TOSHKENT, 19 fev — Sputnik, Nataliya Shmakova. Turkiya prezidentining oʻgʻli — Bilol Erdoʻgʻon ustidan Bolonya(Italiya) shahri prokuraturasi jinoiy ish qoʻzgʻadi. Bilol noqonuniy yoʻl bilan topilgan pullarni yuvishda ayblanmoqda, RIA Novosti xabari asosida.
Oʻttiz besh yoshli Bilol Erdoʻgʻon hozirda Italiyaning Jons Xopkins nomidagi universitetida doktorlik dissertatsiyasini yozayotgani bois, oʻtgan yildan buyon rafiqasi va ikki farzandi bilan Bolonyada istiqomat qilib keladi. Bilolga qarshi ish – Turkiya prezidenti Toyib Erdoʻgʻonning siyosiy dushmani, hozirda Frantsiyada istiqomat qiluvchi Murod Xoqon Oʻzan tomonidan berilgan ariza asosida qoʻzgʻatilgan.
Toʻrt sahifadan iborat hujjatda, Bilol Erdoʻgʻon — 2013 yil dekabrda Turkiyada katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan poraxoʻrlik bilan bogʻliq mojarolarning bosh “qahramoni” boʻlgani taʼkidlanadi.
Arizaga, shuningdek, ota va oʻgʻil oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon qoʻngʻirogʻi stenogrammasi ham ilova qilingan. Unga koʻra, suhbat davomida Toyib va Bilol Erdoʻgʻon “uyda naqd yotgan millionlab yevrodan qanday qutilishni” muhokama qilishgan. Gap, Bilol izmida boʻlgan 30 million yevro haqida borayotgani taʼkidlanmoqda.
"Bilol Erdoʻgʻon Italiyaga bir toʻda qurollangan tan soqchilari qurshovida tashrif buyurdi. Ammo davlat organlari xodimlari tan soqchilarga mamlakat hududiga kirishga ruxsat bermadilar. Shundan soʻng, bir necha soat ichida, tan soqchilarga Turkiyadan turk diplomatlari pasportlari berib yuborildi. Xullas, endi, Bilol Erdoʻgʻonning tan soqchilari Italiyadagi turk diplomatlari hisoblanadi”, — deb taʼkidladi Murod Hoqon va Bolonya sudidan Turkiya prezidenti oʻgʻliga qarshi jinoiy yoʻl bilan topilgan pullarni yuvish moddasi boʻyicha ish ochishni soʻradi.