06:45 19 Yanvar 2018
Efir
Migrantlar

Toshkentdagi qonuniy "mardikor bozor"lar va u yerdagi shart-sharoitlar haqida

© Sputnik/ Ilya Pitalev
Jamiyat
Havola olish
82910

Mavsumiy ish izlab Toshkentga keladigan yoki vaqtinchalik ish izlovchi fuqarolarni ish bilan taʼminlaydigan mehnat byurolari xalq orasida "mardikor bozor" sifatida mashhur. Bunday byurolar bugun poytaxtning sakkizta tumanida faoliyat yuritmoqda

TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahrining 8ta tumanida vaqtinchalik (bir martalik) ish bilan taʼminlash byurolari tashkil etilgan. Byurolarga murojaat qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, migratsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan turgan joyida hisobga olish ishlarini byuroning oʻzida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda, deb xabar qildi payshanba kuni Toshkent shahar IIBBda boʻlib oʻtgan brifingda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Sayfullayev.

"Mardikor bozor"lar joylashuvi

Sayfullayev mavsumiy ish izlovchi fuqarolarga xizmat koʻrsatish byurolari Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod, Shayhontohur, Chilonzor, Sergeli, Yashnobod, Olmazor va Uch-tepa tumanlarida joylashganini eslatib oʻtdi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu byurolarga 2017 yilning 12 oyi davomida 55 603 nafar fuqarolar murojaat qilgan. Xususan, dekabr oyining oʻzida 1451 nafar fuqaro murojaat etgan.

Byuro vazifasi

Byuroning asosiy vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlaridan Toshkent shahriga kelgan vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolarning mehnat faoliyatini tartibga solish, ular uchun zarur maishiy, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish va ularni bir martalik ishlar bilan taʼminlashga koʻmaklashishdan iborat.

Byuro shuningdek, aholi xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi boshqa hududlaridan kelgan fuqarolarni hisobga olish, ularning mehnat faoliyatini nazorat qilish kabi vazifalarni bajaradi.

Sayfullayevning aytishicha, har bitta byuroda ikki nafardan xodim — davlat xizmatchilari faoliyat olib boradi. Biri mehnat birjasi boʻlimlaridan boʻlsa, ikkinchisi Ichki ishlar idoralari xodimidir. Oʻtgan 2017 yilning dekabr oyidan boshlab, Boshqarma boshligʻining koʻrsatmasiga asosan, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlaridan bir nafar xodimlar ushbu byurolarga jalb qilingan.

Kimlarga xizmat koʻrsatadi?

Byuro 16 yoshga toʻlgan va bir martalik ish izlovchi fuqarolarga, shuningdek, shuningdek ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga Toshkent shahrida vaqtinchalik bir martalik mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi targʻibot tashviqot, hamda tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.

Ichki ishlar organlarining asosiy vazifasi vaqtinchalik ishga yollanuvchi fuqarolar hamda ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bir martalik ishlarni bajarishda oʻzini-oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda jamoat tartibi va pasport rejimi qoidalariga rioya qilishni nazorat qiladi.

Vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajarish uchun Toshkent shahriga kelgan fuqarolarning hisobini yuritadi, hisobga olingan bunday toifadagi shaxslarning oʻz vaqtida va qisqa muddatda byuroda yoʻnaltirish va bularni yuzasidan doimiy nazoratni oʻrnatadi.

Ishga yollangan shaxslarning ish manzillari boʻyicha doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatda turishi, ularda guvohnomalarning mavjudligini tekshirib boradi. Vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolar tomonidan qonun buzilishlari va huquqbuzarlik sodir etilishini oldini oladi.

Byuro guvohnomasini olish tartibi

Ushbu byuroga murojaat qilgan shaxs birinchi navbatda oʻzining fuqarolik pasporti va uning nusxasi, vaqtinchalik roʻyxatda turganligi toʻgʻrisidagi qayd varaqasi va 3x4 hajmdagi fotosuratini taqdim etadi. Fuqaro bergan hujjatlar koʻrib chiqilib, bir kunning oʻzida guvohnoma taqdim etiladi.

Mazkur guvohnoma oʻsha shaxsni Toshkent shahrida vaqtinchalik(bir martalik) ish bilan taʼminlash markazidan hisobdan oʻtganligini va Toshkent shahrida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun huquq beradi.

Fuqarolar noqonuniy "mardikor bozor"larni tanlamoqda  

Oxirgi vaqtlarda mana shu byurolarga murojaat qilayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar organlari tomonidan qonunga zid hatti-harakatlar, taʼmagirlik holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda, dedi Sayfullayev va bunday gap-soʻzlar amalda oʻz isbotini topmayotganini qoʻshimcha qildi.

Podpolkovnikning aytishicha, Toshkent shahrida Respublikaning turli viloyatlaridan kelib mavsumiy ish bilan shugʻullanuvchi fuqarolar aksariyat holatlarda poytaxt hududida faoliyat koʻrsatadigan byurolarda emas, aksincha, oʻzlari istagan joylarda, asosan yoʻl-qatnov qismlarida, oqibatida yoʻl-harakat qoidalari va jamoat tartibi qoidalarini buzish holatlariga sabab boʻlayotgan joylarda oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

"Sakkizta birjaning aniq manzili belgilab berilgan boʻlishiga qaramasdan, mavsumiy ish izlovchi fuqarolar Mirzo-Ulugʻbek tumanida Ahmad Yugnakiy kiyim bozori yonida, Yashnobod tumani Parkent bozori yonida, Eski Joʻvada, "Chorsu" dehqon bozori yonida koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, "Risoviy" koʻprik tagida va Qoʻyliq bozori atrofida mardikor bozorlarni hosil qilishgan", — dedi Sayfullayev hamda Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash maqsadida Ichki ishlar organlari naryadlari tomonidan bunday fuqarolarga nisbatan tegishli qonuniy choralar koʻrilayotganini qoʻshimcha qildi.

Havotirga oʻrin yoʻq

Ushbu byurolarga murojaat etgan fuqarolarning qonun va erkinliklarini taʼminlash, byurolarda xizmat olib borayotgan xodimlarning xatti-harakatini onlayn rejimida nazorat qilib borish maqsadida bevosita Bosh boshqarma rahbariyati topshirigʻiga asosan, har bitta byurolarga bir oy ichida hokimiyat bilan birgalikda videokuzatuv moslamalari oʻrnatiladi.

Har bitta Ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismlari oʻsha byurolarning faoliyatini nazorat qilishni taʼminlab beradi.

Asosiy mavzular