06:35 20 Oktyabr 2017
Efir
Sbornaya Uzbekistana po futbolu v matche s Iranom

Oʻzbekiston termasiga: Buncha yomon oʻynamasding-ku, Uyalmading, yuzing beparda

twitter / UzbekistanFF
Sport
Havola olish
1892202

Oʻzbekiston terma jamoasining kechagi magʻlubiyati barchaning yuragiga oʻqdek botdi - futbolga ixtisoslashganu ixtisoslashmagan saytlar alamli maqola va sheʼrlarga toʻlib-toshdi

TOSHKENT, 13 iyun — Sputnik. Kecha futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionati saralash oʻyinlari 3-bosqichi doirasida Eron terma jamoasiga 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchragach, futbol muxlislarining sabr kosasi toʻlib-toshdi. Futbolga ixtisoslashgan qator saytlarda ishqibozlarning terma jamoa va oʻyin haqidagi fikrlari, jurnalistlarning bu boradagi mulohazalari chop etildi.

Jumladan, Dilmurod Jumaboyev shunday yozadi:

"Eronni yutishimizga kim ishongandi? Hech kim!!! Sababi oddiy — jamoa boshida Samvel Babayan bor ekan, bu jamoa hech bir natijaga erisha olmasligi barchaga koʻpdan ayon edi. Oʻtgan turda Suriyaga imkoniyatni boy bergach, Samvelning kavushini toʻgʻrilash kerak edi oʻzi aslida. Yangi murabbiy bilan Tehronda yigitlar boshqacha oʻyin koʻrsatishlari aniq edi…

Samvel Babayanning Eronga magʻlubiyatdan soʻng matbuot anjumanidagi soʻzlariga qarang: "Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qoldi. Qolgan ikki oʻyinda sifatli oʻyin koʻrsatib, bor kuchimizga ishga solgan holda gʻalaba qozonishimiz va oldinga intilishimiz kerak". Uyat ham yoʻq! Ikki oʻyindan soʻng Qatardagi jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyatlar haqida gapirsa kerak.

Erondagi oʻyinni qarang: bu yigitlar boshqacha oʻynay oladi shubhasiz. Texnikalari oʻzgarmas balki, tezlikni tabiat inʼom etganidan ortigʻini kutish keraksiz, biroq murabbiy degani jamoaga ishonch berishi kerak, uning aytganini, koʻrsatmasini bajarsak, yutamiz albatta, degan fikr boʻlishi kerak futbolchilarda.

"Ozodi"da esa oʻyinga berilgan koʻrsatma "yutishimiz kerak, yo boʻlmasa hech boʻlmaganda durang kerak bizga" shaklida boʻlganga oʻxshaydi. Yigitlar harakat qilishdi, biroq har kim "Vatan uchun" deb oʻz holicha oʻynadi, taktika degan narsa umuman koʻrinmadi.

…Vatanim deb, oʻzbek futboli shaʼni deb jon kuydiradigan, shu bilan birga qoʻlidan ish keladigan murabbiylarimiz koʻp emas oʻzi. Bir nechtasi bosh murabbiylik qilib ham koʻrishdi terma jamoada. Hozircha imkon berilmaganlardan Igor Shkvirin qoldi. Agar guruhda hech boʻlmaganda uchinchi oʻrinni saqlab qolaylik deydigan boʻlsak, ertagayoq murabbiyni yangilashimiz kerak!"

Shahboz Begʻamov esa quyidagicha fikr bildirgan:

Yutqazganimiz bu katta bir shov-shuv emas. Babayan qoʻl ostida Suriyaga yutqazdik, Eronga oʻzimizni uyimizda yengildik. Tehronda Eronga imkoniyatni boy berishni kutilmagan natija demagan boʻlardim. Shunchaki Toshkentda ham, Tehronda Eron darvozasi tomon birorta ham aniq zarba bera olmaganimiz, xavfli hujum sodir etolmaganimiz, hujum chizigʻida gol urmasa ham oʻynaydigan Sergeyevni oʻrniga futbolchi tushirmaganimiz alam qildi.

Endi qarang, oʻzi shundoq ham chap qanotimiz Denisovning jarohatidan keyin kuchsizlangandi. Andreyev uning ikkinchi muqobil varianti edi. Stasning jarohatidan keyin Sayfiyev tushsa, nisbatan Shorahmedovdan koʻra chap qanotda foydaliroq edi. Chunki chap qanot Sayfiyev har doim oʻynab yurgan joy. Bu jarohat, yana bir yoʻqotish kamlik qilgandek, majburiy oʻzgarishdan keyingi tanlov ham yoʻqotishlarning davomi boʻldi. Davron Hoshimov aslida kichik jarohati tufayli zaxiraga qoldirilgan va oʻrniga Shorahmedov tushgandi.

