06:43 19 Yanvar 2018
Efir
Astrolog Pavel Glob

Munajjim 2018 yilda nimalar kutilayotganligini aytdi

© Sputnik/ Ramil Sitdikov
Jamiyat
Havola olish
1074315

Sputnik muxbiri munajjim Pavel Globaning kelajakni bashorat qilish boʻyicha seansida qatnashdi

TOSHKENT, 27 dek — Sputnik, Lev Rыjkov. Munajjim Pavel Globa kelayotgan 2018 yil juda yaxshi, urush va inqiloblarsiz oʻtadi, deb hisoblaydi. Shuningdek, dahshatli tabiiy ofatlar ham boʻlmas ekan.

Koʻrga hassadek

Pavel Globa — men ilgari faqat televizorda koʻrgan inson hayotda juda choʻrtkesar va qatʼiy odam ekan. U yana Comedy Club rezidenti Garik Martirosyanga judayam oʻxshab ketarkan.

Munajjimning matbuot anjumani Moskvada, Jurnalistlar markaziy uyida boʻlib oʻtdi. Zalda odam judayam oz edi.

Tanga emas, patnis tashlasangiz yerga tushadigan darajada oz edi.

Pavel Globa diqqatini bir joyga jamlagan holda edi. U oldiga bir uyum kitob qoʻydi. Munajjim dahshatli bashoratlarni aytish chogʻidagi tantanali-xoʻmraygan qiyofada edi. Troyaning halokati haqida aytayotganda Kassandraning koʻrinishi ham xuddi shunaqa boʻlgan boʻlsa kerak. Toʻgʻri-da, bunaqa paytda kulinmaydi.

Afsuski, men tantanali vaziyatga toʻliq eʼtiborimni qarata olmadim. Kerak boʻlmagan vaqtda komik Martirosyanni eslaganim uchun sahnada aynan uni tasavvur qila boshladim. Comedy boshlovchisi xuddi ana shunday qiyofada pianino chalishga oʻtirardi.

Pavel Globaning birinchi qilgan ishi yigʻilganlarga Ukrainada 2014 yilda urush boshlanishi va uning boʻlinib ketishi haqidagi bashorati chop etilgan "Exo planetы" jurnalining 2009 yildagi sonini koʻrsatish boʻldi.

Matbuot anjumanidan keyin hamkasblarimdan biri unga shubha bilan savol berdi: "Buni aynan siz bashorat qilganmisiz?"

Mana shu yerda Pavel Globa artistlik bobida Martirosyandan ham oʻtib tushdi. U jurnalning qaysidir sahifasini ochib, qaysidir matnga barmogʻini niqtadi va xitob qildi: "Mana! Koʻrga hassadek qilib yozib qoʻyilgan! Oʻqing!"

Bu judayam ajoyib chiqdi. Men boʻlsam hozirgi blokbasterlar davrida eski sovet aktyorlik maktabining yutuqlari hali ham oʻlmaganidan xursand edim. Bunday manzarani koʻrganida Stanislavskiy ham yigʻlab yuborar va "Ishondim" degan boʻlardi.

Urushlarsiz, lekin keskinlik bilan

Soʻzining boshidayoq Pavel Globa bashorat yulduzlarni kuzatish asosida tuzilmaganini bildirdi. Yulduzlarni kuzatadigan munajjim – bu shunchaki tasavvur xolos. 2018 yil uchun bashorat oʻnlab yillar davomida aynan It yilida sodir boʻlgan hodisalar asosida tuzilgan.

"Agarda bu hodisalarni tahlil qiladigan boʻlsak, qiziq qonuniyatlarga duch kelishimiz mumkin", — dedi munajjim.

Globaning fikricha, 2018 yilda shov-shuvli sud jarayonlarini kutish mumkin. Jahon tarixidagi eng shov-shuvli sudlardan biri It yilida boʻlib oʻtgan. 1946 yilgi Nyurnberg tribunali nazarda tutilmoqda.

Munajjim 2018 yilda 2020 yilga kelib davrlar oʻzgarishiga olib keladigan qandaydir ijtimoiy jarayonlar boshlanishini kutmoqda. Qudratli davlatlardan birida hokimiyat oʻzgarishi ehtimoli ham bor.

Rossiyada boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlari natijalari haqida hech narsani bashorat qilmagan Globa koʻplab jurnalistlarning hafsalasini pir qildi.

"Bashorat tuzishim uchun nomzodlarning soat nechada tugʻilganliklarini aniq bilishim kerak, — dedi munajjim. – Pasport va anketalarda esa bunday maʼlumotlar yozilmaydi".

Globa It yilida urushlar, inqiloblar va toʻntarishlar kutilmasligini aytdi.

"Hech qaysi it yilida bunday hodisalar sodir boʻlmagan, — ishontirdi u. — It yili – yangi davr oldidan oʻziga xos nafas rostlash".

Yakdil jamoa – ulkan imkoniyatlar

Matbuot anjumanidan keyin Globadan Sputnik oʻquvchilariga tilaklarini soʻradim.

"It yilida yagona jamoa boʻlganlarga oson boʻladi, — dedi Pavel Globa. — Jamoada boʻlish kerak boʻlgan murakkab davr kelmoqda. Kim bilandir birga boʻlish, umumiy manfaatlarni himoya qilish kerak. Va albatta jamoaning qoʻllab-quvvatlashiga suyanish lozim boʻladi. Sizni qoʻllab-quvvatlashganida istaklaringizni amalga oshirish uchun imkoniyat paydo boʻladi".

Asosiy mavzular