Islom Karimovning Yangi yil tabrigi

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy / Mediabankka o‘tishO‘zbekiston prezidenti Islom Karimov
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov fuqarolarni Yangi yil bilan tabrikladi. Prezident tabrigining to‘liq matni bilan quyidagi maqolamizda tanishing.

 

Aziz vatandoshlarim!

Mana shu fayzli oqshomda bayram dasturxoni atrofida to‘planib o‘tirgan siz, hurmatli yurtdoshlarimni, butun O‘zbekiston xalqini yangi – 2016-yil bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga qut-baraka tilashni o‘zim uchun katta baxt, deb bilaman.

Mana, azizlarim, qadrdonlarim, bugun biz vaqtning azim daryodek shiddat bilan o‘tishiga yana bir bor guvoh bo‘lib, yangi yilga, hayotimizning yangi bir dovoniga qadam qo‘ymoqdamiz.

Ayni shu lahzalarda o‘tayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida boshimizdan kechirgan, yon-atrofimizda bo‘lib o‘tgan tashvishli va quvonchli voqealarni, amalga oshirgan ishlarimizni beixtiyor ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazamiz, shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga shukronalar bildiramiz.

Mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos o‘zgarishlarni, xonadonlarimiz, mahalla, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizning qiyofasi tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotganini hisobga olib, oxiriga yetayotgan yilimizga yakun yasab, xolisona aytadigan bo‘lsak, 2015-yil biz uchun har tomonlama xosiyatli va fayzli bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Bularning tasdig‘i haqida gapirganda, ruxsatingiz bilan ayrim misol va raqamlarni keltirishni o‘rinli, deb bilaman.

Keyingi 11-yil davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti jahondagi kamdan-kam davlatlar qatorida barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgani, shu jumladan, 2015-yilda ham yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmaganining o‘zi, haqiqatan ham, tarixiy bir voqeadir, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlari jadal taraqqiy topayotgani, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarning ishga tushirilayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berilayotgani, axborot-kommunikatsiya tizimlarining hayotimizga faol joriy etilayotgani, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning dunyo bozorida raqobatdoshligi ortib borayotgani – bularning barchasi biz erishayotgan yutuqlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida mirishkor dehqon va fermerlarimizning, turli qiyinchiliklarga qaramasdan, 7 million 500 ming tonnadan ziyod g‘alla, 3 million 350 ming tonna paxta, 14 million 500 ming tonnaga yaqin sabzavot va poliz, 4 million 300 ming tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirgani bozor va do‘konlarimizdagi mo‘l-ko‘lchilikni, narx-navoning meyorida bo‘lishini ta’minlashga katta hissa bo‘lib qo‘shildi va buning uchun dala mehnatkashlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Ana shunday salmoqli natijalarimiz 2015-yilda aholimizning real daromadlarini 9,6 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini 21,9 foizga oshirish imkonini berdi.

Shular qatorida xalqimizning ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish, ilmu fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport, turli gumanitar tarmoqlarni yangi, zamon talab qiladigan bosqichga ko‘tarish biz uchun doim ustuvor yo‘nalishlar qatorida bo‘lib kelmoqda.

Lekin, agar bugungi zamon qanday shiddat bilan o‘zgarib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu sohalarga, avvalo, ta’lim-tarbiya sohasiga e’tiborimizni yanada kuchaytirishimiz darkor.

Chunki zamon o‘zgarishi bilan odam, inson ham o‘zgaradi, uning dunyoqarashi, hayotga, hayotdagi o‘z roli va burchiga munosabatlari va qarashlari bir holatda turmaydi.

Ayniqsa, katta ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan aziz farzandlarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshirayotgan dasturlarimiz biz oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga javob berishiga ishonchimiz mustahkam bo‘lishi zarur.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, biz dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarilishni eng yuksak maqsadimiz sifatida qo‘ygan ekanmiz, bunday o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifa, avvalambor, hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan, zamonaviy bilim va tajribaga ega bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvarligi va hozirligi bilan ajralib turadigan yosh avlodimiz zimmasiga tushadi.

O‘rtaga qo‘yilgan bunday ulkan vazifaning naqadar chuqurligini va mas’uliyatini hisobga oladigan bo‘lsak, ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishda mablag‘imizni ham, o‘zimizni ham ayamasligimiz kerak, deb o‘ylayman.

Aziz do‘stlarim, qadrli yurtdoshlarim!

2015-yil mobaynida mamlakatimizning kuch-qudrati va salohiyatini, xalqimiz farovonligini yanada oshirish, jahon maydonida Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida yangi-yangi marralarni zabt etganimiz, xalqaro miqyosdagi nufuzli reytinglarda O‘zbekistonning yuqori o‘rinlarni egallayotgani hammamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Tasavvur etishning o‘zi ham qiyin bo‘lgan ana shunday ulkan yutuqlarimizni sarhisob qilib, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan nuqtayi nazardan bosib o‘tgan yo‘limizni baholar ekanmiz, to‘la ishonch bilan aytmoqchiman: bunday yuksak muvaffaqiyatlarning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan, ana shu natijalarga erishish yo‘lida mashaqqatli sinovlarda toblangan, mard va tanti xalqimiz oldida, barcha-barcha vatandoshlarimiz oldida chin qalbdan ta’zim qilishni o‘zim uchun katta sharaf deb hisoblayman.

Muhtaram do‘stlar!

Mana shunday hayajonli va shukuhli damlarda har qaysi inson yangi yilni kutib olar ekan, ayni shu daqiqalarda qalbida, yuragida saqlab kelayotgan ezgu orzu-umidlarning ushalishini, oilasi, yaqinlari, ona yurti tinch-omon bo‘lishini, yangi yil yanada xayrli va barakali bo‘lishini xayolidan o‘tkazadi.

Ishonchim komilki, kirib kelayotgan 2016-yilimiz 2015-yilga nisbatan kam bo‘lmasdan, xosiyatli va samarali bo‘lishiga to‘liq asoslarimiz bor. Buning uchun oldingi yillarda mamlakatimizda har tomonlama mustahkam zamin – poydevor tashkil qilingani hech kimga sir emas. Shu bilan birga, kutilayotgan turli qiyinchilik va to‘siqlarni yengish uchun biz katta tajribaga egamiz.

Mavjud bo‘lgan to‘siq va muammolar haqida gapirganda, avvalo, tashqi tomondan paydo bo‘layotgan omillar, ya’ni, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgani, dunyo bozorlarida vaziyat noaniq bo‘lib qolayotgani, terrorizm va ekstremizm balosi tobora kuchayib borayotganini va bunday og‘ir muammolar jahondagi ko‘pgina davlatlar boshiga katta bir savdo bo‘lib, shu jumladan, bizning yelkamizga ham tushganini ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

Bunday vaziyatga qaramasdan, bizning prognoz va hisob-kitobimiz shuni ko‘rsatadiki, kirib kelayotgan 2016-yilda iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlari 7,8 foizga, aholining jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlari 9,5 foizga, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarning miqdori turli manbalar hisobidan 15 foizga oshishi kutilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2016-yilda davlat budjetida ilmu fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport tarmoqlarini o‘zida mujassam etgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflanadigan mablag‘lar 2015-yilda o‘zlashtirilgan mablag‘larga nisbatan ancha ko‘proq bo‘lib, davlat budjeti umumiy xarajatlarining 59,1 foizini tashkil etadi.

Kirib kelayotgan yilda barcha moliyaviy manbalar hisobidan iqtisodiyotimizga 17 milliard 310 million dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalar yo‘naltirilib, ularning 23,5 foizini chet el investitsiyalari tashkil etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi – 2016-yil ko‘pgina ko‘rsatkichlar bo‘yicha yakuniga yetayotgan 2015-yilga nisbatan kam bo‘lmasdan, balki ko‘p sohalarda undan ancha yuqori va ziyoda bo‘lishi mo‘ljallanmoqda.

2016-yilda umumiy qiymati 5 milliard 500 million dollar bo‘lgan 164 ta yirik ishlab chiqarish obektida qurilish ishlarini yakuniga yetkazish va ularni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shular qatorida Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har birining quvvati 450 megavatt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energiya bloki qurilishini nihoyasiga yetkazish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis ishlab chiqaradigan metall eritish korxonasini barpo etish kabi o‘ta muhim loyihalar borligini ta’kidlash lozim.

2016-yilda xitoylik sheriklar yordamida Qamchiq dovonini kesib o‘tadigan 19 kilometrlik tunnel qurilishini tugatib, Farg‘ona vodiysini butun O‘zbekiston bilan bog‘laydigan temir yo‘l ishga tushirilishi, shuningdek, “Toshkent – Samarqand” tezurar temir yo‘l qatnovining Buxorogacha yetib borishi belgilangan.

Ayni vaqtda “Jeneral motors – O‘zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modelidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida yillik quvvati 80 ming tonna bo‘lgan oltingugurt granulalari tayyorlaydigan korxonani barpo etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, zamonaviy traktorlar, yangi rusumdagi mobil telefonlar, planshet komputerlari, noutbuklar, televizor va xolodilniklar, konditsionerlar hamda boshqa maishiy elektr texnika buyumlari, keng turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqaradigan quvvatlar ham foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “Boing-787” havo laynerlarining eng zamonaviy avlodiga mansub ikkita yangi samolyot bilan ta’minlanishi mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Mamlakatimizda yangi yilga “Sog‘lom ona va bola yili” deb nom berganimizni el-yurtimiz katta mamnuniyat bilan kutib olgani va keng qo‘llab-quvvatlayotgani, bu qaror zamirida mujassam bo‘lgan “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan g‘oya xalqimizning olijanob orzu-intilishlariga nechog‘liq hamohang ekanidan dalolat beradi.

Qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan yangi – 2016-yil bilan yana bir bor qizg‘in tabriklayman.

Mana shu hayajonli daqiqalarda siz, azizlarga qalbimning to‘rida bo‘lgan eng samimiy tilaklarimni izhor etaman:

muhtaram faxriylarimizning umrlari uzoq bo‘lsin,

munis ayollarimizning chehrasidan tabassum arimasin,

dilbar qizlarimiz yanada go‘zal va chiroyli, baxtli-saodatli bo‘lsin,

yoshlarimizning baxtu iqbolini bersin.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Islom Karimov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yangiliklar lentasi
0