O‘zbekistonda keksalarni moddiy ta’minlash uchun 73 mlrd so‘m sarflandi

Obuna bo‘lish
Kasaba uyushmalari tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi: ular oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon bilan ta’minlandilar. O‘n to‘rt ming nafar nuroniyga davlat hisobidan sanatoriylarga yo‘llanma topshirildi.

TOShKENT, 2 dek — Sputnik. “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturini hayotga tatbiq etish uchun kasaba uyushmalari tomonidan 73  mlrd so‘m mablag‘ sarflandi, deb xabar beradi Sputnik muxbiriga, O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimi.

Jumladan, Kasaba uyushmalari keksa yoshdagi nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qonunchilik loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etdilar. Keksa avlod vakillariga uyushma tomonidan bepul huquqiy maslahat klinikalari tashkil qilindi.

— Albatta, biz, nuroniylar uylarida istiqomat qilayotgan keksalarimizni ham yoddan chiqarganimiz yo‘q. Bayramlardan ulardan xabar olib, sovg‘a-salomlar ulashdik. Ular uchun madaniy xordiq, tadbirlar tashkil qildik. Yana uch mingga yaqin keksa yoshdagi kishilarga kasaba uyushmalari tomonidan: muzlatgich, kir yuvish mashinasi, changutgich kabi zamonaviy elektr-maishiy texnika jihozlari topshirildi. Shuningdek, faxriylarga mamlakatimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar uyushtirildi, — deb o‘rtoqlashdi kasaba uyushmasi xodimi.

Yil davomida kasaba uyushmalari keksa yoshdagi kishilarning sog‘lomlashtirish va ularning maroqli hordiq chiqarishlariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Yil boshidan 4,6 mingga yaqin nafaqada bo‘lgan pensionerlar kasaba uyushmalarining imtiyozli yo‘llanmalari asosida yurtimizdagi sanatoriy, davolash muassasalarida salomatligini mustahkamladi.

Shuningdek, nafaqa yoshidagi keksalar o‘rtasida muntazam ravishda: shaxmat, shashka, stol tennisi va badminton bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib turildi.  

Yangiliklar lentasi
0