05:19 25 Noyabr 2017
Efir
Poi-Kalon, Buxoro

"Ming bir kecha" mamlakati Oʻzbekiston boʻylab sayohatga taklif etmoqda

© Fulvio Spada
Turizm
Havola olish
23330

Germaniyadagi taniqli sayyohlik kompaniyalari veb-sahifalari "Ming bir kecha" mamlakati Buxorodagi "Ipak va ziravorlar" festivaliga taklif etadi" sarlavhasi ostida maʼlumotlar turkumini eʼlon qildi

TOSHKENT, 10 may — Sputnik. Germaniyadagi taniqli "DIAMIR Erlebnisreisen" va "Paradeast" sayyohlik kompaniyalari veb-sahifalarida ana shunday sarlavha ostidagi maʼlumotlar turkumi eʼlon qilindi. Ular yaqin vaqt ichida Oʻzbekistonga borishni rejalashtirgan sayohatchilar uchun moʻljallangan, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.

Mazkur veb-sahifalarda Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari boʻylab maxsus sayohat dasturlari oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan. Jumladan, manbalar nemis sayohatchilarini koʻhna Buxoroning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirar ekan, joriy yil may oyining oxirida ushbu shaharda navbatdagi anʼanaviy "Ipak va ziravorlar" festivali oʻtkazilishini maʼlum qilgan.

"Har yili mazkur oʻziga xos bayramga alohida muhit bagʻishlash uchun yer sharining turli nuqtalaridan koʻp sonli sayyohlar, mohir hunarmandlar va sanʼat namoyandalari bu shaharga kelishadi. Joriy yilda ushbu madaniyatlararo anjumanga Malayziya, Indoneziya, Hindiston va Xitoy biznes hamjamiyati vakillari ham taklif qilingan", deb yozadi nemis sayyohlik kompaniyalari.

Taʼkidlanganidek, mazmundor sayohat dasturi germaniyalik sayohatchilarga nemis tilida soʻzlashadigan gidlar hamrohligida Buxoroning diqqatga sazovor maskanlari, mahobatli meʼmoriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish, anʼanaviy "Ipak va ziravorlar" festivalining ochilish marosimida qatnashish, qoʻlda tayyorlangan noyob hunarmandchilik mahsulotlaridan zavq olish hamda yaqinlari va doʻstlari uchun oʻziga xos esdalik sovgʻalaridan xarid qilishlari uchun juda qulay imkoniyatni yaratadi.

"Ahamiyati va tarixiy-madaniy merosi jihatidan kam boʻlmagan boshqa shaharlarga — Oʻzbekistonning Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan Toshkent, Samarqand, Xiva va boshqa tarixiy shaharlari boʻylab sayohat qilish ham mazkur dasturdan joy olgan. Siz Sharqning ertakmonand muhitiga gʻarq boʻlasiz, ushbu mehmondoʻst mamlakatda istiqomat qiladigan xalqning madaniyati, anʼanalari va kundalik turmush tarzi haqida keng tasavvurlarga ega boʻlasiz".

Germaniyaning "Presse Echo" va "fair-News" axborot portallarida ham "Ipak va ziravorlar" festivali haqidagi materiallar eʼlon qilindi. Ularda Oʻzbekistonning turli hudularidan keladigan folklor ansambllari jamoalarining chiqishlari, milliy oʻyinlar, oʻzbek oshxonasi taomlari, jumladan, oʻzbekona palov va boshqa neʼmatlardan tatib koʻrish, temirchilik, zardoʻzlik, gilam toʻqish va milliy xalq amaliy sanʼatining boshqa yoʻnalishlaridagi mahorat darslari singari tadbirlar mazkur anjuman dasturidan joy olgani maʼlum qilingan.

"Festivaldan koʻzlangan maqsad noyob milliy merosni avaylab asrash va keyingi avlodlarga yetkazish, oʻzbek xalq hunarmandchiligini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish bilan izohlanadi", deb yozadi nemis elektron nashrlari.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular