Jamiyat

Toshkentda bojxona xodimlari 70 ming dollarning "uchishiga" chek qoʻyishdi

© Sputnik / Vladimir Sergeyev / Fotobankka oʻtishAQShning 100 dollarlik valyutasi.
AQShning 100 dollarlik valyutasi. - Sputnik Oʻzbekiston
Oʻzbekistonda yil boshidan buyon bojxona deklaratsiyasiga kiritilmagan valyutalarni 60 marotaba olib chiqishga urinish holatlari qayd etilgan. Yoʻlovchilar valyutani jomadonlar, ichki kiyim yoki qoʻlga olinadigan yuk orasida olib chiqib ketishga uringanlar.

TOSHKENT, 15 apr — Sputnik. Natijada, joriy yilning dastlabki choragida Toshkent xalqaro aeroporti orqali bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 58 ta bojxona qoidabuzarlik holatlarida 212 mln. soʻmdan ortiq ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy ravishda olib oʻtilishiga chek qoʻyildi, deb xabar qilmoqda Davlat bojxona qoʻmitasi.
Jumladan, Almati shahriga parvozi oldidan qoʻshni davlat fuqarosi A.Sergeyeva (maqoladagi barcha ism-shariflar oʻzgartirilgan) bojxona nazorati vaqtida shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganda, choʻntagida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilinmagan 2100 AQSH dollarini yashirgancha olib chiqishga uringani fosh boʻlganligi aytilmoqda.

“Toshkent-Minsk” reysi boʻyicha safarga otlangan poytaxtlik O.Nazarova esa bojxonachilarning koʻzini shamgʻalat qilishga urinib, ichki kiyimlari orasiga yashirilgan 2200 AQSH dollarini olib chiqishga uringan paytda toʻxtatib qolingan.

“Omadi” chopmaganlar qatorida navoiylik T.Zafarova xam borligi taʼkidlanmoqda. Poytaxtdan Yekaterinburgga uchish oldidan bojxona koʻrigi davomida ushbu ayol sumkasidagi 2400 AQSH dollarini yoʻlovchi bojxona bayonnomasidan ataylab “tushirib” qoldirgani aniqlangan.
«Toshkent-Frankfurt» yoʻnalishi boʻyicha uchib ketishga shaylanar ekan namanganlik K.Kodirov belgilangan meʼyordan ortiqcha valyutani choʻntagiga solib, bamaylixotir oʻtib keta olaman deb oʻylagan. Ammo, uning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uygʻotgan. Natijada, u 2900 AQSH dollari bilan “xayrlashishi”ga toʻgʻri kelgan.
Rossiyalik N.Ivanova ham tavakkalning “kattasi”ga qoʻl urgan. Novosibirskka parvozi avvalida ushbu ayolga tegishli sumka bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda, unga noqonuniy tarzda olib chiqish maqsadida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilinmagan 4200 AQSH dollari yashirilganligi maʼlum boʻlgan.

Bangkokka otlangan buxorolik J.Olimova esa bojxonachilar qarshisida yer chizib qolgan. Ayol 4910 AQSH dollarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilishni “unutib” qoʻygan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilayotgani xabar qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxslar tomonidan toʻldiriladigan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida naqd chet el valyutalari mavjudligi va miqdori koʻrsatilishi shart. Respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSH dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Norezidentlarga esa Oʻzbekistonga kirib kelayotganda oʻzi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.

Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning oʻrnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala