04:45 24 Sentyabr 2017
Efir
Azamat Abduraimov

Azamat Abduraimov: oʻzbek futboli tirik, lekin bir joyda depsinib turibdi

Stringer
Sport
Havola olish
68340

Oʻzbek futbol jamoatchiligi natijalarni koʻrib chiqadigan, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tahlil qiladigan va yangi rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadigan payt keldi, deb hisoblaydi "Paxtakor" va Oʻzbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Azamat Abduraimov

TOSHKENT, 12 sen — Sputnik. Oʻzbek futboli nima uchun inqirozga uchradi va bu vaziyatdan qanday qilib chiqish mumkin — biz mana shunday savollar bilan "Paxtakor" va Oʻzbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Azamat Abduraimovga murojaat qildik.

— Aksariyat mamlakatlarda milliy terma jamoalarning natijalari futbol rivojining koʻrsatkichi hisoblanadi. Bugungi kunda futbol bir chempionatdan ikkinchi chempionatgacha davriy ravishda rivojlanmoqda. 5 sentyabrdan keyin yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilar ekanmiz, buni qulash deb atash mumkin. Biz Rossiyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga umid qilgandik, terma jamoa esa guruhda hattoki uchinchi oʻrinni ham olmadi.

Savol tugʻiladi — nega shunday boʻldi? Keyingi bir necha yil davomida Oʻzbekiston futbol federatsiyasi (OʻFF) turli obʼyektiv sabablarga koʻra oʻz talablariga javob bera olmadi. Federatsiya prezidenti, futbol rivoji uchun koʻp ishlarni amalga oshirganini eʼtirof etish lozim, keyingi vaqtda ikkita ishda — Milliy olimpiya qoʻmitasi va Futbol federatsiyasi rahbari sifatida faoliyat olib bordi. Albatta, bu barcha uchun foyda keltirmasdi.

Federatsiyada oʻzgarishlar davri keldi. Oddiy misol — agar ilgari, uch-toʻrt yil oldin oʻsmirlar terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqan boʻlsa, oʻtgan yili oʻsmirlar va yoshlarimiz Osiyoning eng yaxshi jamoalari toʻrtligiga kira olmadi va tabiiyki, toʻrt yillikning eng muhim musobaqasiga ham chiqa olishmadi.

Oʻtgan yili Olimpiya termasi ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Menimcha bu milliy va olimpiya termalariga bir kishining bosh murabbiylikka qoʻyilishi sababli yuz berdi. Biz Vadim Abramov xuddi shunday holatga tushganida bir marta pand yeganmiz, lekin afsuski, bundan kerakli saboq chiqarmadik. Ikki quyonning ketidan quvdik va bittasini ham tuta olmadik.

- Babayan va uning murabbiylik shtabiga yogʻilayotgan tanqidlar qay darajada adolatli?

Glavnыy trener sbornoy Uzbekistana Samvel Babayan
Federatsiya futbola Uzbekistana

— Aytish mumkinki, termamizning jahon chempionatiga chiqa olmagani barcha uchun soʻnggi tomchi boʻldi. Babayan murabbiylik shtabi tomon oʻtgan yildan beri mutaxassislar, ishqibozlar va jurnalistlar tomonidan salbiy fikrlar yangramoqda. Bosh murabbiy terma jamoadan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalangani, u ilgari "Paxtakor" vitse-prezidenti boʻlgani uchun muntazam ravishda terma jamoaga mana shu klub oʻyinchilarini chaqirgani haqida haqqoniy fikrlar aytildi. Bu tushunarli — u keyinchalik bu futbolchilarni xorij klublariga sotish uchun ularni chaqirgan.

Oʻz manfaatlarini oʻylab qilingan bu siyosat milliy terma zarariga ishladi. Bizning ishqibozlarimiz judayam yaxshi, tushungan, oʻzbek futboli anʼanalari asosida tarbiyalanishgan, ularning barchasi koʻrishdi, haqqoniy savolni oʻrtaga tashlashdi — nima uchun gol urmaydigan yoki xorij klubida amaliyotga ega boʻlmagan hujumchi termada oʻynayveradi.

