06:47 19 Yanvar 2018
Efir
Goroda Mira. Tashkent

Propiska muhokamasi: nega viloyatdagi odamlar Toshkentdan uy ololmasligi kerak

© Sputnik/ Valeriy Melnikov
Jamiyat
Havola olish
236742

"Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha roʻyxatga qoʻyish tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini taʼminlash nazarda tutilgan

TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Toshkent shahriga "propiska" qilish masalasi qizgʻin muhokama qilinmoqda.

"Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining 28-bandida fuqarolarni doimiy va vaqtincha roʻyxatga qoʻyish tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini taʼminlash nazarda tutilgan.

Davlat dasturida keltirilgan har bir bandning izohlar sonini koʻrib chiqilganda eng koʻp muhokakamaga sabab boʻlayotgani aynan shu banddir. Mazkur band yuzasidan oʻzbekistonliklar eng koʻp fikr va takliflar bildirishmoqda. Odamlar "propiska" tufayli duch kelgan muammolarni yozishgan.

Ayrim izohlarni keltirib oʻtamiz:

Abdulatif Haydarov: "Propiska masalasini umuman yoʻq qilish kerak. Bu Oʻzbekiston fuqarolarini ikki xil toifaga ajratib qoʻymoqda. Propiskalilar oliy tabaqa propiskasizlar pastki taqa degandek. Chunki propiskasizlarga juda koʻp toʻsiqlar qoʻyilgan. Uy sotib olaman desa uy sotib ololmaydi, chunki uni propiskasi yoʻq. Propiskaga qoʻyaman desa, oʻz nomida uyi yoʻq juda kulguli holat bu. Yana ham qizigʻi uy olaman desangiz birovni nomiga olasiz bir umr shu odamdan xavotirda yashaysiz va oʻzingiz kimnidir nomiga sotib olgan uyingizga ijara shartnoma qilib, oʻz uyingizga pul toʻlab yashash eng alam qiladigan jihat. Taklifim shundaki, propiskani umuman yoʻq qilish kerak. Toshkentda odam koʻpayib ketadi degan vajni qilishadi. Toshkentda yashamoqchi boʻlgan odam baribir ham yuribdiku propiskasiz bori ham yoʻgʻi ham".

Marhabo Botirova: "Toshkent shahridan uy sotib olishni ham bemalol qilib quyish kerak, qurilish bahosi qancha boʻlsa, shuncha xohlagan Oʻzbekiston fuqarosi sotib olishi mumkin boʻlsin, hech qanaqa 2500 yoki 3000 barobar kerak emas. Kim oʻylab topgan boʻlsa ham".

"Toshkent viloyati va Toshkent shahriga doimiy roʻyxatga qoʻyish tartiblarini qayta koʻrib chiqish lozim. Toshkent shahridan uy-joy olish tartibi faqatgina Toshkent shahar doimiy propiskasi orqali amalga oshirish tartibini bekor qilish kerak. Nega endi viloyatdagi odamlar Toshkentdan uy ololmasligi kerak. Hozirda juda koʻplab insonlar uylarni Toshkent propiskasida boʻlgan tanishlarining nomiga olishgan. Bu koʻplab muammolarga sabab boʻlayapti", — deb izoh yozgan Ravshanov Rustam.

Bekzod Ibragimov esa quyidagilarni bildirgan: "Propiska tizimini yanada soddalashtirish kerak. Besh yildan ziyod Toshkent shahrida vaqtinchalik roʻyxatda turib, muqim joyda ishlayotganlarga ipoteka kreditlari asosida uy olish uchun ruxsat berish kerak. Qanchadan-qancha yaxshi kadrlar Toshkent shahrida olgan oyligini faqat ijara uyi uchun sarflab, biri ikki boʻlmayapti".

Saidov Akbarxoʻja: "Propiskasi boʻlmagan fuqarolarningToshkent shahrida uy-joy sotib olishga boʻlgan taʼqiq — bu mutlaqo konstitutsion normalarga zid holat. Jumladan, fuqarolarning mulkdor boʻlish va respublika hududida erkin koʻchish huquqining toʻsqinligi hisoblanadi. Ushbu loyihani mazkur huquqbuzarlikning yechilishi yoʻlidagi ilk qadam sifatida olqishlayman!".

Ravshan Kazakbayev esa bu masalada shoshilmaslik kerakligi haqida fikr bildirgan: "Menimcha, hozircha, hammasi joy joyiga tushguncha, Toshkent shahridagi baʼzi bir cheklovlar shunday qolgani yaxshiroq deb oʻylayman. Chunki shaharda ishsizlik darajasi yuqori ekanligini va viloyatlardan ish izlab kelgan ishsizlarning soni shundoq ham koʻp ekanligini hisobga olsa, shaharda ishsizlik yanada kuchayib, jinoyatlar soni oshishi mumkin. Ayniqsa Sirgʻali, Yashnobod tumanlari kabi chekka va Qoʻyliq bozori kabi tartibsiz joylarda. Bu mening fikrim, balki adashayotgandirman, qanday qaror chiqarish esa sizlardan".

Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fyqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqapmaci boshligʻining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Toshxoʻjayev Oʻza muxbiriga propiska masalasi hali oʻz yechimini topmasligini maʼlum qilgan.

Xususan nashrga bergan intervyusida "Propiska" haqiqatan dolzarb masala boʻlib turibdi. Davlat dasturi loyihasida belgilanganidek bu borada fuqarolarga zarur qulayliklar yaratiladi. Lekin "propiska"ni butunlay bekor qilolmaymiz. Bunga alohida tayyorgarlik zarur. Barcha hududlarning birdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi bir kun kelib bunga oʻz-oʻzidan zamin yaratadi", — deb aytgan u.

Asosiy mavzular