14:55 23 Oktyabr 2017
Efir
Zasedaniye po delu ob izbiyenii Jasurbeka Ibragimova

Jasur Ibrohimovning kursdoshlari sudda guvohlik berishdi

© Sputnik/
Jamiyat
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
498328

Kursdoshlarining soʻzlariga koʻra, marhum Jasur Ibrohimov va ayni vaqtda uning oʻlimida ayblanayotgan Islombek Toʻlaganov oʻsha mashʼum urush yakunida bir-biriga "besh tashlash" bilan uy-uylariga tarqalishgan

TOSHKENT, 2 okt — Sputnik. Mirobod tuman jinoiy ishlar sudida ayovsiz kaltaklanib, olingan jarohatlar tufayli olamdan oʻtgan Jasur Ibrohimov ishi boʻyicha uchinchi sud eshittiruvi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Deyarli uch soatcha davom etgan sud jarayonida taklif etilgan uch guvohdan ikki nafarining koʻrsatmalari eshitildi. Guvohlar sudda mushtlashuv sodir etilgan kundagi voqealar ketma-ketligini tiklashga urinishdi…

Sudda guvoh sifatida ishtirok etgan marhum Ibrohimovning kursdoshlari — Timur B. va Begzod S. bir-biriga zid koʻrsatma berishdi: Jasurning kollejdagi doʻsti va kursdoshi Timur oʻz koʻrsatmalari davomida "razbor" uchun koʻchaga chiqish taklifi Islom Toʻlaganovdan chiqqanini aytgan boʻlsa, Jasurning yana bir oʻrtogʻi, partadoshi — Begzod Sobirov — yigitlarni tashqariga chaqirgan aslida Jasur ekanligini qatʼiy taʼkidladi.

Oʻsmirlarning fikri bitta joyda mos tushdi — ikkisi ham hamma (yaʼni Jasurning gruppadoshi — Oʻlmas, 3 kurs talabalari — Hurmat va Timur, shuningdek kursdoshlari Timur va Begzodlar — tahr.) bu mojaro tinch yoʻl bilan hal etilishini xohlashganini aytishdi.

Timurning aytishicha, u Jasurni mushtlashuvdan qaytarishga harchand urinmasin, marhum bu taklifni qabul qilmagan. "Jasur Islom uning boshidagi jarohati haqida aytgan soʻzlari uchun javob berishini xohlardi", — dedi u.

"Urush roʻy bergan kuni, 2 para vaqtida, oʻqituvchimizning iltimosiga koʻra axlat tashlab kelishga koʻchaga chiqdim. Begzod va Jasur esa hojatga ruxsat olishdi. Ketayotib yoʻlda Islom (Toʻlaganov, tahr.)ni uchratdim. Ikkimiz gaplashib qoldik. Orqamdan chiqqan Jasur Islomni koʻrib: "Yur, gaplashib olaylik" deb uni chetga chaqirdi. Ular axlatxona tomon oʻtishdi. Suhbat oʻrtasida Jasur Islomning yuziga musht tushirdi", — deb hikoya qildi sudda Timur.

Birinchi guvoh — Timurning aytishicha, shundan soʻng yigitlar "gaplashib olish uchun" koʻchaga chiqishga qaror qilishgan.

Islom "bu yerda kameralar bor, koʻchaga chiqaylik dedi", oʻz hikoyasida davom etdi u va bu taklifga Jasur rozi boʻlganini qoʻshimcha qildi.

Timurning aytishicha, Islom shu vaqt barsetkasini tashlab kelish bahonasida ichkariga yoʻl olgan, Begzod unga ergashgan. "Men esa Jasur bilan bordim. Shu yerda 3-kurs Timur va Hurmatlarni koʻrib qoldim", — dedi u.

Barsetkasini darsxonasiga tashlab chiqqan Islomning yonida Begzoddan tashqari 2 kursda tahsil oladigan Oʻlmas ham boʻlgan.

Timurning aytishicha, yigitlar ayro-ayro boʻlib kollej binosidan chiqqach, 145 maktab qarshisiga kelishgan. Guvohning aytishicha, Islom va Jasurni qolgan oʻsmirlarning hammasi yoʻl-yoʻlakay mojarodan qaytarishga uringan, ammo bu urinishlar zoye ketgan.