Bu shunchaki mulohaza emas, norozilikka asos bor. Saralash guruhidagi jadvalga nazar tashlaymiz, terma jamoa oʻtkazgan 10ta oʻyinda atigi oltita gol urgan, bu koʻrsatkich boʻyicha biz jadvalning oxiridamiz. Bu bir uchrashuvda yarimtadan sal koʻproq gol urganimizni anglatadi.

Bunday koʻrsatkich bilan hech qanday jahon chempionatiga chiqishni oʻylamasa ham boʻladi. Demak, nafaqat bosh murabbiy va uning shtabi, balki birinchi navbatda ularni tayinlaganlarga savollar paydo boʻladi.

- Oʻzbek futbolini inqirozdan olib chiqish uchun nima qilish kerak?

— Oʻzbek futboli shartli qilib aytganda, nafaqat Alining oʻrniga Valini qoʻyishga, balki butkul tizimli oʻzgarishga muhtoj. Futbol federatsiyasi tuzilmasini oʻzgartirish kerak, masalan, ilgari mahoratli sport ustalaridan tarkib topgan maxsus murabbiylar kengashi ishlagandi. Terma jamoalarning bosh murabbiylari ular oldida hisobot topshirishar, nima uchun aynan biror oʻyinchini tarkibga chaqirganini tushuntirib berishardi. Eng yaxshilar maydonga tushishi, terma jamoalar qanday tayyorgarlik koʻrishi ustidan nazorat bor edi.

Bandligi sababli federatsiya rahbari boshqaruv tizginini faoliyati nazorat qilinmaydigan bosh murabbiy qoʻliga topshirdi. Shu sababli ana shunday murabbiylar kengashi kerak. Federatsiya oʻzgarishi, zamonaviy talablarga javob berishi shart. Hozirda OʻFFda marketing boʻlimi yoʻq, sport direktori lavozimi yoʻq,faqat vitse-prezident bor.

Yana bir muhim jihat — OʻFFda ishlaydigan kishilar oʻz pozitsiyalariga ega boʻlishlari kerak. Har doim kelishib ketaverish kerakmas, vujudga kelgan muammolar haqida gapirish kerak. Doim aytganing boʻlishini istasang, doim faqat sening ogʻzingga qarab turishlarini xohlaydigan boʻlsang, unda fikrlar xilma-xilligi haqida unutsak ham boʻlaveradi.

Biz federatsiyaga oʻziga tegishli vazifa uchun javob beradigan haqiqiy professionallar kelishi tarafdorimiz. Hozirda federatsiya qoʻl rejimida boshqariladi, na bosh kotib, na vitse-prezident kichkina muammoni ham hal qila olmaydi, hamma narsa birinchi shaxs ixtiyorida. Bunday boshqaruv uslubi eskirdi, u bizni orqaga tortmoqda.

Davlat amaldori OʻFF prezidenti boʻlishiga qarshi emasman, bu yerda u atrofiga jamlaydigan jamoa muhim. Kuchli professionallarni yigʻish kerak va bizda har bir yoʻnalishda bunday kishilar bor, faqat ularga ishonch bildirish va oʻzlarini koʻrsatishlari uchun imkoniyat berish lozim.

Men oʻzbek futboli oʻldi, degan fikrga qoʻshilmayman. Men oʻzbek futboli tirik va uni hech oʻldirolmaydi deb hisoblayman. 2008 yil mamlakatda futbol rivoji yili boʻlgan, bizda Rivaldo oʻynagan, Ziko va Skolari murabbiylik qilgan. Messi va Ronaldu kelishi shov-shuvga aylangan, shundan soʻng koʻplab futbolchilar oʻzlarini koʻrsatishdi.

