14:52 23 Oktyabr 2017
Efir
Jasurbek Ibragimov

Vrach koʻrsatmasi: Jasur Ibrohimov kasalxonaga ogʻir ahvolda olib kelingan edi

NUZ.UZ
Jamiyat
Havola olish
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)
146201

Vrachlarning koʻrsatmalariga koʻra, Jasur Ibrohimov kasalxonada boʻlgan vaqtida aslida nima boʻlganini yashirgan. "Men oʻgʻil bolaman" degan gapni aytib, jarohatlarni "tsement ariqqa yiqilgani tufayli olganligini" takrorlagan

TOSHKENT, 6 okt — Sputnik. Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida oʻta shafqatsiz tarzda kaltaklanib, olgan jarohatlari oqibatida kasalxonada olamdan koʻz yumgan Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimov ishi boʻyicha beshinchi sud majlisi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Sudlanuvchilar kursisida oʻtirgan Islombek Toʻlaganov Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 104 moddasi 3 bandi (qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish va bu orqali jabrlanuvchining oʻlimiga sababchi boʻlish) boʻyicha ayblanmoqda.

Bu galgi sud majlisida shifokorlar: 2-sonli shahar bolalar jarrohlik shifoxonasi bosh vrach yordamchisi T. Hasanov va reanimatsiya boʻlimi boshligʻi M. Toʻlkunovna guvohlik berishdi.

Tohir Hasanov sudda 3 may kuni navbatchilikda boʻlganida, soat 22.30 da shifoxonaga Jasur Ibragimovni ogʻir ahvolda olib kelishgani haqida soʻzlab berdi.

Bemorning shok holatdaligi, rangi oqarganligi, qorin qismida ogʻriq boʻlgani va umumiy ahvolini inobatga olgan holda uni intensiv davolash yaʼni reanimatsiya boʻlimiga yotqizishga tavsiya etdim, deb aniqlik kiritdi vrach.

Hasanovning soʻzlariga koʻra, Jasur koʻrikdan oʻtkazilgach: qoʻshma jarohat — bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi qoʻyilgan. Bundan tashqari Ibrohimovning peshona sohasida koʻkarish, boʻyni, koʻkrak qafasining old qismi, qornining old tomonida qizarishlar, yumshoq toʻqimalarning ezilishi, teri osti gematomalari va qontalashlar, shilinishlar, kindikning yuqori qismida tufli iziga oʻxshash uzunchoq shaklda iz borligi kuzatilgan. 

Jasur bir oz oʻziga kelgach, vrach undan nima boʻlganini soʻragan. Jasur "beton ariqqa yiqildim", deb javob bergan.

Vrachning "Jasur, tanangdagi koʻplab jarohatlar yiqilib tushganingga toʻgʻri kelmaydi, menga rostini ayt", degan gapiga Ibrohimov "men yiqilganman, xohlasangiz tilxat yozib beraman", deb oʻz javobida qatʼiy turib olgan.

Shifokorning soʻzlariga koʻra, oradan bir oz vaqt oʻtib, Jasurning qornida ogʻriq kuchayganligi tufayli qoʻshimcha lateropozitsiya rentgen oʻtkaziladi. Shunda bemorning kovak aʼzolarida havo borligi(ichki aʼzolarning teshilishi) aniqlangan va bemorga operatsiya tavsiya etilgan.

Operatsiya 5 may kuni vrachlar Butovchenko va shoshilinch boʻlim mudiri Qurbonov tomonidan oʻtkazilgan. Operatsiya davomida oshqozon osti bezi va oʻt yoʻllarining ichakka ochiladigan sohasida yorilishi aniqlangan. Vrach soʻzlariga koʻra, bu boradagi operatsiyalar eng ogʻir hisoblanadi. Chunki oshqozon tomonidan ajratiladigan sok (zaharli modda) jarohatning bitishiga toʻsqinlik qiladi va tikilgan joy ochilib ketishiga sabab boʻladi.

Vrachning aytishi boʻyicha, bunday opreatsiyalarda bemorning tuzalishi-tuzalmasligi 5 kun ichida maʼlum boʻladi(choklar ochilishi xavfi boʻladi). Jasur operatsiyadan yaxshi chiqqaniga qaramay, oradan 5 kun oʻtgach oʻsha asorat kuzatilgan.

Vrach Hasanovning bergan koʻrsatmasiga koʻra, shifokorlar organizmga tushayotgan zaharni (sokni) otsos orqali olib tashlashga harakat qilishgan. Ammo Jasur tez orada respublika shoshilinch klinikasiga oʻtkazilgan. 

Vrach sudda Jasur olgan jarohatlar borasidagi savoliga javob berar ekan, bemor aslida baquvvat bola boʻlganini, shu bois boshida "buni bir nechta odam urgan" degan fikrga kelganini aytdi.

"U yakkama-yakka urushganida, tanasida bunchalar koʻp toʻmtoq jarohatlar boʻlmasdi, deb oʻylagandim, ammo bu xulosa emas, boshida xayolimga kelgan fikr", — deb taʼkidladi shifokor.

Vrach shuningdek, sud jarayonida Jasur reanimatsiya boʻlimida yotganida, sudlanuvchi kursisida oʻtirgan Islombek Toʻlaganovning otasi Jasurning yoniga "dodasi" tariqasida kirganidan xabardorligini, u bu haqda keyin eshitib qolganligini tasdiqladi.

Reanimatsiya boʻlimi boshligʻi M. Toʻlkunovna Jasurning oʻlishi hech qachon xayoliga kelmaganini aytdi.

"Biz uning tuzalishiga ishonardik", — deb taʼkidladi ayol oʻz koʻrsatmalari oxirida.

Mavzu:
Toshkentda kollej talabasining urib oʻldirilishi (23)

Asosiy mavzular