Shorahmedovning chap qanotga oʻtishi, kichik jarohati bilan oʻynagan Hoshimovning oʻngdan joy olishi himoyadagi ikkala qanotlarimizni kuchsizlantirdi. Chap qanotdagi yoʻqotishni oʻrnini qoplaymiz deb, oʻng qanotni ham, chap qanotni ham kuchsizlantirdik.

Vaholanki oʻshanda Andreyevning oʻrniga Sayfiyevni tushirish orqali masalani osonroq yechsa boʻlardi. Yoʻq, biz chigalroq, tushunarsiz qarorlarni qabul qiladigan Babayanning oʻjarligiga guvoh boʻldik.

Tarkibdagi jarohat olgan futbolchilarimizning yoʻqligi magʻlubiyatga sababchi, buni baxona sifatida koʻrsatish yaramaydi. Bu qandaydir klub emas, tarkibdagi mavjud futbolchilardan bittasi jarohat oladi va uning oʻrnida munosib zaxira futbolchisi boʻlmasa. Bu terma jamoa. Oʻzbekiston terma jamoasida chap qanotda oʻynay oladigan futbolchilar yetarli. Faqat ularni barcha jarohat olganda nomiga chaqirish emas, balki chaqirgandan keyin majbur boʻlganda hech boʻlmasa maydonga tushirish, ularning imkoniyatini koʻrish kerak.

Jarohat olgan futbolchilarni yoʻqligi, yoki boshqa sabablar emas, murabbiy xatoni oʻzidan qidirishi kerak. Yana qaytaramiz, bu klub emas, terma jamoa. Terma jamoada doim tanlov boʻlgan. Butun dunyoda shunday. Terma jamoada asosiy tarkib degan tushuncha boʻlmasligi kerak. Bizda ham yoʻq aslida. Faqat bizda Babayan tarkibi, degan atama mavjud.

Oʻrtoqlik oʻyinlari nima uchun tashkil etiladi? Babayanning oʻzining qarashi va oʻzining uslubi bor. Xop, tushundik. Lekin murabbiy ikkinchi va uchinchi rejalarni, har bir chiziq uchun qolgan muqobil variantlarni ham sinab koʻrishi, ularni zaxirada tayyor holda ushlab turmogʻi kerak emasmi?

Darvozada faqat Lobanov, hujumda doim Sergeyevni tushirish kerak degan qoida yoʻq Jahon chempionati saralash bosqichida.

Terma jamoa tarixidagi eng kuchli tarkibni shugʻullantiryapman, degan murabbiy har safar oʻyindan keyin optimal tarkibda oʻynay olmadik, deyishi gʻalati emasmi?

Terma jamoa tarixidagi eng kuchli tarkib deyildimi, deyildi. Nahotki Oʻzbekiston terma jamoasi tarixidagi eng kuchli tarkibda har bir pozitsiyada Babayanning kriteriyasi boʻyicha asosiy tarkib futbolchisini almashtira oladigan futbolchi yoʻq?

…Murabbiyda taktika boʻlmasa ham oʻynayapmiz. Lekin murabbiy hech boʻlmasa tarkibni toʻgʻri tanlashni bilishi kerak. Ha, tarkibda kimni oʻynatish va kimga ishonch bildirishni biz hal qilmaymiz. Bu murabbiy vakolatidagi ish va unga hech kim aralasha olmaydi.

Bizning kriteriyamiz boʻyicha tarkibni ham tanlay olmayotgan murabbiyni isteʼfoga chiqarish payti kelmadimikan?

Oldinda yana ikkita tur bor. Koʻp narsa bugungi Qatar — Janubiy Koreya oʻyiniga ham bogʻliq. Lekin ishoning, bizda oxirgi turgacha ham imkoniyat boʻladi. Faqat bu imkoniyatni birorta boshqa murabbiy bilan sinab koʻraylik.

Kim kelsa ham ikkita oʻyinga kelishib olib kelish kerak. Chiqarolmasa ham keskin tanqid boʻlmaydi. Chunki vaqt juda tigʻiz. Shunchaki boshqaga imkoniyat berib koʻraylik, nazariy jihatdan olib koʻrilsa, hali imkoniyatlar yomon emas. Shunchaki terma jamoa oʻyiniga biroz oʻyin qoʻshishi kerak. Terma jamoaga murabbiy kerak. Chiqmagan jondan umid deganlaridek…

Gap mundialda ham emas, umuman Oʻzbekiston terma jamoasi futbol oʻynashi kerak. Osiyoda Oʻzbekiston degan nomimiz borligini unutmaylik".

Umuman olganda, eʼtirozlarning deyarli barchasi bosh murabbiy Samvel Babayanga qaratilgan. Xayrulla Xoliqov ham oʻz maqolasida aynan terma jamoa bosh murabbiyini magʻlubiyatda bosh aybdor qilib koʻrsatgan.

