Dunyoda

Morg rahbari bilan ochiq suhbat

Patologoanatomlarni qanday kasalliklar ajablantiradi, morg xodimlariga nima uchun inson organlarini oʻgʻirlashdan foyda yoʻq?.. Sputnik Qirgʻiziston muxbiri Asal Minbayeva ana shu savollarga javob olishga harakat qildi.

TOSHKENT, 20 fev — Sputnik. "Meni suratga olishning keragi yoʻq!" — Respublika patologoanatomiya byurosi rahbari Valentina Paxmanning ovozi hech qanday eʼtirozga oʻrin qoldirmadi. Ammo, u oʻz kasbi haqida gapirishga, bajonidil rozi boʻldi. Manba: Sputnik Qirgʻiziston.

— Bu yerga qanday kelib qoldingiz? Ayol kishi terapevt yoki pediatr boʻlishni orzu qilishini tushunaman. Ammo patologoanatom boʻlishi?!

— Murdani yorib koʻrishni orzu qiladigan ayolga — u ruhiy xasta, deb tashhis qoʻyish mumkin. Bundaylardan yuz chaqirim narida yuring. Ruhan sogʻlom inson hech qachon murdani yorib koʻrishni xohlamaydi. Ammo, shukrki, ishxonamizdagi barcha xodimlar, bu yerga, tasodif tufayli kelishgan.

Baʼzi birlari klinikalarda ishlagan, nimadir boʻlib, bu yerga kelishga majbur boʻlgan. Men esa tumanga ishga yuborishlarini xohlamaganim uchun, shu sohaga ishga oʻtishga majbur boʻlganman. Sobiq Ittifoq davri edi, turmushga chiqmagandim. Batkenga borib ishlashni xohlamasdim. Faqat patologoanatomga shaharda qolishga ruxsat berilgandi. Shu bois, bu yerga kelganman. Murdalarni yorib koʻrishni orzu qilmaganman. Nimaiki boʻlsa ham, shaharda ushlanib qolishni xohlaganman, xolos.

— Birinchi marta juda qoʻrqqan boʻlsangiz kerak?

— Oldindan aytib qoʻyay, murdani yorish, bizga zavq bagʻishlaydi, deb oʻylaydiganlar, qattiq yanglishishadi. Biz uchun tashhis qoʻyish muhim.

Birinchi vaqtlarda morgga kiganimda, sanitarlar murdaga kiyim kiydirayotgan boʻlishardi. Men dahshatga tushardim. Axir u murda-ku! Murdalar yalangʻoch holda yotadi, deb oʻylardim-da.

Bizni bu ishga asta-sekinlik bilan oʻrgatishdi. Boshida, oʻlgan odam tanasi bilan universitetga yuborishardi. Murdani sinchkovlik bilan oʻrganishimiz uchun. Oʻqishdan kechki toʻqqizlarda qaytar edim, 80 foiz vaqtimni murda bilan birga oʻtkazardim. Uni oʻrganardim. Menga berishgan oʻsha birinchi murdani yigirma besh yildan keyin, minglab murdalar orasidan ham ajratib ololaman. U menga, boshqa murdalardan koʻra, yaqinroq boʻlib qolgan. Doʻstlarimni taniy olmasligim mumkin, ammo birinchi murdamni taniy olaman.

— Siz juda qattiqqoʻl ayoldek taassurot uygʻotasiz. Odamlarga rahmingiz kelgan vaqtlar ham boʻladimi?

— Albatta, juda ham rahmim keladi. Bilsangiz, biz shifokorlardan koʻra rahmdilroqmiz. Baʼzan toʻgʻri tashhis qoʻydirish maqsadida, qoʻl yoki oyoqni yorishga toʻgʻri keladi. Biz bu ishni xohlamay amalga oshiramiz…

— Oʻlikxonaga keltirilgan murdalar orasida, juda ham rahmingizni keltirganlari boʻlganmi?

— Ha. Bizga tugʻruq vaqtida oʻlgan bir ayolni olib kelishgan edi. Unda yurak nuqsoni kasalligi boʻlgan. Tugʻruq vaqtida ahvoli juda yomonlashgan, qutqarib qolishning iloji boʻlmagan. Chaqaloq esa sogʻlom tugʻilgan. Unga hamma – HAMMA –  homilador boʻlish mumkin emasligini aytgan ekan. Ayolning oʻzi ham ancha vaqt homilador boʻlolmay yurgan. Davolangan, shifoxonalarga tinmay qatnagan, va nihoyat, oʻz maqsadiga erishgan. Ammo, orzusi amalga oshgach, hayotdan koʻz yumdi. Men u ayolga juda ham achindim. Negaki, u ayolga, farzandini koʻrish nasib qilmadi.

— 2006-yilda kasalxonada hayotdan koʻz yumgan bemorni qarindoshlari, u yorib koʻrilmasdan turib, olib ketishlari mumkinligi haqida qonun chiqdi. Bundan qandaydir oʻzgarish boʻldimi?

— Bu qonun tufayli hamma narsani boy beryapmiz. Shifokor oʻz mehnati natijasini koʻrishi kerak. Hatto, santexnik ham, u quvurni sozlaganidan keyin, undan suv oqyaptimi-yoʻqmi, bilishni xohlaydi.Shifokorlar esa hozirda, baribir olib borib koʻmishadi, shunday ekan, qanday davolashning nima ahamiyati bor, degan xulosaga kelib qoʻyishgan.

Buning natijasida, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi pasayib ketdi. Ilgarilari, murdalar yuz foiz yorib koʻrilardi, hozir esa har oʻntadan bittasi. Nomini aytishni xohlamayman, oʻtgan yil shahrimizdagi kasalxonalarning birida oʻlgan bemorlarga yuz foiz holatda, notoʻgʻri tashhis qoʻyilganini bildik.

Yaʼni, har bir yorib koʻrilgan odam, shifokor qoʻygan tashhisdan vafot etmagan.

— Nahotki, buni murdaning qarindoshlari tushunishmasa? Yoki bu haqda ularga hech kim hech narsa aytmaydimi?

— Nazariy tomondan olib qaraganda, oʻlgan odamning qarindoshlarini, murdani yorib koʻrishga koʻndirishga haqliman. Ammo hech qachon buning uddasidan chiqa olmaganman. Ularga soʻzlagan otashin nutqimdan soʻng, ular menga nima deydi bilamizmi?

Ularning hammasi bir xil gapni aytishadi:

"Keling, menga hozir murdani yormasdan berasiz, sogʻliq muhofazasi bilan esa, keyin shugʻullanaverasiz".

Murdani, u yorib koʻrilmasidan turib, kasalxonadan olib ketayotganlar ertaga yoki indin klinikaga tushadigan boshqa bir tirik odamga oʻlimga mahkum qilishayotganini tushunishmaydi. Murda yorib koʻrilsa, u nimadan vafot etganligi oʻrganilsa, bundan shifokorlar xulosa chiqarib, ertaga kimnidir qutqarishga muvaffaq boʻlardilar, ehtimol. Ammo bu hech kimga qiziqmas…

— Murdaning yaqinlari haqiqatni bilishni istamasliklarini qanday izohlaydilar?

— Har xil. “U oʻzi hayotda juda qiynalgan”, “Musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydi…”, “Bu nimani oʻzgartiradi…”

Balki, siz bu bilan ertaga oʻz nabirangizni qutqararsiz! Ammo, bu hech kimga qiziqmas. Shu paytgacha ikki kishini koʻndirishga muvaffaq boʻldim. Hech kimni koʻndira olmadim, deb  hisoblayvering.

— Balki ular siz biror organni olib qoʻyishingizdan qoʻrqishar?

— Biz, yorib koʻrish jarayoniga begonalarni kiritamiz. Ammo, qarindoshlar uchun bu kerak emas. Sababi, yaqin insonni bunday ahvolda koʻrishga, hammaning ham yuragi dosh bermasligi mumkin.

Odamlarning oʻzlari bizdan yorib koʻrish vaqtida ishtirok etishga ruxsat soʻrashgan vaqtlar boʻlgan, biz hech kimga rad javobini bermaganmiz.

— Morg xodimlari oʻlgan odamlarning tana aʼzolarini sotishlari rostmi?

— Oʻlgan odamlarning tana aʼzolarini? Nima uchun?

— Tiriklarga koʻchirib oʻtkazish uchun… Buyraklar, jigar degandek…

— Inson taʼnasini koʻchirib oʻtkazish nima degani oʻzi, bilasizmi? Inson organlari yurak urib turgan vaqtda chiqarib olinishi lozim. Hech boʻlmaganda, yurak urishdan toʻxtagan vaqtdan ikki daqiqa oʻtgach. Transplantologlar, hatto, bu haqda taʼkidlaydilar. Odam oʻlganidan keyin ikki soat oʻtgach, organni olib boʻlmaydi, u chirik material hisoblanadi.

— Patologoanatomlar uchun morgda tushlik qilish tabiiy hol ekanligi, rostmi?

— Bizlar oddiy odamlarmiz. Tushlik qilish uchun kabinetimiz bor. Ammo, garov oʻynasak, masalan, yuz dollarga, hoziroq morgda tushlik qilishga roziman!

— Hidlarga qanday koʻnikdingiz?

— Bizda badboʻy hid yoʻq. Tanadan odam hidi keladi. U ikki soat oldin jonlantirish boʻlimida yotgan. Farqi shundaki, oʻshanda u nafas olgan, hozir esa — yoʻq. Klinikalarda hidlar yomon boʻladi. Bizda esa hammayoq toza, chetdan qaraganda, sterildek taassurot uygʻotadi.

— Bilishimcha, sizlarda kadrlar yetishmovchiligi katta muammo. Nima uchun yoshlar sizlarga ishga kelmaydi?

— Chunki maosh oz. Ish oʻrganish uchun esa uzoq oʻqish kerak. Oliygohni tamomlagandan keyin ham, besh yil ish oʻrganishga toʻgʻri keladi.

Murdani yorish qiyinmas. Tashhis qoʻyish, barcha kasalliklarni yod olish qiyin. Hatto, jarrohlar orasida ham hamma narsa qoʻlidan keladiganlari yoʻq. Bizdan esa juda katta hajmdagi informatsiyani bilish talab etiladi.

Men 20 yildan beri shu sohada ishlab kelaman. Baribir, murakkab, notanish holatlarga duch keladigan vaqtlarim boʻladi. Baʼzan, mendan koʻra tajribali hamkasblarim oldiga yugurishimga toʻgʻri keladi. Shunday qilaman ham, erinish yoki uyalish degan tushunchalar menda yoʻq. Jamoamiz bilan birgalikda, galalashib, tashhis qoʻygan vaqtlarimiz ham boʻlgan.

— Agar oʻtmishga qaytish imkoni boʻlganida, hayotingizni oʻzgartirgan boʻlarmidingiz? Boshqa kasbni tanlarmidingiz?

— Hech narsani oʻzgartirishni xohlamasdim. Oʻz mutaxassisligimni topganimdan, xursandman.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala