06:43 19 Yanvar 2018
Efir
Gulnara Karimova

2017 yilning eng shov shuvli hodisa va jinoyatlari

© Sputnik/ Valeriy Levitin
Jamiyat
Havola olish
1328783

Sputnik tahririyati 2017 yil davomida Oʻzbekistonda sodir etilib, ommaviy axborot vositalarda keng yoritilgan va jamoatchilik oʻrtasida faol muhokama qilingan jinoiy huquqbuzarliklar va hodisalarni yodga olmoqda

TOSHKENT, 29 dek — Sputnik. 2017 yilda bir qator jiddiy jinoyatlar Oʻzbekiston aholisi eʼtibori markazida boʻldi. Bu jinoyatlar xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarda keng yoritilib, jamoatchilik oʻrtasida faol muhokama qilindi.

Sputnik tahririyati yil davomida sodir boʻlgan eng shov-shuvli jinoiy huquqbuzarliklar va mudhish hodisalarni eʼtiboringizga havola qiladi.

Gulnora Karimova ishi

Darhaqiqat, shu yil iyul oyida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimova ustidan ochilgan jinoyat ishlari oʻzbekistonliklar eʼtiborida boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama qilindi.

Jumladan, unga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov eʼlon qilingan. Unda qayd etilishicha, hozirda 12 ta xorijiy davlat hududida 1 mlrd 394,1 mln AQSH dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi mablagʻ legallashtirilgan. Gulnora Karimovaga Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov eʼlon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.

Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi Ibrohimov vafot etishi boʻyicha jinoyat ishi

2017 yil 3 may kuni Borovskiy tibbiyot kolleji talabalari oʻrtasida roʻy bergan va nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijiy OAVlar tomonidan keng yoritilgan sud jarayonidir.

2017 yil 3 may kuni Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji 2-bosqich talabasi 1999 yilda tugʻilgan Ibragimov Jasurbek Maxammadjon oʻgʻli tan jarohati olib, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan jarohatlari natijasida 2017 yil 1 iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan edi.

Jasurbek Ibrohimov oʻlimida ayblangan Islombek Toʻlaganov sud hukmi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Namanganda 3 kishi xojatxonada ogʻir gazdan zaxarlanishi

Shu yil iyul oyida Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanlarda yuz bergan voqeani esga olish lozim. Bir matoh tufayli uch kishining nobud boʻlganini eng ahmoqona oʻlimlar roʻyxatiga kiritish mumkin.

Jumladan, 13 iyul kuni Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida xojatxonasida ogʻir gazdan zaxarlanish sodir boʻlgan. Ushbu xonadonda yashovchi fuqaro G.Musaboyeva Samsung Galaxi J7 uyali telefonini uyidagi xojatxonaga tushirib yuborgan.

Shu kuni Musaboyeva tomonidan yollangan ishchilar A.Qirgʻizboyev va O.Murzaliyevlar telefonni olib chiqish uchun birin-ketin xojatxona tubiga narvon yordamida tushishgan va ogʻir gazdan zaxarlanib, xushdan ketishgan. Shundan soʻng, ayol ularni qutqarish uchun Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Qizilqiyoq QVPdan shifokor Q.Irisboyevni chaqirtirgan. Shifokor yollanma ishchilarni qutqarib olish uchun xojatxona tubiga tushayotib zaharlanib, xushidan ketgan.

Namangan viloyati FVB Qutqaruv otryadi qutqaruvchilari kelib tushgan xabardan soʻng qisqa muddat ichida voqea joyiga borib vafot etganlarni xojatxona tubidan olib chiqishgan. Fuqarolar A.Qirgʻizboyev va O.Murzaliyevlar voqea joyida fuqaro Q.Irisboyev esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.

Toshkentda 3 nafar voyaga yetmagan opa-singillar birin ketin vafot etishi

Shu yil noyabr oyi boshida Toshkentning Olmazor tumani, Beshqoʻrgʻon mavzeida (Tansiqboyev-3) istiqomat qiluvchi uch nafar voyaga yetmagan opa-singillar birin ketin vafot etdi.

Guvohlar aytishiga qaraganda, fojeadan oldin ular qiyma shashlik yeyishgan keyin kuchli qorin ogʻrigʻi boshlangan. Qarindoshlari ularga ogʻriqni yengillashtiruvchi dori berishsa-da, u yerdam bermagan. Opa-singillardan biri kasalxonaga ketishda, tez yordam mashinasi ichida jon bergan, ikki nafari ham keyinroq kasalxonada vafot etgan.

Bu holat yuzasidan Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Dekabr oyi boshlarida Toshkent shahar prokuraturasi toʻsatdan vafot etgan 3 opa-singil oʻlimi boʻyicha sud-tibbiy ekspertizasi natijalarini eʼlon qilgandi. Unga koʻra, qizlar gipotenziv dori vositasini (arterial qon bosimini tushiradigan) qabul qilishganidan keyin vafot etishganini tasdiqladi. Dori vositasini davomli qabul qilish natijasida, qizlarda kardiogen shok holati yuzaga kelgan.

Ruhiy xastalik shifoxonasidan qochgan jinoyatchilar

20 noyabr kuni Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan shifoxonasidan uch nafar bemor qochib ketgandi. Bemorlar Sherqul Omonov (oʻgʻrilik), Maʼruf Rashidov (qasddan badanga ogʻir tan jarohat yetkazish), Axror Xamroyev (giyohvand moddalarni koʻp miqdorda noqonuniy ravishda sotish) jinoyatlarini sodir etgan.

Tezkor qidiruv harakatlar natijasida shu kunning oʻzida 2 nafar bemor M.Rashidov, A.Xamroyev qoʻlga olindi. 21 noyabr kuni esa  Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, Chilonzor tumanida joylashgan "Abu Saxiy" bozori hududida shifoxonadan qochgan uchinchi shaxs Omonov Sherqul Safarovich qoʻlga olindi. Ushlash jarayonida, u yonida boʻlgan pichoq bilan ichki ishlar organlari xodimiga qurolli faol qarshilik koʻrsatib, unga tan jarohat yetkazdi.

Birozdan soʻng, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 3 nafar bemor qochgan Toshkent shahridagi ruhiy kasalliklar intensiv kuzatish shifoxonasi rahbariyati ustidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi mansabga sovuqqonlik bilan qarash boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

Kolbasaga qoʻshilgan eshak goʻshti va sifatsiz goʻsht

Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan "GOLD PREMIUM PRODUCT" MCHJga qarashli "Sharshara" nomli goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish tsexi ishchilari tomonidan eshak goʻshti boshqa goʻsht mahsulotlariga qoʻshilganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida Xorazm viloyatidan Toshkent shahriga 69,6 kg eshak goʻshti "Sharshara" goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish tsexiga oʻtkazish uchun olib kelinganligi aniqlangan hamda tsexda mavjud boʻlgan 275 kg goʻsht mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan. Tegishli mutaxassislarning xulosasiga koʻra, olib qoʻyilgan goʻsht mahsulotlari isteʼmolchilarning sogʻligi va hayoti xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishga qaratilgan zarur tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana bir holat, Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament va MXX xodimlari 10 yildan buyon Qashqadaryo viloyatidan Toshkent shahriga sifatsiz goʻsht mahsulotlari yetkazib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻydi.

Jinoiy guruhga Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, oxirgi yillarda Yangiyoʻl tumanida yashab kelgan 40 yoshli Bahrom Haydarov rahbarlik qilgan. Uyushgan jinoiy guruh aʼzolari mahalliy veterinar, qassob hamda dallollar orqali oʻlishi aniq boʻlgan kasal va harom oʻlgan mollar toʻgʻrisida maʼlumot toʻplashgan. Ana shunday har bir maʼlumot uchun 15 ming soʻmdan 50 ming soʻmgacha pul toʻlangan. Soʻngra yaroqsiz goʻshtning kilosi 10-15 ming soʻmdan sotib olingan. Sifatsiz goʻsht mahsulotiga Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani veterinariya boʻlimi xodimlari soxta maʼlumotnoma tayyorlab berishgan.

Goʻshtlar Toshkent va Zangiota tumanlaridagi yashirin tsexlarga keltirilgan. Bu tsexlarda isteʼmolga yaroqsiz goʻshtlar kimyoviy ishlov berilib, chiroyli koʻrinishga keltirilgan. Soʻngra kilosi 25-30 ming soʻmdan sotilgan. Guruh aʼzolari Toshkent shahriga har oyda 25-30 tonna sifatsiz goʻsht mahsulotlari keltirishgan.

Aniqlanishicha, bu goʻshtlar Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida faoliyat yuritadigan ayrim savdo markazlarida, jumladan, "Eski Joʻva" dehqon bozori, "Asl sifatli taʼm" MCHJ, YATT "Moʻminov Xusan Xursanjonovich"ga qarashli somsaxona, yakka tartibdagi tadbirkorlar "Fayziyev F.Z.", "Qosimov" va boshqalarga tegishli qassobxonalarda sotuvga chiqarilgan.

Asosiy mavzular