04:42 18 Yanvar 2018
Efir
Rasshirennoye zasedaniye Soveta bezopasnosti pri Prezidente Respubliki Uzbekistan

Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash bilan shugʻullanadi

Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Jamiyat
Havola olish
90050

Jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilish va inson huquqlarini roʻyobga chiqarish – Milliy gvardiyaning asosiy vazifasi boʻladi.

TOSHKENT, 11 yanv – Sputnik. Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi jamoat tartibini saqlash bilan shugʻullanadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.

Ushbu vazifani Milliy gvardiya oldida Shavkat Mirziyoyev qoʻydi. Xavfsizlik kengashi majlisida soʻzlagan nutqida Oʻzbekiston  prezidenti Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari va davlat va jamoat xavfsizligi sohasida oxirgi yillarda yuz bergan muammolar haqida shunday dedi:

“Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida taʼkidlash lozim.

Maʼlumki, bu maxsus harbiy boʻlinma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.

Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini taʼminlash tizimidagi muhim boʻgʻinga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatdi.

Afsuski, oxirgi 15-20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga notoʻgʻri yondashuv tufayli bu muhim masala eʼtiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha eʼtibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi boʻlmagan, bu masalalar bilan shugʻullanadigan boʻlinmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida boʻlib kelgan. Shu sababli ushbu boʻlinmalar oʻz oʻrnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash boʻyicha oʻquv mashqlari deyarli oʻtkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur boʻlgan paytda turli byurokratik toʻsiqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar oʻz vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan.

Holbuki, butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shugʻullanadi.

Maʼlumki, bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” kontseptsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini taʼminlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, yaʼni, Milliy gvardiya tashkil etildi. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya masʼul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Shu munosabat bilan Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, oʻzining bevosita vazifasi boʻlgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shugʻullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar boʻladi.

Hozirgi paytda Milliy gvardiya tomonidan qoʻshinlar faoliyatining samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, oʻz Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.”

Asosiy mavzular