12:12 18 Dekabr 2017
Efir
Vladimir Norov

Vladimir Norov: Markaziy Osiyo — rivojlangan va yetarli imkoniyatlarga ega mintaqa

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Jamiyat
Havola olish
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)
43730

Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Sputnik muxbiri bilan suhbatda hamkorlik istiqbollari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yangi shakldagi hamkorligining ustun jihatlari haqida soʻzlab berdi

TOSHKENT, 15 noya — Sputnik, Dmitriy Klyuchevskiy. 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan anjumanda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari hamda ekspert va diplomatlar Markaziy Osiyo beshligi uchun davlat rahbarlari darajasida muloqotning yangicha shakli zarur degan yakdil xulosaga keldilar.

Sputnik muxbiri Markaziy Osiyo ichida hamda uning tashqarisidagi hamkorlik istiqbollari haqida Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov bilan suhbatlashdi.

— Siz rahbarlik qilayotgan institut rossiyalik hamkasblar bilan qanday hujjatlar imzoladi, qaysi yoʻnalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash koʻzda tutilmoqda?

— Biz yanada mustahkam aloqalar oʻrnatish va birgalikda ekspert tadbirlarini tashkil etish maqsadida Rossiya prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik memorandumini imzoladik. 2018 yilning birinchi choragi nihoyasida davra stoli oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yilning aprelida Moskvaga tashrifi yakunlariga koʻra barcha sohalarda kelishuvlarga erishildi, bir necha milliard dollarlik oʻnlab shartnomalar imzolandi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Bizning vazifamiz hali ochilmagan, ayniqsa Rossiya hududlaridagi salohiyatni baholashdir. Aynan shu maqsadda RSTI bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Bu birinchi navbatda iqtisodiy va investitsion hamkorlik bilan bogʻliq, lekin boshqa yoʻnalishlar ham bor.

Siyosiy muloqotlarga keladigan boʻlsak, Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlari oʻrtasidagi ishonch va bir-birini tushunish yuqori darajada ekanligi kuzatilmoqda. Strategik va ittifoqchilik hamkorligi boʻyicha ilgari erishilgan kelishuvlar hozirda amaliy ifodasini topmoqda.

— Sizningcha, Rossiya va Oʻzbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasiga umumiy tahdid solib turgan qaysi xavf-xatarlar tashvishga solmoqda?

— Birinchi navbatda, bu Afgʻonistondagi vaziyat, terrorchi va ekstremistik guruhlarning faollashuvi ehtimoli, shu bois bu masalada kuchlarni birlashtirish juda muhim hisoblanadi.

Ikkinchi yoʻnalish – bu Rossiyada boʻlib turgan mehnat migrantlarining ekstremistik yoki terrorchi guruhlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish. Sankt-Peterburg va Nyu-Yorkdagi fojiali voqealar bu masalaning oʻta dolzarb ekanligini koʻrsatmoqda. Jahon ekspertlari Oʻzbekiston fuqarolari radikal oqimlar taʼsiriga respublika tashqarisida tushib qolishayotganini tan olishmoqda. Mamlakatimizda yoshlarning ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish boʻyicha samarali tizim allaqachon ishlab chiqilgan. Bunda mahalla oʻz-oʻzini boshqaruv instituti hamda diniy taʼlim tizimi muhim rol oʻynadi. Bizda islomning asl qadriyatlari borasida aniq tasavvurga ega minglab imom-xatiblar boʻlib, ular aholiga, ayniqsa yosh avlodga taʼlim berib kelmoqdalar. Ular insonga maʼnaviy quvvat beruvchi maʼrifatli islom dinining oʻziga xos targʻibotchilaridir.

— Anjumanda Markaziy Osiyoning birlashishi borasida takliflar boʻldi, mazkur mintaqa davlatlari oʻz kelajaklarini oʻzlari shakllantirishga tayyor ekanligi haqidagi qarashlar bildirildi. Ammo ayrim qarama-qarshiliklar ham mavjud, tashqi kuchlarning taʼsiri va manfaatlarini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Ushbu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashish istiqboli qay darajada?

— Forumda Markaziy Osiyo jahonning yetakchi markazlari – Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Pokiston oʻrtasida bufer hududi rolini bajarishi haqidagi fikr yangradi. Markaziy Osiyo xalqaro eʼtibor markazida ekanligi, maʼlum bir geosiyosiy raqobatni keltirib chiqarishining ajablanarli joyi yoʻq.

