06:45 19 Yanvar 2018
Efir
Federatsiya futbola Uzbekistana

Oʻzbekistonda murabbiylar tayyorlash tizimi izdan chiqqan – OʻFF xodimi

http://the-uff.com
Sport
Havola olish
34010

U maʼlum terma jamoani qabul qilib olgach, terma jamoa natijasidan koʻra oʻz manfaatini ustun qoʻyib, moʻmay pul ishlab olishni maqsad qilgan murabbiylar ham borligini aytgan

TOSHKENT, 11 yanv – Sputnik. Oʻzbekistonda futbol murabbiylarining saviyasi, ularning darajasi bilan shu paytga qadar hech kim qiziqmagan. Bu haqda Oʻzbekiston futbol federatsiyasida yangi tashkil etilayotgan Murabbiylar tayyorlash boshqarmasi boshligʻi Shovkat Imamov aytdi.

"Oʻzbekistonda murabbiylarni tayyorlash tizimi izdan chiqqan desak boʻladi. Koʻp yillardan beri bu tizim yetarli darajada ishlamayapti. Oxirgi 11 yil ichida Oʻzbekiston hududi oʻtkazilgan murabbiylar tayyorlash boʻyicha OFK va OʻFF kurslari Murabbiylar va Hakamlar tayyorlash respublika maktabi orqali oʻtkazilgan. Murabbiylar oʻquv kurslarini bitirgach, ularning keyingi faoliyati federatsiya tomonidan nazoratga olinmagan", dedi u OʻFF saytiga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, bugungi kungacha Murabbiylar va Hakamlar tayyorlash respublika maktabining asosiy maqsadi sifatga emas, songa eʼtibor qaratish boʻlgan. Chunki qancha koʻp murabbiy kurslarda oʻqisa, ushbu maktabga shuncha koʻp pul tushgan.

Murabbiylarning saviyasi doimiy ravishda oshirib borish yoʻlga qoʻyilmagan.

"Endilikda murabbiylar litsenziyani Oʻzbekiston futbol federatsiyasidan olishlari yoʻlga qoʻyiladi. Federatsiyadagi mutaxassislar bu borada shaffoflik va haqqoniylik taʼminlanishiga, faqat oʻz kasbining ustalari boʻlgan fidoiy insonlar murabbiylik bilan shugʻullanishlariga masʼul boʻladilar", degan u.

Imomovning fikriga koʻra, mahalliy murabbiylar oʻz ustilarida ishlamay qoʻyishgan. Muntazam ravishda bilimlarini oshirib borishmaydi, yangilikka, murabbiy sifatida oʻsishga intilishmaydi. Oqibatda, xalqaro oʻyinlarda natija boʻlmaydi.

Murabbiylarning saviyasi shu paytga qadar federatsiya tomonidan nazorat qilib borilmagan. Hech kim ularni attestatsiyadan oʻtkazmagan, oʻz kasbiga qanchalik loyiq ekani tekshirilmagan.

U maʼlum terma jamoani qabul qilib olgach, terma jamoa natijasidan koʻra oʻz manfaatini ustun qoʻyib, moʻmay pul ishlab olishni maqsad qilgan murabbiylar ham borligini aytgan. Imomovning bildirishicha, bunday murabbiylarning asosiy maqsadi terma jamoa gʻalabasi emas, balki terma jamoada toʻp surayotgan futbolchilarni chet el klublariga sotib, pul ishlab olish boʻlib qolgan.

"Bundan tashqari, baʼzi murabbiylar xorijdan legioner olib kelib, ularga katta oylik belgilashgan. Keyin oʻsha oylikning maʼlum qismini "otkat" sifatida oʻzlari olib yurishgan. Xorijdan taklif etilgan saviyasiz legionerlar bunday qingʻirliklarga "jon" deb rozi boʻlishgan. Shuningdek, mahalliy futbolchilarning oylik maoshidan ham "otkat" oluvchi murabbiylar ham boʻlgan", degan u intervyusida.

Imomovning aytishicha, milliy chempionatda ishtirok etuvchi aksariyat klublar boshliqlari murabbiydan har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da, natija koʻrsatishni, uch ochkoni qoʻlga kiritishni talab qilishgan. Bunday vaziyatda murabbiy oʻz ustida ishlab, haqqoniy oʻyinda gʻalaba qozonish oʻrniga, natijaga erishishning qingʻir yoʻllarini izlashga tushishgan. Baʼzi oʻyinlarda hakamlar sotib olingan boʻlsa, baʼzan esa raqib jamoa murabbiylari bilan kelishuv evaziga oʻyin natijalari avvaldan hal qilingan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston terma jamoasi 2018 yilda Rossiyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga chiqa olmagan boʻlsa, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Xitoyda boʻlib oʻtayotgan Osiyo chempionatining dastlabki oʻyinida Qatar terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida magʻlubiyatga uchradi.

Asosiy mavzular