Tursunboy Rashidov: Toshkentni deyarli “noldan” tiklagan edik

© Sputnik / Georgiy Zelma / Mediabankka o‘tishToshkent zilzilasi
Toshkent zilzilasi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sputnik muxbiri 1966-yil 26-aprel voqealariga guvoh bo‘libgina qolmay, balki, vayronaga aylangan shaharning qayta tiklanishiga katta hissa qo‘shgan inson – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti bosh ilmiy xodimi Tursunboy Rashidov bilan suhbatlashdi.

TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Bundan 50-yil oldin – 1966-yil 26-aprel kuni Toshkentda tonggi soat 5:22 daqiqa 53 soniya o‘tganda vayron etish kuchiga ega bo‘lgan zilzila sodir bo‘lgan edi. “Qudratli silkinish” oqibatida Toshkentda bir yarim million aholidan 300 mingdan ortig‘i uysiz qoldi.

Zilzila natijasida vayron bo‘lgan bino - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda har bir bino zilzilabardoshlikka tekshiriladi

Zilziladan talafot ko‘rgan Toshkentga sobiq Ittifoqdosh respublikalaridan katta yordam ko‘rsatildi: shahar qisqa muddat – 3,5 yilda to‘liq qayta tiklandi. Yangi dahalar, yo‘ldosh shahar – Sirg‘ali bunyod etildi. Umumiy hisobda 1 million 200 ming kvadrat metr turar joy qurildi, 300 ming toshkentlik uy-joy bilan ta’minlandi.
Zilzilani boshdan kechirgan va vayron bo‘lgan shaharni qayta tiklashda ishtirok etgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi Tursunboy Rashidov 1966-yil aprel voqealarini quyidagicha yodga oladi: 

"Zilzila sodir bo‘lishi mening Seysmologiya institutiga rahbar bo‘lib tayinlangan kunimga to‘g‘ri kelgan edi, — deydi olim. Ertalab 10da chaqirilgan majlis davomida mening nomzodim rahbarlikka tasdiqdan o‘tgach, hammamiz zilziladan so‘ng yetkazilgan zarar hajmini aniqlash uchun ko‘chaga chiqdik. Qarangki, yangi ishga o‘tgan kunimdayoq taqdir menga juda katta sinov tayyorlab qo‘ygan edi. Ammo, yosh, kuch-g‘ayratga to‘la emasmanmi, darhol jon-jahdim bilan ishga kirishdim".

"Baxtni qarangki, zilzila tufayli qurbon bo‘lganlar soni unchalik ko‘p bo‘lmadi. Bu borada Toshkentga omad kulib boqdi, deyish mumkin. Qolaversa, aholi o‘rtasida ham sarosima sezilmadi. Zilziladan talafot ko‘rganlar ko‘chada qolmasliklari uchun, palatkalar qurishni tashkillashtira boshladik. Ba’zi bino va inshootlarni tiklash mumkin edi, ammo, umuman olganda, shahar kapital qurilishga muhtoj edi”, — deb o‘z hikoyasida davom etdi suhbatdosh.

Seysmolog olimning so‘zlariga qaraganda, zilzila vaqtidagi ilk silkinishlar markaz tomonidan qayd etilmagan. Suhbatdoshning aytishicha, aynan ular juda katta kuchga ega bo‘ladi. "Afsuski, o‘sha vaqtda stansiya ishlamay qolgan", — deydi Rashidov.

"Bir soniya ham vaqtni o‘ylab o‘tirishga sarflamay, tezkorlik bilan ekspeditsiya tashkil etildi. Ekspeditsiya a’zolari piyoda yurgan holda, juda qisqa vaqt ichida Skverdan Eski shahargacha bo‘lgan hududni o‘rganib chiqdilar. Mutaxassislar talafotlarni o‘zaro taqqoslash yordamida, ro‘y bergan zilzila 8 balldan sal yuqori kuchga ega bo‘lganini aniqladilar. Zilzila o‘chog‘i Toshkent markazi, ya’ni Skver ostidan o‘tgan edi".

Toshkent seysmik jihatdan xavfli Toshkent–Piskom seysmogen zonasida joylashgan. Toshkentda so‘nggi 150-yil davomida 10 ga yaqin kuchli zilzila bo‘lib o‘tgan.

"O‘tkazgan tadqiqotlarimiz natijasida, zilzila kuchi qayerdadir 7 ball, qayerdadir 8 ballni tashkil qilganini aniqladik. Zilzila o‘chog‘idan uzoqlashgani sari vayronakor kuch sekin-asta so‘nib borgani ma’lum bo‘ldi. Xullas, ilmiy qo‘llanmalarga tayangan holda ekspeditsiya o‘tkazgan kuzatuvlar natijasida, Toshkentda 8 ballik zilzila sodir bo‘lganini isbotlab berdik. O‘sha vaqtlarda Moskvaga isbot talab qilmas dalillarni keltirish va hisobot berish oson ish emas edi. Ammo biz bu ishni uddaladik va poytaxtimizni 8 balli zonaga kiritdik”, — deb yodga oladi Fanlar akademiyasi xodimi.