Maktab qarshisiga yetib kelgan Jasur va Islom ust kiyimlarini yechib, stoykaga turishgan. Keyin esa urishib ketishgan.

"Urush boshida ular avval bir-birlarining yuziga solishdi, keyin esa kurashishga kirishdilar. Mana shu vaqtda Jasur va Islom muvozanatni saqlay olmay yiqildi", — dedi Timur.

Jasur va Islom yiqilgan mahal, Islomning doʻsti Oʻlmas ular tomon bormoqchi boʻlgan.

Timurning aytishicha, shu payt u Oʻlmasni quchoqlab olib, ularning yoniga borishga yoʻl qoʻymagan.

Begzod esa qulochini keng yoyib Oʻlmasning yoʻlini toʻsib turgan.

Sudyaning "urushni kim boʻlib birinchi boshladi va yigitlar qanday alfozda yiqildi" degan savollariga Timur aniqlik kirita olmadi.

Shuni taʼkidlash lozimki, sud jarayoni davomida Timur oʻz koʻrsatmalarida chalkashliklarga yoʻl qoʻydi.

Avvaliga "koʻchaga chiqish taklifi Islomdan chiqqan edi" deb aytgan boʻlsa, sud davomida advokatning savollariga javob bera turib, hammani koʻchaga chaqirgan Jasur edi degan gapni aytdi.

Advokatning "Nega siz yigitlar ketidan ergashdingiz" degan savoliga Timur "doʻstim Jasurni yolgʻiz qoldirgim kelmadi" deya javob berdi.

Timurning soʻzlariga koʻra, bolalar Jasur va Islomni ajratishgan. Lekin Jasur yana Islomga yopishib ketgan.

"Men ortga oʻgirilganimda Jasur devor ostida yotardi. Islom uning ustida qoʻlini musht qilib turardi. Men Islomni itarib yubordim, Hurmat Jasurni turgʻazdi. Uning shimini qoqib, tozaladik. Jasurning burni qonagan edi. Islom Jasurga roʻmolchasini berdi. Mojaro yakunida Jasur Islom bilan boshqa urushishni xohlamasligini aytdi. Ular bir-biri bilan "besh tashlashib" xayrlashdilar", — dedi guvoh hikoyasi davomida.

Timurning aytishicha Jasur mojarodan keyin oʻzini yaxshi his qilgan.

Yigitlar tarqalishga qaror qilib, ortga yoʻl olgach, yoʻl chetida ikki ayolni koʻrishgan. Ular ayollardan yuvinib olsak boʻladimi, suvlaring bormi deb soʻrashgan. Ular ruxsat bergach, Begzod stomatologiya podvalida Jasurni yuvintirib chiqqach, Timur esa darsga, 3 paraga yoʻl olgan.

"Men kollejga kirib kelganimda Begzod qoʻngʻiroq qilib, Jasurning ryukzagini olib kelishimni soʻradi. Men ryukzakni olib borganimda Jasurning yana burni qonayotganini koʻrdim. Begzod salfetka olib kelish uchun doʻkonga ketdi. Men shu vaqt Jasurdan u oʻzini qanday his qilayotganini soʻradim. Jasur faqat qorni ogʻriyotganini, hojatga borishni xohlayotganini aytdi. U uyimga borib uxlab olsam, hammasi oʻtib ketadi dedi", — deb hikoya qildi Timur.

Yigitning hikoyasiga koʻra, Begzod salfetka olib kelgach, yigitlar Jasurning burnidagi qonni artib, uni taksiga oʻtqazib, uyiga kuzatishgan.

"Men Jasurni mashinaga oʻtqazayotib, uyingga borishing bilan qoʻngʻiroq qil, deb tayinladim. Ammo oradan 15 daqiqa oʻtib oʻzim qoʻngʻiroq qildim. Jasur "Hammasi yaxshi", dedi. Oradan yarim soat oʻtib yana hol soʻradim, u yana yaxshiligini aytdi. Bir soatdan keyin esa telefonimni koʻtarmadi. Men ikki marta qoʻngʻiroq qildim. Koʻtarmagach, uyquga ketgan boʻlsa kerak, degan xayolda boshqa bezovta qilmadim", — deya koʻrsatma berdi Bayazitov.

