12:13 18 Dekabr 2017
Efir
Zaklyuchennыe v kolonii

Prezident farmoniga binoan kimlar afv etiladi

Sputnik / Maksim Blinov
Jamiyat
Havola olish
298752

Oʻzbekiston prezidenti tomonidan mamlakat tarixida ilk marotaba 2700 nafar mahkumni afv etish toʻgʻrisida farmon qabul qilindi

TOSHKENT, 7 dek – Sputnik. 6 dekabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi. Prezident matbuot xizmati ushbu farmonga sharh berdi.

Sharhda aytilishicha, qonunga rioya qilmagan, biroq oʻz qilmishining qonunga xilofligini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga oʻz oilasiga va jamiyatga qaytishi, ijtimoiy moslashish imkoniyatining berilishi oʻzbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarining amaldagi yorqin ifodasidir.

"Shu paytgacha har yili amnistiya toʻgʻrisida hujjatlar qabul qilingan. Taʼkidlash joizki, amnistiya ozodlikka chiqariladigan shaxslarning aniq guruhini belgilamaydi. Amnistiya toʻgʻrisidagi aktda faqat jinoyat turlari koʻzda tutilib, ozodlikka chiqariladigan shaxslar amnistiya toʻgʻrisidagi hujjat ijrosini taʼminlash jarayonida aniqlanadi.

Amnistiya aktidan farqli ravishda, afv etish masalasini hal etishdan oldin har bir mahkumning shaxsi, ular tomonidan sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi, sodir etilish holatlari va oqibatlari, yetkazilgan zararning qoplanganligi, shuningdek, jabrlangan tomon va jamoatchilik munosabati har tomonlama va puxta oʻrganib chiqiladi", deyiladi sharhda.

Sharhda bildirilishicha, Oʻzbekiston prezidenti tomonidan mamlakat tarixida ilk marotaba 2 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish toʻgʻrisida farmon qabul qilindi.

"Ushbu farmon bilan afv etiladigan mahkumlarga tez kunlarda oʻz oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlish imkoniyati yaratildi", deyiladi sharhda.

Eslatib oʻtamiz, 2017 yil 29 sentyabrda prezident tomonidan "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoyish qabul qilindi.

Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazish orqali ularning shaxsini oʻrganib chiqdi.

Oʻrganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga, uning oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligiga, jinoyat natijasida yetkazilgan zararning qoplanganligiga, yoshi, sogʻligiga, oilaviy ahvoliga va yengillashtiruvchi boshqa holatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha oʻrganildi.

Asosiy mavzular