Moskvada Qurbon hayiti namozi ado etildi

© D.AskarovV Moskve proshlo chtenie namaza Iyd Kurban
V Moskve proshlo chtenie namaza Iyd Kurban - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bugun musulmon olamida ulug‘ ayyomlardan biri - Qurbon bayrami nishonlanmoqda

OShKENT, 1 sen — Sputnik. Odatda Moskva metrosi erta saharlab deyarli bo‘m-bo‘sh bo‘ladi. Lekin bugun soat 6 bo‘lmasdan metro stansiyasiga tushganimda odam shu qadar ko‘p ediki, kelgan poyezd to‘lib, unga chiqolmaganlar keyingi poyezdni kutishga majbur bo‘lishdi.

Har o‘n kishidan sakkiz-to‘qqiztasi Markaziy Osiyo yoki Kavkaz respublikalaridan bo‘lib, barchaning og‘zidan bir iborani eshitish mumkin edi: "Hayit muborak!".

Bir amallab keyingi poyezdga chiqib oldim. Vagondagilarning aksariyati bir manzilga ketayotgandi — "Prospekt mira" stansiyasi yaqinida joylashgan Moskva jome masjidiga. Ularning barchasini bir maqsad birlashtirib turardi — Qurbon hayiti namozini ado etish.

© Sputnik/ D.AskarovKo‘chada joynamoz sotayotganlar ham ko‘p edi
Kurban bayram v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
Ko‘chada joynamoz sotayotganlar ham ko‘p edi

"Kurskaya" bekatida tushib, "Prospekt mira" yo‘nalishidagi poyezdga chiqish ikki karra qiyin bo‘ldi. Kelgan poyezd shu zahoti to‘ldi va vagon eshiklari yopilishi uchun sig‘may qolganlar vagon ichidagilarni itarib-turtib ichkariga kiritishdi. Beixtiyor Yaponiya metrolarida yo‘lovchilarni vagon ichiga kirgizish bilan shug‘ullanuvchilar haqida o‘qiganim xayolimga keldi.

Mana, kerakli bekatga yetib ham keldik. Metrodan tashqariga chiqqan kishining ko‘zi bir manzaraga tushadi — atrof turli millat vakillariga to‘la, har qadamda joynamoz, do‘ppi sotayotganlar. Tilanchilar ham o‘z repertuarlari bilan manzarani boyitishgan. Bir narsaga ishonchim komil, jome masjidini bilmaydigan, hayotida birinchi bor kelayotgan kishi ham masjidni qiynalmay topib boradi, zero metrodan chiqqan ulkan oqimga qo‘shilsangiz kifoya — to‘g‘ri masjidga borasiz.

Musulmonlik burchini ado etuvchilar uchun masjidga olib boruvchi ko‘chalar ajratilgan, yo‘lning ikki chetida tartib saqlash uchun harbiylar va maxsus gvardiya askarlari saf tortib turishibdi. Otliq politsiyachilarni ham ko‘rish mumkin. Metroda o‘nlab-yuzlab namozxonlarga ko‘zingiz tushardi, ko‘chalarni esa minglab kishilar to‘ldirib namozgoh sari borishmoqda. Ularga masjid xodimlaridan iborat ko‘ngillilar va militsiya xodimlari yo‘l ko‘rsatib turishibdi. Ko‘cha chetlarida maxsus hojatxonalar ham o‘rnatilgan.

© Sputnik / D.AskarovOtliq politsiyachilar
Kurban bayram v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
Otliq politsiyachilar

Chamasi yarim soatlar ichida namoz o‘qiladigan hudud oldidagi metallodetektorlar to‘sig‘iga yetib keldik. Detektor oldida turgan ko‘ngillilar sigaret, nos, zajigalka kabilarni maxsus qutilarga tashlab keyin ichkariga o‘tish kerakligi haqida ogohlantirib turishibdi. Metallodetektordan o‘tganingizdan so‘ng militsiya xodimi har ehtimolga qarshi cho‘ntaklaringizni paypaslab qo‘yadi.

Masjiddan chamasi 500 metr uzoqlikda ko‘cha o‘rtasida to‘xtadik. Undan uyog‘iga o‘tib bo‘lmasdi, chunki azonlab kelgan ibodatgo‘ylar allaqachon joylashib bo‘lishgandi. Darvoqe, metroda kelayotganimda bir yigitning gapi qulog‘imga chalingandi — uning tanishlari yarim tundan keyinoq masjid sari otlanishgan ekan.

© Sputnik / D.AskarovMetallodetektor oxirgi to‘siq
Kurban bayram v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
Metallodetektor oxirgi to‘siq

Yonimda o‘tirganlardan biri "yanayam qancha sheriklarimizga ishxonasi ruxsat bermadi, bo‘lmasa bundan ham ko‘pchilik bo‘lib kelardik" dedi, yana biri esa rahbariyati ruxsat berganini aytdi. Yana kimdir ish vaqtigacha bemalol namozni ado etishga ulgurishini bildirdi.

Barcha o‘z joynamozini — kimdir o‘zi bilan uyidan olib kelgan, yana kimdir shu yerdan sotib olgan — bir tekis qilib to‘shab, saf-saf bo‘lib o‘rnashdi. Imom Qurbon hayiti, qurbonlik haqida, Islom dinining tinchlik, ezgulik dini ekanligi haqida ma’ruza qilganidan so‘ng hayit namozi ado etildi. Namoz ado etilganidan so‘ng millati va yoshidan qat’i nazar barcha bir-birini muborak ayyom bilan qutladi.

Qo‘shaloq bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar.

Yangiliklar lentasi
0