06:44 19 Yanvar 2018
Efir
Uzbekskiye sumы

Oʻzbekistonda aliment toʻlash tartibi oʻzgaradi

CC BY 2.0 / Peretz Partensky / Inflation
Jamiyat
Havola olish
132720

Agar aliment oldindan toʻlangan yoki ular toʻlovi taʼminoti uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa va garov miqdori eng kam ish haqining kamida 250 baravari miqdorida boʻlsa qarzdorning mamlakatdan chiqishiga nisbatan cheklov olib tashlanadi

TOSHKENT, 12 yanv – Sputnik. Mehnat kodeksi, Oila kodeksi va "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida"gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, deb xabar bermoqda uznews.uz "Norma.uz"ga tayanib.

2018 yil 11 iyuldan kuchga kiradigan mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq, axloq tuzatish ishlari tarzida jazoni oʻtayotgan xodimdan jazo va aliment boʻyicha undiruvlar miqdori koʻpi bilan 70%ga yetishi mumkin.

Biroq, ushbu ajratmalardan tashqari xodimdan majburiy tartibda soliqlar va majburiy toʻlovlar ham ushlab qolinadi. Bundan tashqari, mehnat intizomini buzganlik uchun ish beruvchi oʻrtacha oylik ish haqining 30%igacha (yoki ichki mehnat tartib- qoidalariga binoan 50%igacha) jarima tayinlashi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, xodimning ish haqidan umumiy ushlanmalar miqdori 70%dan oshadi.

Bolalar taʼminoti uchun aliment ota-ona ish haqining va (yoki) boshqa daromadining quyidagi miqdorlarini tashkil etadi: bitta bolaga – 1/4 (25%), ikkita bolaga — 1/3 (33,3%), uchta va undan ortiq bolalar uchun – 1/2 (50%).

Sud muayyan holatlarda bu miqdorlarni kamaytirishi mumkin, lekin undiriladigan alimentning eng kam miqdori har bir bola uchun eng kam ish haqining 75%ini (hozir – eng kam ish haqining 1/3 qismi, yaʼni 33%dan kamroq) tashkil etadi. Shu tarzda bitta bola uchun har oyda toʻlovlarning quyi chegarasi taxminan 2,25 marta oshiriladi.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentni bola voyaga yetguncha boʻlgan butun davrga (yaʼni 18 yosh) oldindan toʻlash ham mumkin boʻladi. Bunda aliment hisobiga koʻchmas, koʻchar mulkni yoki boshqa qimmatli ashyolarni berishga ruxsat etiladi. Mazkur holatda mol-mulk (ashyolar) uchun garov shartnomasi tuziladi.

Xabarda aytilishicha, agar aliment oldindan toʻlangan yoki ular toʻlovi taʼminoti uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa – chet davlatga chiqishda Oila Kodeksining 145-moddasi bilan koʻzda tutilgan kelishuvni tuzishga hojat boʻlmaydi.

Shuningdek, agar aliment oldindan toʻlangan yoki ular toʻlovi taʼminoti uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa va garov miqdori eng kam ish haqining kamida 250 baravari miqdorida boʻlsa qarzdorning mamlakatdan chiqishiga nisbatan cheklov olib tashlanadi.

Asosiy mavzular