04:59 19 Yanvar 2018
Efir
Igrok FK Krasnodar i sbornoy Uzbekistana Odil Axmedov

Odil Ahmedov: Namanganlik isteʼdodlar Rossiyaga ishlaganimas, oʻynagani ketishi kerak

© Sputnik/ Vladimir Pesnya
Sport
Havola olish
87041

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Odil Ahmedov bolalar futboli haqida oʻz fikrlarini bildirdi

TOSHKENT, 20 iyul — Sputnik. Hozirda Xitoyning "Shanxay SIPG" jamoasida toʻp surayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov "championat.asia" saytiga bergan intervyusida bugungi kunda olib borayotgan ishlari va faoliyatida duch kelayotgan toʻsiqlar haqida maʼlum qildi.

"Namanganda yana yoshlar futboli qayta oyoqqa turayotganini eshitayotgan juda koʻplab hamshaharlarimdan nafaqat namanganliklar, balki vodiy ahlidan juda koʻplab xatlar olyapman. "Navbahor"ga saylangan yangi prezident Shavkatjon Abdurazzoqovni klub oʻrinbosarlari uchun alohida sharoit yaratib berganini eshitib xursand boʻldim. Chunki bu bizning ishimizni yengillashtiradi, sport kollejidan yaxshi bolalarni yetishtirib berib tursak, oʻrinbosarlar tarkibi orqali yo uni bosh jamoaga yoki chetga chiqarish bilan shugʻullanamiz. Shuning uchun ham oʻrinbosarlarga boʻlgan eʼtibor juda muhim. To jamoa oʻz oʻrinbosarlariga jiddiy eʼtibor qaratmas ekan, chetdan kelgan futbolchilar hozir jamoani emas, oʻzini oʻylaydigan boʻlib qolgan. Tez kunlarda xorijlik hamkorlarimiz bilan murabbiylar malakasini oshirish borasida ish boshlaymiz", — dedi Odil Ahmedov.

Odil Ahmedov yoshlarga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

"Mana "Neymar"ni olaylik (Ahmad Mamadaliyev, 1997 yilda tavallud topgan) nonvoy bola, kechalari non yopib chiqadi keyin mashgʻulotga keladi. Oilaviy holati bunday boʻlib tursa, bola qanday oʻsadi? Yovanovich nega yoʻqolib qoldi? Yoki "Navbahor" unga mashgʻulot maydonimi? Yil boshida oʻynay olmay, oxirida gol uradigan. Urgan gollari ham gʻalaba keltirmagan. Bunday duranglarni mahalliy futbolchilar bilan ham qoʻlga kiritsa boʻladi. Bitta yosh oʻyinchini qoʻyib, 10ta oʻyinga imkoniyat bering, u ham 11-turdan urishni boshlaydi. Gapirsa gap koʻp!

Azizbek Turgʻunboyev-chi? Oʻtgan yili Rossiyaga ketishga tayyor turgandi bu bola. Oilaviy sharoitidan kelib chiqib. 2016 yil unga eʼtibor boʻlmadi, bu yil ham ketkazishayotgandi. Chunki familiyasi yoʻq-da. Nimadir boʻldi-yu, bitta oʻyindan keyin qoldi. Mana hozir asosiy tarkib futbolchisi. Namanganlik isteʼdodlar Rossiyaga ishlagani emas, oʻynagani ketishi kerak! Mana shu falsafani ilgari surishimiz kerak", dedi Ahmedov.

Uning aytishicha, bu boradagi ishlariga toʻsiqlar boʻlmoqda.

"Muammo shundaki, shuncha qilingan ishlarga toʻsiqlar boʻlayapti. Agar Namangandagi kollej va litseyni qayta oyoqqa turgizmasak, oʻrinbosarlar safiga bola qayerdan keladi? Oʻrinbosarlarda futbolchi boʻlmasa, asosiy tarkibga kim keladi? Yaqin kunlarda Namanganda ikkita katta sunʼiy maydon qurilishi boshlanadi. Uni koʻchadan kelgan kishilarga pul ishlash uchun qilmayapman. Shu yoshlar uchun joy boʻlsin deyman. Shuni ham gapirib yurganlar va ish boshlashimizga qarshilik qilayotganlar boʻlyapti.

Vodiy Chempionlar ligasi ham oʻz-oʻzidan kelmagan gʻoya. Kollej va litseyga yaxshi futbolchilarni saralab olaylik deyapmiz. Rauf Inileyev ham tekinga ishlamasa kerak, unga ham maoshni oʻzimiz beramiz. Mutaxassislarni Italiya va "Krasnodar" akademiyasiga yuborishni reja qilib turibman. Kollej va litseydagi barcha murabbiylarni qayta koʻrib chiqib, maʼqulini olib qolish va ular bilan zamonaviy fikrlashimiz kerak. Rauf Inileyev ularga masʼul boʻladi va biz tatbiq etadigan metodikaning ishlash jarayonini nazorat qiladi. Inventarlar yaxshi boʻlsin, bolalarda toʻp bilan muammo boʻlmasin. Hammasini aʼlo holatda qilishni oʻylab qoʻyganmiz, lekin qarshilik bunday davom etadigan boʻlsa, men qanday ishlayman, loyihani Toshkentga koʻchiramanmi yoki Fargʻonagami? Iltimos, menga qarshilik qilmang, birovdan pul soʻrayotganim yoʻq-ku!", deya fikr bildirdi Oʻzbekiston terma jamoasi sardori.

Saytning maʼlum qilishicha, shu yilning sentyabr oyidan bolalar oʻrtasida Vodiy Chempionlar ligasi loyihasi start olishi kutilyapti. Loyiha Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol federatsiyasi, "Championat.asia", "Best Sport Media", Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlari futbol federatsiyalari bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.

Bu yilgi Vodiy Chempionlar ligasida 10ta jamoa 18ta turdan iborat ikki davrali musobaqada qatnashadi. Davralar oraligʻida "Vodiy Kubogi" boʻlib oʻtadi. VCHL yakunida esa, VCHL gʻolibi va Kubok sohibi oʻrtasida Superkubok boʻladi.

2018 yildan eʼtiboran VCHL 16ta jamoani oʻz ichiga qamraydi va unda 2005 yil tarbiyalanuvchilaridan tashqari, 2006 yilda tavallud topgan futbolchilar ham oʻz yurishlarini boshlaydilar. Shu tariqa 2021 yilga kelib VCHL 5ta yosh toifasida vodiy ligasiga ega boʻladi.

VCHLga Odil Ahmedov homiylik qiladi. Musobaqada Rauf Inileyev selektsioner murabbiy sifatida faoliyat olib boradi.

Musobaqada oʻzini koʻrsatgan yosh isteʼdod egasi Yevropa talablariga javob bersa, uni Yevropa klublariga joylash ishlari olib boriladi. Bu borada Ispaniya va Italiyadagi hamkorlarning xizmatidan foydalaniladi.

Asosiy mavzular