06:01 28 May 2017
Efir
Ansambl Poi-Kalon. Gorod Buxara

Buxoroda "Ipak va ziravorlar" festivali oʻtkaziladi

© Fulvio Spada
Turizm
Havola olish
53 0 0

Festivalda Oʻzbekistonning turli goʻshalaridan kelgan ziravor mahsulotlari, ipak matolaridan tayyorlangan mahsulotlar namoyish etiladi hamda gilamdoʻzlik, zardoʻzlik, kulolchilik boʻyicha mahorat darslari olib boriladi

TOSHKENT, 18 may — Sputnik. Joriy yilning 26-28 may kunlari Buxoroda XVI marotaba "Ipak va ziravorlar" festivali oʻtkaziladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Festivalda Oʻzbekistonning turli goʻshalaridan kelgan ziravor mahsulotlari, ipak matolaridan tayyorlangan milliy ruhdagi mahsulotlar namoyish etiladi hamda oʻzbek xalqining milliy hunarmandchiligi hisoblangan gilamdoʻzlik, zardoʻzlik, kulolchilik boʻyicha mahorat darslari olib boriladi.

Shu bilan birga, xalq sayli shaklida tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda milliy xalq oʻyinlaridan — qoʻchqor urishtirish, xoʻrozlar jangi, dorbozlik va polvonlar tomoshalari koʻrsatiladi.

"Palov sayli"da barcha viloyatlardan kelgan mahoratli oshpazlar oʻrtasida milliy taomlar tayyorlanib, musobaqalar oʻtkaziladi va festival mehmonlari taomlarni tatib koʻrib, shaxsan aho berishlari mumkin boʻladi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati va "Hunarmand" uyushmasi tomonidan yosh dizaynerlarning milliy matolardan tayyorlangan liboslar moda koʻrgazmasi ham tadbir dasturidan oʻrin olgan.

Shuningdek, folklor ansambllari chiqishlari, iqtidorli estrada yulduzlari ishtirokida gala kontsert tadbirga yanada bayramona ruh bagʻishlashi kutilmoqda.

Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular