TOSHKENT, 23 dek — Sputnik. Rossiyaning Bosh Qorbobosi bolalardan har yili 3 millionga yaqin maktub oladi.
“Bolalar avgust oyidan boshlab menga xat yozishni boshlaydilar. Bu yilgi maktublarda ular koʻproq tinchlik va baxt soʻrashgan. Sovgʻa soʻraganlar kamchilikni tashkil qiladi”, — oʻrtoqlashdi Qorbobo chorshanba kuni oʻtkazilgan anjuman davomida.
Qorboboning soʻzlariga qaraganda, bolalar oʻz maktublarida koʻpincha telefon, planshet va kompyuter soʻrashadi. "Kulgili mazmundagi xatlar ham uchrab turadi. Mana misol uchun: Qorbobojon, sening borligingga ishonmasam ham, lekin menga iPhone 6 sovgʻa qilishingni juda-juda xohlayman", — oʻqib berdi sehrgar.
Qorqiz ham oʻz nomiga kelgan antiqa maktub haqida esladi. Maktub mazmuni quyidagicha: “Qorqiz, seni baribir topaman! Yalmogʻiz”.