Ammo marhumning onasi yollagan advokat sud davomida Jasurning telefon soʻzlashuvlari chiqartirilganini aytib, marhumga mojarodan keyin haqiqatda qoʻngʻiroqlar boʻlganini tasdiqladi, shu bilan birga Jasur birorta qoʻngʻiroqqa javob bermaganini maʼlum qildi.

Timur advokatning soʻzlaridan keyin ham Jasur uning qoʻngʻirogʻiga shaxsan javob qaytargan degan gapidan qaytmadi.

"Men Begzod yonimdaligida qoʻngʻiroq qilganman. U ham eshitgan", dedi u.

Sud davomida Timurdan oradan 1 kun oʻtib, u nega kollejga qoʻli gipslangan holatda kelganligi haqida savol berildi.

Timur bu savolga "yiqilib tushdim, meni "ekstrenniy" TashMIga olib borishdi. U yerda tegishli maʼlumotnoma berishgan", deb javob berdi. Timur qoʻli singanligi haqidagi maʼlumotnoma oʻzida yoʻqligini, uni prokuraturaga berishganini aytdi.

Sud jarayonida yana bir guvoh — Begzod Sobirovning koʻrsatmalari eshitildi.

Ikkinchi guvoh oʻz koʻrsatmalari davomida 3 may kuni haqiqatda oʻqituvchidan hojatga ruxsat soʻrab chiqqanini aytib, koʻchada Islomga duch kelishganiga, keyin Jasur axlatxonaning yonida Islomning yuziga musht tushirganini soʻzlab berdi.

"Men hech narsaga tushunmasdim. Nima boʻlyapti, deb soʻrasam, hech kim javob bermasdi",  dedi u.

Begzodning koʻrsatmalariga koʻra, hammani tashqariga chiqargan aslida Jasurligi ayon boʻldi.

"Jasur Islomni koʻchaga taklif qildi. Islom bilan barsetkani tashlashga ketayotganimizda, "Jasur bilan toʻgʻri yoʻl bilan gaplashib ol", deb tayinladim. Koʻchaga chiqsak,  3-kurs Timur va Hurmat, Jasur bilan Timur turishgan ekan", — hikoyasini davom ettirdi guvoh.

Begzodning aytishicha, Jasur bilan Islom urushib-urishib, shu yerdagi devor atrofiga oʻtib ketishgan. Shu bois, yigitlar bir-birlariga qanday zarba berishganini u koʻrmagan.

Mojarodan keyin Hurmat suv olib kelgach, Jasurning yuz-qoʻllarini yuvdik. Yoʻlda podvalga tushganimizda esa Jasurning qornida qizil oyoq izini koʻrdim. "Qorning ogʻrimayaptimi desam, yoʻq, burnim ogʻriyapti dedi", deya voqealar ketma-ketligini eslashda davom etdi Begzod.

Begzodning soʻzlariga koʻra, uning travmotologiyaga olib boraymi, degan taklifiga Jasur unamagan. "Qornim ogʻriyapti, hojatga borgim kelyapti" degan gapidan soʻng Timurga qoʻngʻiroq qilib, Jasurning sumkasini olib kelishini soʻradim", dedi Begzod.

Begzodning soʻzlariga koʻra, Borovskiy kolleji talabalari 4 may kuni Jasur Ibrohimov reanimatsiyaga tushganidan xabar topishgan.

Shu kunning oʻzida Borovskiy kollejiga oper kelib, yigitlarni soʻroq qilgan.

Shundan soʻng ular IIBBga olib ketilgan va oʻsha yerda hammasidan koʻrsatma olishgan.

Guvoh advokat tomonidan berilgan "Sizlar bilan mojarodan keyin Islom Toʻlaganovning otasi alohida gaplashganmi?" degan savolga rad javobini berdi.

"125 kg vazningiz bilan shu ikki yigitni ajrata olmadingizmi? Oʻzingizni shu hodisada bir oz xatoga yoʻl qoʻydim" deb hisoblaysizmi, degan savollarga Begzod Sobirov "biz hammasi bunaqa yakun topadi deb oʻylamagandik" deya taʼkidladi.

Sudya sud jarayoni yakunida jarayonda ishtirok etuvchi guvohlar soni koʻpayib ketganini maʼlum qildi. Keyingi sud majlisi payshanba — 5 oktyabrga belgilandi.
Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular