08:48 23 Noyabr 2017
Efir
Lyudi na rыnke v Buxare

Moskvadan Buxoroga sayohat: bozor, vokzal, Rossiya

Sputnik / Anton Kurilkin
Turizm
Havola olish
Anton Kurilkin
Maxsus reportaj: Moskvadan Buxoroga avtoulovda sayohat (6)
94750

Bir haftalik sayohat rejalashtirilayotgan joyda yakuniga yetmadi - bu haqda sayohatnomaning soʻnggi qismida oʻqiysiz

Anton Kurilkin

Gʻaroyib kimyogarlik va shoʻrdanak

Turistik dasturimning alohida boʻlimi bozor uchun ajratilgandi. Sharq bzori shunchaki bozor emas, balki butun bir oʻziga xos xususiyatga ega va takrorlanmas madaniy hodisadir. Buxoroga doʻstlarimning koʻplab buyurtmalari bilan yoʻl olgandim: kimdir ziravor, yana kimdir choy yoki quritilgan mevalar olib kelishimni soʻragandi.

Bozorda ziravor sotib olish ham pulga mahsulot sotib olish emas, toʻlaqonli marosimga oʻxshaydi.

Lyudi na avtobusnoy ostanovki ryadom s rыnkom v Buxare
Sputnik / Anton Kurilkin
Buxorodagi bekat

Har qanday Sharq bozorining oʻziga xosligi savdolashish imkoniyatining mavjudligidir. Bunda nafaqat pulingizni tejaysiz, balki savdolashish jarayonining oʻzidan rohat olasiz. Oʻzingizga maʼqul kelgan mahsulotning narxini pasaytirish uchun sotuvchi bilan muloqotga kirishasiz. Bu muloqot judayam zavqli.

Sotuvchi avvaliga ziravorni nima uchun sotib olayotganingizni soʻraydi, nimalar olishingizga qiziqadi — va koʻz oldingizda idishlardagi ziravolardan qoshiqchasida olib kerakli aralashmani tayyorlab beradi.

Tashqaridan qaraganda bu xuddi oʻrta asr kimyogarlarining amallariga oʻxshab ketadi, lekin falsafiy tosh oʻrniga dimogʻingizni qitiqlovchi, taomingizga ajoyib taʼm bagʻishlovchi aralashma paydo boʻladi.

Quritilgan mevalar alohida mavzu. Rastalarda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq: turli-tuman va taʼmga ega turshaklar, har xil rang va kattalikdagi mayizlar, yongʻoq, aralashmalar — sotib olishdan oldin har birini tatib koʻrish mumkin.

Ammo eng ajoyib va asosiy mahsulot — shoʻrdanak — ular alohida joyda sotiladi. Toʻgʻri, ichi jigarrang narsa bilan toʻldirilgan bir xil qoplardan iborat rasta alohida taassurot qoldirmaydi, lekin bizga qop emas, qop ichidagi narsa muhim.

Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, aynan shoʻrdanak barcha doʻstlarimda bir xil holat kelib chiqishiga sababchi boʻldi: ular avvaliga tatib koʻrishadi, keyin buning nima uchun bunday ajoyib taʼmga ega ekanligini tushunishga harakat qilishadi, keyin esa qayerdan olganingni, buni qanday tayyorlash mumkinligini soʻrashadi va nihoyat, Rossiyada tashlab yuborishadigan oddiygina danak ekanligini bilishgach, hayratga tushishadi.

Pul bozori

Barcha kerakli narsalarni sotib olgach, ozgina afsuslanish bilan bozorni tark etaman — hali qaytish uchun bilet sotib olishga ulgurishim kerak.

Yoʻlda yana bir mahalliy xususiyatni uchrataman — koʻcha sarroflari. Aviakassalar oldida qoʻllarida bogʻlam-bogʻlam soʻmlarni ushlagancha oʻrta yoshli erkaklar yurishadi va valyuta sotib olishni taklif etishadi. Tashqaridan pul almashtirilayotganini ilgʻash qiyin — operatsiya bir necha sekund davom etadi, faqat bir kishi boshqasiga bir bogʻlam pul berayotganini koʻrish mumkin xolos. Qonun posbonlari qoʻliga tushib qolmaslik uchun pulfurushlar ham, ularning mijozlari ham ish bitishi bilanoq ajralishadi. Rasmiy kurs bilan farq anchagina kattaligi bois mijozlar koʻp.

Sarroflarni bogʻlam pullaridan bilib olish mumkin — ular koʻchada pulni yashirib oʻtirishmaydi. Bozorda esa valyutachilarni aniqlash qiyinroq — katta pul aylangani bois ular pullarni qoʻllarida emas, qora tsellofan xaltalarga solib koʻtarib yurishadi.

Suvenirnыe tarelki v Buxare
Sputnik / Anton Kurilkin
Suvenir idishlar

Buxorodan bilet topolmadim — arang ertaga Samarqanddan boʻladigan reysga bilet olishga ulgurdim. Rejalarim oʻzgardi — aeroportga yetib olishga ulgurishim kerak — bu oz-emas koʻp emas 300 kilometr yoʻl degani.

Bu safar ham hafta oxirida Samarqandga borishi kerak boʻlgan Bahodir jonimga oro kirdi, u meni deb safarini oldga surdi va oʻsha oqshomdayoq yoʻlga otlandik.
Uzoq yoʻl oldidan Buxorodagi qishloqlardan biridagi choyxonaga kirdik. Qishloqdagi kechki ovqat shahardagi ziyofatlardan keskin farq qiladi: bu yerda na palov, na shoʻrva taklif qilishadi — buning oʻrniga shashlik va choy berishadi. Bu yerda hamma bir-birini taniydi, shu bois choyxona nafaqat ovqatlanish muassasasi, balki oʻziga xos madaniy markaz, qishloq ahlini oʻziga chorlovchi maskandir.

Na ichkarida, na tashqarida boʻsh joy topildi, ofitsiant yigitcha qayerdandir stol topib keldi va bizni joylashtirdi. Uzoq oʻtirishga vaqt yoʻq, tezda ovqatlanib, yoʻlga tushdik.

Trassa oldidagi shlagbumda bizni militsioner, mahalla uchastka noziri toʻxtatdi. Hujjatlarimizni tekshirgach, Bahodir bilan bir oz gaplashib turdi. Soʻngra jilmayganicha bizni oʻtkazib yubordi.

"Qayerdan kelayotganligingni soʻradi, — dedi Bahodir mashinaga oʻtirarkan. — Mehmon ekanligingni bilgach, seni yaxshilab kuzatib qoʻyishimni, Oʻzbekistonni sharmanda qilmasligimni buyurdi".

Ulugʻbek yulduzi ostida

Samarqandga tunda kirib keldik. Parvozgacha bir necha soat vaqt bor, shuning uchun dam olishga ulguramiz. Ulugʻbek rasadxonasidan sal nariroqda toʻxtadik, bu yerni mahalliy aholi Ulugʻbek deb atarkan.

Bu yerda tun boʻlishiga qaramasdan hayot qaynaydi: magazinlar ishlab turibdi, erkaklar beton supa ustida narda oʻynab oʻtirishibdi (biz bu yerda toʻrt soat turgan boʻlsak, ular narda oʻynashdan boʻshashmadi). Kimlardir Toshkent va Andijonga mashina borligini aytib yoʻlovchilarni chaqiradi, yoʻlovchilar joy egallash uchun shoshiladi.

Mashinada bir soatcha mizgʻigach, chigil yozish uchun pastga tushaman va oldimga bir yigit kelib soʻz qotdi. Moskvadan kelganimni bilgach, oʻzini Anvar deb tanishtirgan yigit Moskva viloyatida ishlaganini aytdi: bir necha yil ichida u santexniklikdan tortib Balashixada taksichilik ham qilibdi. Oktyabrda yana bormoqchi ekan, lekin ikkilanib turibdi.

"Prava"larni taqiqlashdi. Ishlashga qoʻyishmayapti, "prava"ni qayta rasmiylashtirish bir necha oʻn mingga tushadi. Yana patentga toʻla, sugʻurtaga toʻla, yotoqqa toʻla — oʻzingga pul qolmaydi. Qanaqa ishda ishlashga ham hayronman", — deydi Anvar.

