Toshkentda aholining yordamga muhtoj qatlami uchun reabilitatsiya markazi ochilmoqda

Obuna bo‘lish
Yevropa Ittifoqi tashkil qilayotgan markazda turli hayotiy qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolarga, ya’ni mahbuslikdan ozod qilinganlar, giyohvand moddalarga tobe, VICh kasalligiga chalingan va boshqa toifadagi fuqarolarga yordam ko‘rsatiladi. Loyiha ikki yilga mo‘ljallangan.

TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Joriy yilning 28-iyun sanasida Toshkentda aholining yordamga muhtoj qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi ochilishi kutilmoqda. “Uyga to‘laqonli hayot sari yo‘l” loyihasi doirasida tashkil qilingan markaz uchun mablag‘ Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan, deb xabar qildi chorshanba kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Loyiha psixologik va yuridik yordam ko‘rsatish, shuningdek, Toshkentda Ijtimoiy yordam sinov markazini tashkil etish orqali aholining zaif qatlami vakillarini kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishda hamkorlik olib borishga yo‘naltirilgan.

"Ikki yildan ortiq muddatga mo‘ljallangan loyiha Germaniya Milliy universitetlar assotsiatsiyasi (DVV International) tomonidan amalga oshiriladi hamda Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda istiqomat qiladigan aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami – jazoni ijro etish joylaridan ozod etilgan, giyohvand moddalarga qaram bo‘lgan, VICh(OIV) kasalligi bilan yashovchi, silga chalingan va boshqa zaif qatlamlardan iborat 1,5 ming ayol va erkaklarni qamrab oladi”, deb ta’kidlashdi vakolatxonada.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 1996-yilda keng miqyosdagi hamkorlikni ko‘zda tutuvchi Sheriklik va hamkorlik bitimini imzolagan. Yevropa Ittifoqining diplomatik vakolatxonasi O‘zbekistonda 2012-yilda ochilgan. 2015-yilning iyul oyida YeI O‘zbekistonga 2014-2020 yillar davomida O‘zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalarga 168 million yevro ajratishi haqida xabar qilgan edi. Pul mablag‘lari ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligida islohotlarni qo‘llash va ko‘mak berishga, irrigatsiya infratuzilmalarini yaxshilashga hamda agrar sektorda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga sarflanishi ta’kidlangan edi.

Yangiliklar lentasi
0