14:57 23 Oktyabr 2017
Efir
V Tashkente student skonchalsya ot izbiyeniya

Jasurbek Ibrohimovning onasi oʻgʻli oʻz oʻlimi oldidan nima deganini aytdi

© Podrobno.uz
Jamiyat
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
1402086

Birinchi sud majlisida sudyalar oila va jabrdiydaning advokatlari keltirgan maʼlumotlarni tingladilar, Jasurbekning yaqinlari soʻzlariga koʻra, yigitni guruh boʻlib urishgan, demakki jazo ham bir kishigagina berilishi kerak emas

TOSHKENT, 27 sen — Sputnik. Kuni kecha Toshkent shahrida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning oʻlimi yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha birinchi sud majlisi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Sud poytaxtdagi Mirobod tuman sudida ochiq tartibda boʻlib oʻtdi va uch soatcha davom etdi. Sudlanuvchilar kursisida faqatgina oʻn sakkiz yashar Islombek Toʻlaganov boʻlgan. Toʻlaganov Jinoyat kodeksining 104 moddasi 3 bandi (qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish va bu orqali jabrlanuvchining oʻlimiga sababchi boʻlish) boʻyicha ayblanmoqda.

Jinoyatni sodir etgan vaqtda gumonlanuvchi hali 18 yoshga toʻlmagan boʻlgan, shu bois, jabrlanuvchi tomonning advokati Lola Ismoilovaning soʻzlariga koʻra, Islombekni eng koʻpi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi kutmoqda.

Halok boʻlgan yigitning qarindoshlari janjalda uyushgan guruh ishtiroki haqida aytib, bunda qatʼiy turgan boʻlsalarda, Islombek Toʻlaganov ushbu jinoiy ishda yagona ishtirokchi sifatida qatnashmoqda.

Oʻz navbatida ayblanuvchi tomon Jasurbek oʻlimida aynan uning kursdoshi Islombek Toʻlaganov aybdor degan ayblovlarga qarshi. Ularning soʻzlariga koʻra, fojia yuz berishiga jabrdiydaga oʻz vaqtida koʻrsatilmagan tibbiy yordam sabab boʻlgan.

Sud majlisida Jasurbekning onasi Nilufar Aliyeva soʻzga chiqdi.

Ayol koʻzida yosh bilan oʻsha mashʼum kunlarda, yaʼni oʻgʻli kaltaklanganidan soʻng yuz bergan voqealarni birma-bir yodga oldi.

Jasurbek beshta operatsiyani boshdan kechirgan, shifokorlar uni olib qolish uchun jon-jahd bilan kurashgan boʻlsalarda, ammo olingan jarohatlar oʻta ogʻir boʻlgan…

Jasurbekning soʻzlaridan ona oʻz oʻgʻlini olti kishi kaltaklaganini bilib olgan: ikki nafari kursdoshi, ikki nafari parallel kursdoshlari va qolganlari uchinchi kurs talabalari boʻlishgan. "Bunga guvohlar ham bor", deb aytgan Aliyeva.

"Oʻgʻlim avvaliga uni kaltaklashganini tan olmadi. Bizga "yiqildim" deb aytdi. Ammo keyin uni koʻrikdan oʻtkazgan shifokorlar jarohatlar sabablarini aniqlashgach, militsiyaga xabar berishdi. Men Jasurbekni savolga tutib, undan aslida nima roʻy berganini, uni kim bu qadar kaltaklashi mumkinkinligini soʻray boshladim. Oqibatda u hammasini tan oldi va barcha ismlarni aytdi", — dedi sud zalida Jasurbekning onasi.

Ona shu paytgacha oʻgʻli bergan bir savolni hech unutolmayotganini aytgan.

Aliyevaning soʻzlariga koʻra, Jasurbek oʻz oʻlimi oldidan: "Oyijon, qaysi gunohim uchun ular meni bu kuyga solishdi?", — deb soʻragan.

Oʻz navbatida advokat Lola Ismailovaning taʼkidiga koʻra, oʻsmir kollejda tartibsizliklarga bosh boʻlgan allaqanday bir guruhga bosh egishni xohlamagani uchun jabr koʻrgan boʻlishi mumkin. Jasurbekni shafqatsizlarcha kaltaklagan yigitlar oʻsha guruh aʼzolari boʻlgan.

"Axir u saxiy, iqtidorli yigit edi, guruh yoqimtoyi boʻlgan, sport bilan shugʻullangan, guruh va kollej hayotida faol ishtirok etgan, qizlarga yordam bergan. Xususan, mana shu uchun ham u bezorilar eʼtiborini oʻziga jalb qilgan boʻlishi mumkin. Xuliganlar uni "sindirishni" xohlashgan, Jasurbek esa ularga bosh egishdan bosh tortgan va shu uchun ham jabr koʻrgan", — deb tushuntirgan jurnalistlarga ayol.

Advokat Ismoilovaning fikricha, bu ishda jinoyat sodir etilgani toʻgʻrisida organlarga xabar qilmagani uchun tibbiyot kolleji xodimlari ham jazoga tortilishi darkor.

Xususan, guruh dekani va kuratori roʻy bergan hodisadan xabardor boʻlishgan, ammo hech qanday chora koʻrishmagan. Bundan tashqari, advokatlar Jasurbekni kaltaklashda qatnashgan bolalarning ota-onalarini ham munosib tarbiya bera olmaganliklari uchun javobgarlikka tortishni rejalashtirgan.

Nilufar Aliyeva sud majlisi davomida yana bir gapni yodga oldi. "Kollej dekani boʻlib oʻtgan voqealardan soʻng oʻtkazilgan majlisda imkoniyatni boy bermay "Jasurbek endi yoʻq, endi unga yordam bera olmaymiz, biz esa kollej shaʼnini himoya qilishimiz kerak", deb aytganini soʻzlab berdi.

Hodisa yuz bergan joy yaqinida oʻrnatilgan kuzatuv kameralari aynan oʻsha kuni ishlamagan. Bu holat ham jinoyat yuzasidan surishtiruv olib borilishini murakkablashtirmoqda.

Keyingi sud majlisi 29 sentyabr kuni boʻlib oʻtadi. Endi sud jarayonida jinoiy ishning bosh figuranti — Islombek Toʻlaganovning dalillari eshitiladi.

Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular