O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov vafot etdi

© UzbekfilmObid Yunusov, "Chinor ostidagi duel" filmidan lavha.
Obid Yunusov, Chinor ostidagi duel filmidan lavha. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish

 

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Betakror va yorqin obrazlari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan, iste’dodli teatr va kino aktori Obid Yunusov bugun, 21-sentabr Toshkentda vafot etdi, O‘zbekiston respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi xabariga ko‘ra

Obid Yunusov 1934-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956-yilda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktorlik fakultetida o‘qidi. O‘qishdan keyin Hamza O‘zbek davlat  akademik drama teatrida 1996-yilga qadar ishladi. O‘zining salkam 40-yil davom etgan akterlik ijodi davomida Obid aka Yunusov yuzdan ziyod turli qiyofaga va dunyoqarashga ega bo‘lgan, turli millatga mansub obrazlarni yaratdi.

Bu teatrda g‘arb, sharq, rus va o‘zbek dramaturgiyasining noyob durdonalari sahna yuzini ko‘rgan. Ularning ko‘pchiligidagi bosh rollar Obid Yunusovga ishonib topshirilgan, aktor ularni qiyomiga yetkazib o‘ynab, teatr ijodiy jamoasining ishonchini oqlagan.

Rozovning "Oqshomdan tushgacha" dramasidagi Kirill, Uyg‘unning "Parvona" komediyasidagi O‘tkuriy va Sh.Xolmirzaevning "Qora kamar" dramasidagi Eshon obrazlari Obid Yunusov iste’dodini yorqin namoyon etadi. Bu obrazlar ayni paytda aktor ijodining yetuk namunasi, o‘zbek teatr san’atining katta yutug‘i hisoblanadi.

Obid Yunusov kinoda Yunus (Xachaturov, "To‘ylar muborak", 1978), Abdulla (R.Muhammadjonov, M.Abzalov "Chinor ostidagi duel", 1978), Asqar (S.Ahmad, M.Abzalov, "Kelinlar ko‘zg‘oloni"), Mullado‘st (Hamza, M.Abzalov,"Maysaraning ishi", 1988) kabi 30 dan ortiq puxta va to‘laqonli obrazlar yaratdi. "O‘zbekfilm" kinostudiyasida uzoq yillar dublyajda faol qatnashib, 1000 dan ortiq filmlarga ovoz berdi.

Iqtidorli teatr va kino aktori Obid Yunusovning san’atdagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1987-yilda unga "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvoni berildi. 1988-yilda u Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1994-yilda aktorning 60 yoshlik to‘yi nishonlandi.

Obid Yunusovning ijodiy izlanishlari, u yaratgan betakror obrazlar, o‘zbek teatr va kinosiga qo‘shgan munosib hissasi xalqimiz qalbida saqlanib qoladi.

 

Yangiliklar lentasi
0