04:57 19 Yanvar 2018
Efir
Futbolnыy myach

Qarzdorlik va shubhali natijalar: "Obod" futbol klubi Oliy ligadan chetlatildi

fotolia
Sport
Havola olish
400 0 0

"Federbet" xalqaro notijorat federatsiyasi Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga ikkita oʻyin natijalari shubhali ekanligi haqida xat yozgan

TOSHKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkentning "Obod" futbol klubi Oʻzbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroiya Qoʻmitasining OʻFF bilan birga kelishilgan qaroriga koʻra, futbol boʻyicha 2017 yilgi Oʻzbekiston chempionati qatnashchilari safidan chiqarildi. Bu xaqda uzbekistan24.uz PFL saytiga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, bugungi kunga kelib "Obod" futbol klubining OʻzPFL oldidagi qarzlari 112 mln soʻm (shundan 90 mln soʻm — aʼzolik badali toʻlovi, 15 mln soʻm — Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmagan murabbiyni roʻyxatga qoʻyish uchun toʻlov va 7 mln — jarima toʻlovlari)ni tashkil etadi. Oʻzbekiston klublarini litsenziyalash boʻyicha reglamentga muvofiq klubni moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma OʻzPFLga taqdim etilmaganligi natijasida ushbu jamoa nimaning hisobiga moliyalashtirilishi haqidagi masala tushunarsizligicha qolaverdi.

"Obod" futbol klubi, shuningdek, reglament talablarini qoʻpol ravishda buzgan holda bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramasdan litsenziyalash boʻyicha birorta ham hujjatni rasmiylashtirmadi.

Shu bilan birga Oliy liganing 20-turi doirasidagi "Obod" — "Soʻgʻdiyona" (2:4) va 22-turidan oʻrin olgan "Obod" — "Nasaf" (0:6) oʻyinlarida qayd etilgan natijalarning shubhali ekanligi aytilgan "Federbet" xalqaro notijorat federatsiyasining Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasiga yozgan xati ham OʻzPFL Ijroqoʻmining yakuniy qaror qabul qilishida asos boʻlib xizmat qildi.

Musobaqalar reglamentining 4.26 bandiga asosan "Obod" futbol klubi taqvimdagi oʻyinlarning yarmidan koʻpini oʻtkazib boʻlganligi munosabati bilan qolgan oʻyinlarda jamoaga texnik magʻlubiyat, uning raqiblariga esa texnik gʻalaba yoziladi. Oʻtgan oʻyinlardagi ogohlantirish va chetlatishlar oʻz kuchida qoladi.

"Obod" futbol klubida oʻz xodimlari va futbolchilari oldidagi mehnat shartnomalari boʻyicha qarzlarni uzish va soliq toʻlovlarini toʻlash majburiyati saqlanib qoladi. Jamoa xodimlari va futbolchilariga esa boshqa futbol klublari qaydnomasiga musobaqalar reglamenti asosida roʻyxatga kiritilish uchun ruxsat beriladi.

Ilgariroq klubga xorijliklar tomonidan homiylik qilinishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Asosiy mavzular