"Kecha boʻlib oʻtgan Eron — Oʻzbekiston oʻyinini koʻrib menda bir savol paydo boʻldi: terma jamoamizning bor oʻyini shumi yoki boʻlmasa futbolchilar murabbiyni ketkazish uchun atayin shunaqa oʻynashdimi?

Agar birinchisi boʻlsa, demak murabbiy aybdor, mabodo ikkinchisi boʻlsa, bunda ham murabbiy aybdor. Toʻgʻrisini aytaman, Samvel Babayan termaga bosh murabbiy boʻlganidan beri uning qoʻl ostida hali biror marta maʼnili futbol koʻrmadim. Xuddiki yigitlar 90 daqiqa yugurib berishsa boʻlgani. Agar 60 daqiqa yugurish kerak boʻlsa 60, 120 daqiqa yugurib berish kerak boʻlsa yana shuncha chopishadi, biroq baribir mazmun va maʼno koʻrinmaydi.

Kechagi oʻyinda bir jamoa oʻynadi, ikkinchisi raqibning yaxshi oʻynashiga qarashib yubordi, xolos. Toʻgʻri, baʼzi vaziyatlarda biz ham yomon koʻrinmadik, lekin oʻyinning umumiy kartinasini oladigan boʻlsak, "oqlar" oʻynagan, "koʻklar" kuzatgan boʻlib chiqadi. Bu oʻyinda koʻrdikki, terma jamoada murabbiy boʻlmaguncha hech narsa qila olmas ekanmiz.

…Samvel Babayanni yaxshi tashkilotchi, kuchli menejer sifatida hurmat qilaman, ammo murabbiy sifatida hech narsa qila olmasligini oʻzi ham yaxshi bilsa kerak. Agar Babayanni birov majburlab ushlab oʻtirmagan boʻlsa, kerak boʻlsa bugunoq isteʼfo bergani maʼqul. Chunki u avvalo oʻzini qiynayapti. Futbolchilar uning qoʻl ostida oʻynagilari kelmayapti. Lekin Babayan buni sezmayotgan boʻlsa, demak ayb oʻzida.

…Babayan va uning yordamchilaridan iltimos, oʻzingizni ham, futbolchilarni ham, xalqni ham qiynamang. Koʻrib turibsiz-u, toki sizlar bor ekan ular bundan zoʻr oʻynab berishmaydi. Mayli "Obod"ga boring (Babayan ikkinchi davrada "Obod"ni olarmish degan gap chiqdi), yoshlarni tarbiyalang, faqat milliy terma jamoani oʻz holiga qoʻying, iltimos. Mayli Siz ketganingiz bilan hech narsa oʻzgarmasin, lekin baribir shu ishni qiling. Millionlab muxlislar Sizdan faqat shuni kutmoqda!"

Oʻzbekiston terma jamoasiga atab hattoki sheʼrlar ham bitildi.

"…Senga boʻlolmas tirgak,

Oʻn bir ichi boʻsh terak.

Senga "tez yordam" kerak,

Shoʻrlik oʻzbek futboli!

Manzilni gʻamin yema,

Sen teshilgan bir kema,

Oʻzbekistonman dema,

Shoʻrlik oʻzbek futboli!"

deb yozadi Botirjon Ergashev.

RASSIYAJCH nikli yana bir muxlis esa shunday yozadi:

"Qara, onang TV yonida,

Qilayapti sen uchun zarda.

Buncha yomon oʻynamasding-ku,

Uyalmading, yuzing beparda.

Er yigitning chin yuragida,

Doim boʻlsin ishq diyonati.

Bu oʻyindan koʻra qiziqroq,

Ayollarning chempionati.

Yaxshilik qil, yurtingni yashnat,

Qoʻldan berma shunday imkonni.

Sen hech kimdan kam emassan bil,

BOLASISAN UZBEKISTONNI!"

"…Koʻp yilki raqibni yiqolmaganlar,

Bu ketishda aslo yiqolmaydiyam.

Oddiy bir "sahna"dan chiqolmaganlar,

"Jahon sahnasi"ga chiqolmaydiyam!

Xalqim kuning qoldi, "oʻn bir aktyoru"

Va pulga sotilgan "rejissyorlar"ga.

Boshqa mansab berma, azon kuyidan,

Nafrat tuyadigan "dirijyorlar"ga…"

deb yozadi Abdurahmon Meshayan.

Biz esa aziz futbol ishqibozlariga ehtiroslarga berilmang, asabni asrang deb qolamiz. Zero bu magʻlubiyat birinchi alamli magʻlubiyat emas… Lekin oxirgisi boʻlib qoladi deb umid qilamiz.

Asosiy mavzular