18:15 13 Dekabr 2017
Efir
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev kuch tizimlaridan jurnalistlarni tinch qoʻyishni talab qildi

© Press-slujba prezidenta RUz
Jamiyat
Havola olish
1964121

Mirziyoyev ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovga ham shu yilning 1 avgust kuni Samarqand viloyati IIB podpolkovnigi mahalliy jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayevning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani uchun eʼtiroz bildirgan

TOSHKENT, 11 avgust — Sputnik. nuz.uz sayti siyosatshunos Usmon Haqnazarovning "Mirziyoyev oʻzbek kuch tizimlaridan tanqidiy kayfiyatdagi jurnalistlarni tinch qoʻyishni talab qildi" sarlavhali maqolasini eʼlon qildi.

Unda shu yilning 3 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev madaniyat, sanʼat, adabiyot va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvidan Bosh prokuratura, MXX, IIV va TIV ishlar vazirligi rahbarlari bilan majlis oʻtkazgani haqida soʻz boradi.

Rahbarlarning tor tarkibi bilan yopiq majlis

Maqolada yozilishicha, Shavkat Mirziyoyev majlis qatnashchilariga murojaat qilib, yuqorida sanab oʻtilgan tashkilotlarning rahbarlari oʻzlarining xorijiy, muxolif va tanqidiy kayfiyatda boʻlgan ommaviy axborot vositalari vakillariga boʻlgan munosabatlarini tubdan oʻzgartirishlari lozimligini taʼkidlagan.

"Xorijiy, muxolif va tanqidiy kayfiyatda boʻlgan boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyatiga nisbatan munosabatlarimizni tubdan qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirish vaqti keldi. Ularning tanqid va kompromatga toʻla maqolalarini bizning kamchilik va muammolarimizni koʻrsatib beruvchi koʻzgu sifatida qabul qilishimiz kerak. Ular bizning mamlakatimizga tahdid solishmaydi, aksincha, muammolarni topish va bartaraf qilishga yordam berishadi. Men, masalan, mamlakatdagi haqiqiy ahvol haqida sizlarning hashamdor hisobotlaringizdan koʻra, "Ozodlik" radiosi, "Bi-Bi-Si" va baʼzi muxolifat saytlaridan, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardan bilaman. Shuning uchun har doim qaytaraman, sizlar meni alday olmaysizlar", – degan Oʻzbekiston prezidenti.

Davlat rahbari MXX raisi Rustam Inoyatovdan "muxolif va tanqidiy kayfiyatdagi jurnalistlar, shuningdek umuman, boshqacha fikrlaydigan fuqarolar kiritiladigan har xil qora roʻyxatlarni tuzishni bas qilishni" soʻragan.

Mirziyoyev shuningdek, ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovga ham shu yilning 1 avgust kuni Samarqand viloyati IIB podpolkovnigi mahalliy jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayevning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani uchun eʼtiroz bildirgan.

Yaqinda tashkil qilingan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi rahbari Qahramon Quronboyev ham ittifoqning Surxondaryo viloyat boʻlimi Muzrobod tumanida qizlarning hijobini yechish tadbirini uyushtirgani uchun gap eshitgan. "Meni eshit, sening qizlarning roʻmolini yechishdan boshqa ishing yoʻqmi?! Ularni oʻz holiga qoʻy! Qanday xohlashsa, shunday yurishsin. Ijtimoiy tarmoqlarni oʻqi, odamlarning fikrini oʻqi. U yerda odamlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bu – ayollarning paranjisini yechgan sovet Komsomolining avlodi ekanligini yozishyapti",- degan Mirziyoyev Q.Quronboyevga.

Soʻz erkinligi mavzusiga qaytar ekan, Shavkat Mirziyoyev yopiq majlis qatnashchilaridan "jurnalistlarning hatto tuhmat va yolgʻon materiallariga ham toqat bilan yondashish"ni soʻragan. "Jurnalistlar haqiqatni yozganmi yoki yoʻqmi, buni vaqt koʻrsatadi. Lekin men tan olishim kerak-ki, xorijiy va muxolif ommaviy axborot vositalari koʻp hollarda haqiqatni yozishmoqda va real muammolar haqida bong urishmoqda", – deya qoʻshimcha qilgan Oʻzbekiston prezidenti.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Shu yilning 3 avgust kuni boʻlib oʻtgan yopiq majlisda prezident Mirziyoyev tomonidan qoʻyilgan talablar faqatgina ommaviy axborot vositalari haqidagi oʻzbek qonunchiligiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, Oʻzbekistonda OAV faoliyatini haqiqiy erkinlashtirishga qaratilgan amaliy qadamlar qoʻyilganidan keyin hayotga tatbiq qilinishi mumkin.

Hozircha esa bu chiqishni prezident Mirziyoyevning haqiqiy soʻz erkinligi va oshkoralikka erishish yoʻlidagi shaxsiy tashabbusi sifatida koʻrish mumkin.

Usmon HAQNAZAROV, siyosatshunos.

Asosiy mavzular