14:25 24 Oktyabr 2017
Efir
Pustoye kreslo

Toshkent yuridik kolleji direktori qator ayblovlar bilan ishdan boʻshatildi

Sputnik / Mixail Voskresenskiy
Jamiyat
Havola olish
61901

U "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan ham mahrum qilingan

TOSHKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Temirova "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oʻzbekiston adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda bildirilishicha, adliya vazirining buyrugʻiga asosan Toshkent yuridik kolleji oʻqituvchilarining murojaati yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazildi.

Xizmat tekshiruvi davomida Toshkent yuridik kolleji faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirishda N.Temirova tomonidan kadrlarni ishga qabul qilishda qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻyilganligi, xodimlarni ishga qabul qilish, ishda qoldirishda taʼmagirlik va qonunbuzilishlar mavjudligi, xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari asossiz qoʻllanilganligi, kadrlar qoʻnimsizligi yildan-yilga oshib borganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, oʻquv jarayonida hamda bitiruvchilarga diplom berishda qonunchilik talablari buzilgan, ish yuritish va ijro intizomi masalasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashilgan, topshiriq va koʻrsatmalarning tizimli ravishda bajarilmagan hamda boshqa bir qator qoʻpol xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Shuningdek, kollej mehnat jamoasi oʻrtasida guruhbozlik va nosogʻlom muhit shakllanganligi, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarning oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi va rahbar xodimlarning oʻz xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida 2017 yil 6 oktyabr kuni oʻquvchilar tomonidan kollej hududida ogʻir jinoyat sodir etilgan.

Oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga koʻra, Toshkent yuridik kolleji direktori N.Temirova tomonidan bir qator qonun hujjatlari talablari buzilgan deb topilgan.

Xizmat tekshiruvi davomida aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi hamda bugungi kunda ular tomonidan kollejda tegishli oʻrganishlar olib borilmoqda.

7 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Adliya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarining masʼul rahbar xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda kollej rahbariyati tomonidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar kollej xodimlari va oʻqituvchilari ishtirokida muhokama qilinib, tashkiliy masala koʻrildi.

Yuqoridagilarga asosan, ish faoliyatida yoʻl qoʻygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Sabirovna Temirova "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Asosiy mavzular