Hozirda koʻpchilik ishqibozlar biz jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz yaxshi boʻldi, chiqqani bilan yomon natija koʻrsatardi deyishmoqda. Bu notoʻgʻri. Agar jamoamiz JChga chiqqanida yana bir bor futbol rivojlanishi davri boshlanardi, bolalar futbol maktablariga borishardi, 5-7 yildan keyin oʻzbek futboli saviyasi yuqorilardi. Afsuski, biz bu imkoniyatni qoʻldan chiqardik.

Agar biz Oʻzbekiston prezidenti rahbarligida bu muammolarni hal qilishga kirishsak, hammasini oʻnglash mumkin deb hisoblayman. Hozirda sport boʻyicha davlat maslahatchisi lavozimini joriy etish masalasi koʻtarildi. U vaziyatni tahlil qilishi va aslida nimalar boʻlayotganini prezidentga bildirib turishi mumkin boʻlardi. Va u sportdagi muammolarni ich-ichidan biladigan professional shaxs boʻlishi lozim, amaldor emas.

Yaqinda OʻFF bosh kotibi xalqaro press-klubdagi chiqishi chogʻida omma muhokamasiga qoʻyish uchun futbolni rivojlantirish dasturi tayyorlanganini aytgandi. Ammo shu paytgacha hech qanday dastur eʼlon qilinmadi, uni hech kim muhokama qilmadi, federatsiya saytida hatto yangi prezident lavozimiga nomzodlar roʻyxati eʼlon qilinmadi.

Hozirda professionallar ovoziga quloq tutish darkor, ularni federatsiya faoliyatiga jalb etish, chempionatni isloh qilish kerak. Usmonovning hissasi shundaki, u zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratdi, 12ta stadion qurildi. Lekin bahslarga oʻrtacha 4 ming kishi kelmoqda, yaqinda boʻlib oʻtgan "Obod" va "Soʻgʻdiyona" oʻyinida esa tashrif buyurish boʻyicha antirekord oʻrnatildi — 150ga yaqin muxlis oʻyinni koʻrgani keldi. Shu bois stadionlar qurish mumkin, lekin u yerga muxlis bormasa, qanday futbol rivoji haqida gapirish mumkin.

Muxlisga spektakl, tayyor mahsulot kerak, biz hozir bunday mahsulot taqdim etmayapmiz. Professional futbol ligasining homiylari yoʻq, pul topishni bilmaymiz, umuman olganda, bozor mexanizmlari ishlamayapti. Bozor mexanizmlari futbolimizga kirib kelsagina u davlatga shuncha kam boqimanda boʻladi.

Hozirda futbol tarkibiy qismlari va davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mexanizmini ishlab chiqish muhim, u rahbariyatni saylash, dasturni belgilashni mutaxassislarning oʻzlari hal qilishlariga imkoniyat berishi lozim. Hozirda futbolda korruptsiya ham, qonun buzilishlari ham va salbiy natija ham mavjud, men respublika rahbariyati bundan norozi, tartib oʻrnatish istagida deb oʻylayman.

Biz rezolyutsiyani koʻpchilik imzolashini maqsad qilmadik, biz uchun muammoni koʻrsatish va uni birinchi shaxsga yetkazish muhim edi. Bugungi kunda professionallar futboldagi umumiy holatdan qoniqishmayapti. Agarda mamlakatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashlari ostida federatsiya rahbariyati bilan birgalikda ishga kirishsak, muammolarni hal qilish mumkin. Oʻzbek futboli tirik, faqat juda sekin rivojlanmoqda, biz hozircha bir joyda depsinib turibmiz.

Eslatib oʻtamiz, 7 sentyabr kuni OʻFF prezidentligiga saylovlar oʻtkazish muddatini ortga surishni soʻrab Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Birodar Abduraimov, "Paxtakor" faxriylari Vyacheslav Soloxo, Nikolay Lyubartsev va boshqa murabbiy hamda faxriylar Oʻzbekiston prezidentiga murojaat qilishgan edi.

Bugun boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston futbol federatsiyasining Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi Raisi oʻrinbosari va "Paxtakor" klubi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelgan Umid Ahmadjonov Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining yangi prezidenti sifatida eʼlon qilindi.

Asosiy mavzular