16:39 21 Noyabr 2017
Efir
Flagi stran-uchastnits konferentsii po obespecheniyu bezopasnosti i ustoychivogo razvitiya v Tsentralnoy Azii

Markaziy Osiyoning kelajagi ahillik va oʻzaro hamkorlikka bogʻliq

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Jamiyat
Havola olish
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)
27520

Mintaqadagi mamlakatlar savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda xavfsizlik va barqarorlik masalalarida oʻz salohiyatini faqatgina oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik orqaligina hayotga samarali tatbiq eta oladilar,deb taʼkidladi Mirziyoyev

TOSHKENT, 10 noya – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferentsiyada soʻzlagan nutqida mintaqa kelajagi xususida toʻxtalib oʻtdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Prezident BMTga va shaxsan tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterreshga mazkur forumni oʻtkazishga yordam bergani va Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun alohida minnatdorlik izhor etdi.

Mirziyov ushbu zalda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarini koʻrib turganidan mamnunligini bildirdi va bu kabi voqea hamisha ham boʻlavermasligini qayd etdi.

Oʻzbekiston prezidenti Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Afgʻonistondan tashrif buyurgan oliy darajadagi mehmonlarni hamda MDH mamlakatlari, SHHT, YEXHT vakillari hamda boshqa hamkorlik tashkilotlari vakillarini samimiy qutladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu konferentsiyaning ahamiyati va dolzarbligi uning nomida oʻz aksini topganligini taʼkidladi.

"Mintaqamiz xalqlari ming yilliklardan buyon mavjud qardoshlik va ahil qoʻshnichilik rishtalari bilan bogʻlangan. Bizni yagona din, tarix, madaniyat va anʼanalar birlashtirib turadi.

Yevroosiyo yuragida joylashgan bu mintaqa Yevropa va Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyonini birlashtirib turguvchi koʻprik vazifasini oʻtaydi. Rossiya va Xitoy singari yirik davlatlar bilan chegaradosh.

Mintaqa tabiiy resurslarga boy. Bu yerda koʻplab davlatlar va butun boshli mintaqalar rivojlanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatgan oʻta noyob madaniy-tsivilizatsiyaga oid salohiyat toʻplangan", dedi Oʻzbekiston prezidenti.

Mirziyoyev shu bilan birga Markaziy Osiyoda dunyodagi buyuk davlatlar manfaatlari kesishishini ham taʼkidladi.

"Mintaqa nobarqaror va mojarolar oʻchoqlariga tutash. Yaqin va olis davlatlarda roʻy berayotgan mojarolar salbiy taʼsirini oʻzida his etadi.

Shunday ekan, mintaqada vaziyat qay tarzda rivojlanadi, degan haqli savol tugʻiladi.

Mojarolar va qarama-qarshiliklar stsenariysi boʻyichami? Yoxud hamkorlik va rivojlanish yoʻlidan boradimi?", deya fikr bildirdi Oʻzbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev umumiy soni 70 million nafardan ortiq ushbu mintaqa kelajagi Markaziy Osiyodagi har bir davlat tomonidan shakllantirilishini qayd etdi.

"Bizning qatʼiy ishonchimizga koʻra, mintaqa rivojlanishi va taraqqiyoti hamkorlik qilishga boʻlgan astoydil xohish va harakatga, shuningdek, Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarning umumiy tarixga nisbatan boʻlgan masʼuliyat hissiga bogʻliq.

Oʻzbekiston mavjud kelishmovchiliklar nihoyatda qisqa vaqtda hal etilishi tarafdoridir. Oʻzbekiston oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar yanada mustahkamlanishini xohlaydi.

Mintaqadagi mamlakatlar savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda xavfsizlik va barqarorlik masalalarida oʻz salohiyatini faqatgina oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik orqaligina hayotga samarali tatbiq eta oladilar.

Ishonchim komilki, bundan hamma — Markaziy Osiyo davlatlari qatorida boshqa davlatlar ham faqat yutadi", deb taʼkidladi Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida oʻtkazilayotgan mazkur forum Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash masalalariga qaratilgan.

Anjumanda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, YEXHT, SHHT, MDH, YETTB kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, taniqli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jami 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Ikki kun davom etadigan forumda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik surʼatini oshirishning aniq yoʻnalishlari, shuningdek, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi.

Mavzu:
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)

Asosiy mavzular