Sayyohlar uchun vizalarni bekor qilish 2021-yilgacha kechiktirildi

Obuna bo‘lish
2017 yil 1-apreldan 15 davlat sayyohlari va 12 mamlakatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish rejalashtirilgan edi

TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi 27 mamlakat sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish to‘g‘risidagi 2017-yil 1-apreldan kuchga kirishi lozim bo‘lgan prezident farmoni ijrosi 2021-yil 1-yanvarga qadar kechiktirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu haqdagi farmoni lex.uz qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan.

Ilgariroq davlat rahbarining farmoniga muvofiq, 2017-yil 1-apreldan 15 davlat sayyohlari va 12 mamlakatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun viza tartibini bekor qilish rejalashtirilgan edi.

O‘zbekiston qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibini bekor qildi

Hujjatda aytilishicha, keyinchalik ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan muayan davlatlar bilan viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasining ular bilan ikki tomonlama munosabatlarining rivojlanish darajasidan, jahon turizm bozorining konyunkturasi hamda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasida sodir bo‘layotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqiladi.

Mazkur hujjat sayyohlik faoliyatini barqaror va bir maromda taraqqiy ettirish, zarur moddiy-texnik bazani shakllantirish, xorijlik sayyohlar va respublika fuqarolari hayoti xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, shuningdek, chet el davlatlari bilan teng huquqli tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Farmonda keltirilishicha, viza tartibini kechiktirish to‘g‘risidagi taklif Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan.

Yangiliklar lentasi
0