O‘zbekistonga Lyuksemburgdan ko‘plab sayyohlar kelishi mumkin

Obuna bo‘lish
"SIEL VOYAGES" sayyohlik kompaniyasi direktori Bruno De Griif O‘zbekistonga boradigan sayyohlar guruhlari yanada ko‘payishini aytdi

TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Lyuksemburgda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va ulkan sayyohlik salohiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasi xabar bermoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi diplomatiya vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xabarda bildirilishicha, taqdimot qatnashchilari O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi va sayyohlik sohasidagi ulkan imkoniyatlari, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Toshkent singari ko‘hna shaharlar bag‘rida joylashgan me’moriy yodgorliklar haqidagi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Soha mutaxassislari amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘yishlari uchun taqdimot marosimi doirasida o‘zbekistonlik va lyuksemburglik turoperatorlarning V2V (business-to-business) shaklidagi uchrashuvlari ham o‘tkazildi.

Poy-Kalon, Buxoro - Sputnik O‘zbekiston
Yevropa turistlari orasida O‘zbekistonga talab 2-3 baravar oshdi

"SIEL VOYAGES" sayyohlik kompaniyasi direktori Bruno De Griif o‘zbekistonlik hamkorlar bilan kelishuvlar natija berishiga umid bildirdi va O‘zbekistonga boradigan sayyohlar guruhlari yanada ko‘payishini aytdi.

"O‘zbekiston bo‘ylab sayyohlik yil sayin ommalashib bormoqda. Bunga ko‘p jihatdan mamlakatning mehmonxona, transport infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish sohalarini har tomonlama rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosati muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbek xalqining ochiqko‘ngil va mehmondo‘stligi, nafis va mahobatli diqqatga sazovor maskanlari, boy madaniy merosi borgan sari yevropalik sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek jalb etmoqda.

Biz bugun o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan erishilgan kelishuvlar yaxshi natijalar berishiga umid qilamiz. Bundan keyin ham Yevropa bozorida mamlakatingiz brendini ilgari suramiz va yurtingizga yanada ko‘proq sayyohlar guruhlarini yuboramiz", — dedi u.

Anjumanda O‘zbekiston bo‘ylab bepul sayohat lotereyasi ham o‘ynaldi. Mehmonlar o‘zbek milliy oshxonasi ne’matlaridan tatib ko‘rdilar.

Yangiliklar lentasi
0