloti, sut bezi saratoni boʻyicha "Hayot uchun" assotsiatsiyasi, shuningdek asosan uzoq mintaqalarda aholiga manzilli yordam koʻrsatuvchi, shuningdek viloyatlardagi fermer va tadbirkorlarga grant va imtiyozli kreditlar ajratuvchi "Mehr nuri" fondlaridir. Karimova tomonidan tashkil etilgan "Kelajak ovozi" isteʼdodli yoshlar tanlovida 8 yil davomida butun respublika boʻyicha 388 ming nomzod ishtirok etdi.

Karimovaning Oʻzbekistondagi boshqa yirik loyihalari — sut bezi saratoni bilan kurashishga mablagʻlar yigʻish uchun 2010 yildan boshlab Toshkent va mintaqalarda 100 ming ortiq ishtirokchilarni qamrab olgan "Hayot uchun" xayr-ehson marafon-forumi, xalqaro ishtirokchilar, madaniyat va sanʼat arboblarini qamrab olgan loyihalar — "Asrlar sadosi» koʻchma anʼanaviy madaniyat festivali, "ArtWeekStyle.Uz" loyihasi shular jumlasidandir. Bundan tashqari, u Oʻzbekistonda "Oltin Gepard" Toshkent xalqaro kinoforumi va Teatr.uz Toshkent teatr festivalini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Karimova Ijtimoiy tashabbuskorlikni qoʻllab-quvvatlash fondi doirasida "uchinchi sektor" deb ataladigan ishtirokchilarni birlashtirdi. Ushbu fond faoliyati doirasida amalga oshirilgan loyihalariga Oʻzbekistonning qurgʻoqchil oʻlkalaridan birida joylashgan ajralib qolgan mintaqaga trubalar oʻtkazish va ichimlik suvi bilan taʼminlash, shuningdek Fargʻona vodiysining bir qancha shaharlarida isitish trubalarini oʻtkazish kiradi. 2011 yil sentyabrda Gulnora Karimova tashabbusi bilan mintaqalarda "axborot markazlari" orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan va ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun kuchlarni birlashtiradigan "Oʻzbekiston ijtimoiy masʼul fuqarolari forumi" yaratildi.

Shaxsiy hayoti

1991 yil iyul oyida Gulnora dugonasining tugʻilgan kunida AQSH fuqarosi boʻlgan afgʻonistonlik etnik oʻzbek Mansur Maqsudiy bilan tanishdi va unga turmushga chiqdi. Nikohdan keyin Gulnoraning eri Toshkentdagi Coca-Cola kompaniyasi vakolatxonasining direktori lavozimini egalladi. Ushbu nikohdan 1993 yili Islom ismli oʻgʻli dunyoga keldi, 1999 yili esa qizi — Iman. 2001 yili nikoh buzildi, Karimova bolalari bilan birga Nyu-Jersidagi oilaviy uyidan ketdi.

Nikoh ajrimi jarayoni 2 yilga choʻzildi. Amerika sudi Maqsudiyga bolalarga vasiylik huquqini berdi, Gulnoraga sobiq eriga bolalarni qaytarish talabini qoʻydi va ularni ushlab turgani uchun sanktsiya berdi. Bunga javoban Oʻzbekiston hukumati Mansurni qalloblikda, soliqlarni yashirishda, juda katta miqdordagi pora olganlikda, mulkni oʻgʻirlashda va pullarni yuvishda aybladi va xalqaro qidiruvga eʼlon berdi. 2008 yil 9 iyulda Nyu-Jersi shtati Oliy sudi sudyasi Den M. Vilson Gulnora Karimovaga ikkala farzandi uchun toʻliq huquqni qaytarishga qaror chiqardi.

2013 yildan soʻng u ijtimoiy hayotda koʻzdan gʻoyib boʻldi – OAVlar uning mamlakat rahbariyati qaroriga asosan uy qamogʻida saqlanayotganligini maʼlum qildi.

Toʻrt yil davomida u haqda hech qanday xabar boʻlmadi. Baʼzi-baʼzida OAVlarda Gulnora Karimovaning oʻldirilgani, zaharlangani yoki ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi haqida xabarlar paydo boʻlib turdi.

Nihoyat, bugun “Osiyo malikasi” taqdiriga oydinlik kiritildi – Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi 2015 yilda Karimovaga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganligini maʼlum qildi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uning nazorati ostidagi uyushgan jinoiy guruhning aktivlarini xatlash toʻgʻrisidagi qarorlari yuborilgan.

 

Mavzu:
Gulnora Karimova ishi (15)

Asosiy mavzular