09:56 20 Oktyabr 2017
Efir
Marat Kabayev

Marat Kabayev: qalban hamisha Oʻzbekistondamiz

© Youtube / Moya Stolitsa
Jamiyat
Havola olish
124960

Sobiq futbolchi Marat Kabayev 1979 yili fojiali halok boʻlgan "Paxtakor" jamoasi futbolchilarini xotirlab Sputnik Oʻzbekistonga intervyu berdi

TOSHKENT, 12 avgust — Sputnik. "Paxtakor"ning afsonaviy futbolchilaridan biri Marat Kabayev jurnalist Radik Amirov bilan suhbatida jamoa futbolchilarining halokati butun mamlakatni larzaga solgani, Oʻzbekistonning bosh klubi qanday qilib yana qayta tugʻilgani haqida gapirib berdi.

— U kunni eslash men uchun haliyam ogʻir. Oʻshanda "Paxtakor"ning ikkinchi tarkibi Minskdan sal vaqtliroq uchib ketgandi, oʻzingiz bilasiz, ikkinchi tarkib asosiy tarkibdan bir kun oldin oʻyin oʻtkazadi. Yoshlar Toshkentga yetib keladi, "katta" "Paxtakor" bir ozdan keyin kelishini aytishadi. Ularni hamma kutib turardi, Minskdan samolyot kelishi esa choʻzilib ketadi… Keyin murabbiy Yakov Aranovich deydi: "Bolalar, yomon xabar. "Kattalarimiz" oʻtirgan samolyot halokatga uchrabdi".

Men bu paytda Termizda edim. Mashgʻulot oʻtkazib, radioni eshitdik. "Paxtakor" haqida xabar berildi. Bu biz uchun dahshatli xabar edi.

"Paxtakor" bilan vidolashuv marosimiga esa butun Toshkent, butun Oʻzbekiston chiqdi! Oʻsha davrdagi kinolavhalarni koʻring. Odamlarni hech kim majburlab olib chiqmagan – ular oʻz ixtiyorlari bilan chiqishgan.

- Ushbu fojiaga boshqa respublikalarda qanday munosabatda boʻlishdi?

— Yangi "Paxtakor" shakllanib, oʻyinlar oʻtkaza boshlaganida bizni barcha futbolchilar, ishqibozlar qoʻllab-quvvatlashardi. Bu achinish emas, balki haqiqiy insoniy dalda edi. Minsk, Boku, Olma-Ota, Moskva — bizni hamma yerda xuddi oʻzlarinikidek kutib olishardi. Bu yurakni oʻrtab yuborardi. Butun mamlakat Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatladi.

- Siz va sizning yoshingizdagi oʻyinchilar birdaniga ulgʻaydingiz. Sizlarning zimmangizda nafaqat "Paxtakor", balki butun respublika sharafini himoya qilish masʼuliyati tushgandi.

— Ha. Biz kutilganidan ertaroq jiddiy oʻyinga tushayotganimizni tushunardik. Bizda tajriba bor edi. Lekin shu bilan birga kattalarning qoʻllab-quvvatlovi ham kerak edi. Afsuski, kattalarimiz yoʻq edi, ular halok boʻlishgandi.

Biz har bir oʻyinga "Oʻzimiz uchun va oʻsha yigitlar uchun" degan shior ostida chiqardik. Maydonda davra hosil qilib "Paxtakor"imiz uchun oʻynaymiz!" deb qichqirardik.

- Toshkentda oʻynash uchun boshqa shaharlardan kelgan futbolchilarning qoʻllab-quvvatlashini his qilganmisiz?

— Albatta! "Paxtakor" safida oʻynash uchun kelgan Andrey Yakubik, Sergey Bondarenko, Sergey Nikiforenkolarga rahmat aytishdan charchamayman. Va boshqalarga ham katta rahmat deyman! Sizlar butun Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatladingiz.

Yaqinda Gretsiyada Vasilis Xadzipanagis bilan uchrashdim. U bizning toshkentlik yigit. Bizda toʻp surgan, hattoki SSSR termasida ham oʻynagan. Keyinchalik Gretsiyaga koʻchib ketib u yerda oʻsha davrning eng mashhur futbolchisiga aylangan. Uchrashuvimizda "Paxtakor"imizni yodga oldik!

—  1970-yillar oxiridagi "Paxtakor" nimasi bilan mashhur edi?

— Ajoyib driblingi, tezligi, toʻp uzatishlari bilan. Mixail An, Vladimir Fyodorov, Olim Ashirov, Vladimir Sabirov, murabbiy Idgay Tazetdinov — hamma-hamma haqiqiy futbol oʻynardi. Kuchli, mohir, aqlli jamoa edi. Fyodorov Oleg Bloxindan kuchliroq edi va uni bemalol quvib oʻtardi.

- Sizlar tez-tez uchrashib turasizlarmi?

— Ha. Har yili mana shu kuni "Paxtakor"ni xotirlash uchun yigʻilamiz. Aynan shu kuni biz yigitlarimizni yoʻqotganmiz. Shu kuni Toshkentda qabristonga borib "Paxtakor"ni yodga olishadi. Biz – Oʻzbekistondan uzoqdagilar esa baribir qalban mamlakat poytaxtida boʻlamiz. Oʻsha "Paxtakor"ni hech qachon unutmaymiz.

Asosiy mavzular