Shu bilan birga Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar, ayniqsa Oʻzbekiston oʻtgan chorak asr davomida teng masofali tashqi siyosatni ishlab chiqishga erishdi. U bir davlat bilan boshqa davlat manfaatiga ziyon yetkazmagan holda hamkorlik qilishga asoslangan.

Shu tarzda Yaponiya yoki Koreya "Markaziy Osiyo davlatlari plyus Koreya yoki Yaponiya" shaklini taklif etsa yo boʻlmasa "YEI+Markaziy Osiyo" shakli taklif etilsa, bu shakllar mavjud xalqaro maydonlar, masalan, Rossiya tashkiliy davlat hisoblangan MDHga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Xitoy, yaqindan buyon Hindiston va Pokiston ishtirok etuvchi SHHT borasida ham vaziyat shunday.

Aynan MDH va SHHT Markaziy Osiyo davlatlariga koʻplab masalalar – mintaqaviy va xalqaro masalalarda oʻz qarashlarini yaqinlashtirish imkonini berdi hamda xavfsizlik va barqarorlik, transport-logistika tizimini rivojlantirish boʻyicha umumiy manfaatlarga ega boʻlishini taʼminladi. Bir tarafdan Rossiyaning tashabbusi — "shimol-janub" loyihasi boʻlsa, ikkinchi tarafdan Xitoy taklif etgan "sharq-gʻarb" transport yoʻlagi bor. Lekin ular bir-biriga zid emas, aksincha, bir-birini toʻldiradi.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa miqyosida birgalikda harakat qilishi, maslahatlashishi lozim degani mazkur besh davlatdan tashqaridagilar bilan qarama-qarshi boʻlish degani emas. Bizning uchrashuvlarimiz ochiq tusda boʻladi va hech kimning manfaatiga qarshi qaratilmaydi.

Yetakchi hamkorlar – Rossiya va Xitoy, AQSH va Yevroittifoq hamda Hindiston va boshqa davlatlar bizning oʻzaro munosabatlarimiz hech qachon boshqalar manfaatiga tahdid solmasligini yaxshi anglashadi. Mintaqa ichida ham, jahonning yirik markazlarida ham birdamlik mana shundan kelib chiqadi. Ular bugungi Markaziy Osiyo — rivojlangan va yetarli imkoniyatlarga ega mintaqa ekanligini bilishadi.

Hozircha yechimi noaniq masalalarni esa ekspertlar darajasida hal qilamiz. Oktyabr oxirida biz Oʻzbekiston-Qozogʻiston forumini oʻtkazdik, hozirda esa mintaqaviy forumni tashkil etish va barcha ishtirokchilarni jalb etish uchun uning tamoyillarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdamiz. Biz barcha mavjud murakkabliklarni oʻrganib chiqamiz va ekspert tahlili hamda u yoki bu masalani yechish boʻyicha takliflar tayyorlaymiz.

— Mintaqa davlat rahbarlari uchun SHHT yoki MDH tamoyillari boʻyicha muzokaralar maydoni tayyorlash kerakmi yoki doimiy joy tanlagan yaxshimi?

— Anjumanda Qozogʻiston TIV rahbari Markaziy Osiyo rahbarlarining ana shunday birinchi uchrashuvini Navroʻz bayrami arafasida Astana shahrida oʻtkazish taklifi bilan chiqdi. Keyinchalik esa qaysi davlat oʻz maydonini taklif qilishiga qaraladi. Oʻzbekiston bunday uchrashuvlar faqatgina oʻz hududida oʻtkazilishi kerak degan qarashdan yiroq.

Bunday shaklda hech qanday kotibiyat boʻlmaydi, hammasi kim taklif etadi tamoyili asosida boʻladi. Shunga muvofiq, mezbon davlat barcha tashkiliy masalalarni oʻz zimmasiga oladi, asosiy kun tartibi va boshqa jihatlarni tayyorlaydi. Ishonchim komil, bunday uchrashuvlar mintaqadagi barcha davlatlarning oʻzaro munosabatlari yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Mavzu:
Samarqanddagi Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan xalqaro anjuman (19)

Asosiy mavzular