Suhbatimiz kutilmaganda boʻlindi- uning yoniga bir necha kishi keldi va undan Toshkentga borishini soʻrashdi. U mashinaga oʻtirarkan, meni yana kelishga va unikida mehmon boʻlishga taklif qildi.

"Anvar desang bu yerda meni hamma taniydi, shu atrofda yashayman", — dedi u.

Tong yorishdi, sotuvchilar issiqqina nonlarni keltira boshlashdi. Yangi kun boshlanmoqda.

"Men albatta qaytaman"

Quyoshning ilk nurlari ostida Samarqand aeroportiga yoʻl olamiz — shahar manzarasi moʻʼjizakor, qaytishga toʻgʻri kelganidan, Sharq marvaridi boʻylab sayr qilishga vaqtim yoʻqligidan koʻnglim gʻashlanadi. Men koʻrmagan, bilmagan yana qancha narsalar qolib ketyapti. Uylar, koʻchalar, bozorlar, odamlar — barcha-barchasi eʼtiborni tortadi. Hattoki uylarning oddiygina darvozasini ham soatlab tomosha qilish mumkin — ularning bari bir-biridan boshqacha, ajoyib naqsh va gullar bilan bezatilgan.

Aeroportning oʻzi ham tongda shu qadar goʻzalki — yashillika burkangan oynavand bino. Ichkarida hammasi yuqori darajada tashkillashtirilgan. Hattoki odatda tartibsizlikka aylanadigan samolyotga oʻtirish ham tezda va ortiqcha daxmazalarsiz oʻtadi.

Bojxonada kutilmagan hol yuz berdi: agar mamlakatga kirayotganimda buyumlarimni tekshirishmagan boʻlishsa, ketayotganimda hamma narsamni tekshirishdi: ryukzagimni ochib koʻrishdi, kitobimni varaqlashdi, ziravorlar solingan xaltani ochishdi, hattoki hamyonimning har bitta boʻlmasini koʻrib chiqdi. Hech qanday qonunga xilof ish qilmagan va hech qanday taqiqlangan narsa olib ketmayotgan boʻlsangiz ham bu jarayon asabingizni buzadi. Lekin tartibga boʻysunish kerak.

Shaxsiy tekshiruv ham sinchkovlik bilan oʻtdi: buyumlarim rentgen skaneri va metall qidirgichdan oʻtganidan keyin kiyimlarimni paypaslab koʻrishdi va barcha texnikani koʻrsatishim hamda yoqishimni soʻrashdi — xodim uning ishlashiga va kontrabanda tashish vositasi sifatida foydalanmayotganimga ishonch hosil qilishi kerak ekan.

Shunday ekan, bu moʻʼjizakor shaharga kelgan turistlar mana shunday jarayonlarga tayyor turishlari kerak. Buning hech qanday qoʻrqinchli tomoni yoʻq va koʻp vaqtni olmaydi, lekin bunday holatga koʻnikmaganlar oʻzlarini noqulay his etishlari mumkin. Biroq xavfsizlik hamma narsadan ustun turadi.

Nihoyat barcha tekshiruvlar ortda qoldi va men keng va yorugʻ kutish zalida oʻtiribman. Bir bufet ishlab turibdi, ofitsiant yoʻlovchilarga choy va kofe tayyorlayapti. Kofe yaxshi ekan, narxi ham aeroportlarning yovvoyi narxlaridan ancha arzon.

Harbiy libos kiygan kishilar nigohi ostida laynerga yoʻl olamiz. Samolyot belgilangan vaqtda mehmondoʻst oʻzbek zaminidan koʻtariladi va meni Moskvaga olib ketadi. Qadim shahar masjid va madrasalarining moviy gumbazlariga koʻzim tushar ekan, bu shaharga yana albatta qaytaman degan fikr xayolimdan oʻtadi.

Mavzu:
Maxsus reportaj: Moskvadan Buxoroga avtoulovda sayohat (6)

Asosiy mavzular