Seysmograf. Zilzila - Sputnik O‘zbekiston
MChS fuqarolarga “9 ballik zilzilani his qilishni” taklif etdi

Olingan seysmik materiallarni sinchiklab o‘rganish va ularni Toshkentoldi hududining tektonik tuzilishi bilan bog‘lash natijasida shu narsa aniqlandiki, Toshkent va uning atrofida ro‘y bergan zilzilalarning kuchi 8 balldan oshmaydi. Shunga ko‘ra zilzila ehtimoli bo‘ladigan seysmogen zonalar asosida tuzilgan mukammal seysmik rayonlashtirish xaritasida Toshkent 8 balli zonaga kiritilgan.

“Shundan so‘ng ulkan Umumittifoq qurilishi boshlandi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarib, Toshkentni qayta tiklash ishlarida sho‘ng‘idi. Bu aql bovar qilmas hodisa edi. Sobiq Ittifoqning deyarli barcha respublikalari bizga yordamga shoshildi. Toshkentga Ukraina, Belorussiya, Rossiya, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab mamlakat va davlatlar aholisi yordam qo‘lini cho‘zgan edi.

Yangi do‘stlar, hamkasblar, suhbatdoshlar bilan tanishdim. Ular bilan birgalikda loyihalashtirish va qurilishdagi murakkab masalalarga yechim topib, arxitektura sohasida yangi yechimlarni amaliyotga kiritdik, shuningdek, obyektlar qurilishida yuqori zilzilabardoshlikka erishdik. U shunday davr bo‘lgandiki, bunda nafaqat quruvchi va arxitektorlar, balki, boshqa soha kishilari ham Toshkentga, shunchaki, o‘zining o‘zbek birodariga xolisona yordam berish uchun kelgan edi. Hatto, uzoq masofa ham ular uchun bu xayrli ishda to‘siq bo‘la olmadi.

Seysmologning xotirlashicha, atigi bir necha yil ichida O‘zbekiston poytaxti qayta tiklandi.  “Toshkentda juda ko‘p binolar qad rostladi, qurilish ishlarida ishtirok etganlarning ko‘pchiligi shaharda qolib ketdi. Ular bu yerda orttirgan axil oilasidan ajralishni istamay qolishgan edi".
“Oradan bir necha yil o‘tgach, ya’ni 1967-yilda, Toshkent metropolitenini qurish haqida gap ochildi. O‘sha vaqtlarda, vayronakor zilzilani boshdan kechirgandan keyin Toshkent metro qurishni rejalashtirishi hech kimning xayoliga kelmagan edi”, — hikoya qiladi Rashidov.

Ekspertning hikoya qilishicha, Toshkent uchun yangi bo‘lgan yer osti obyekti qurilishi atrofida voqealar shiddat bilan rivojlangan, hatto, o‘ta qiziqarli tus ola boshlagan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Markazga bu rejani amalga oshirishning iloji borligi-yu, o‘zbek poytaxti o‘z yer osti temir yo‘liga ega bo‘lishi mumkinligini isbotlash talab qilinardi. "Bu yerda, — deydi mutaxassis, — yer osti inshootlari zilzilalar tufayli vayron bo‘lmasligi bizga juda qo‘l keldi”.
"Yodimda, meni respublika bosh seysmologi sifatida Sharof Rashidov huzuriga chaqirtirishdi. Bu uchrashuvning naqadar muhim va mas’uliyatli ekanligini anglagan holda, u yerda qanday masala muhokama qilinishi haqida hech kim meni ogohlantirmagan edi. Kelsam, butun Ittifoqdan loyihachilar, quruvchilar va arxitektorlar to‘plangan. Tuproq qatlami unchalik yaxshi bo‘lmagan, qolaversa, seysmik jihatdan xavfli hududda qanday qilib metro qurilishi mumkin, degan savol o‘rtaga tashlangan edi. Shu payt Sharof Rashidov, "Mana, oramizda mening familiyadoshim o‘tiribdi, u shu savolga javob beradi", deb qoldi. O‘rnimdan turib, bu savol jiddiy o‘rganishni talab qilishini va bir oz vaqt kerakligini aytdim. Shunda u kishi: “Rashidovga topshiriq beringlar, u loyihalovchilar bilan birgalikda ishlasin”, dedi.

Yaponiyadagi ikkinchi yer silkinishi birinchisiga qaraganda 16 marotaba kuchliroq bo‘lgan - Sputnik O‘zbekiston
Yaponiyada ikki kun davomida 230 marotaba yer qimirladi

Tursunboy Rashidovga o‘shanda jiddiy yondashuvni talab qiladigan 10ga yaqin savollar berilgan. Bu savollarning ba’zi birlariga hozirga qadar javob topa olganim yo‘q, deb tan oladi seysmolog. Ammo metro baribir qurildi.
Birinchi Chilonzor va O‘zbekiston bekatlari qurib topshirildi. Ularning qurilish ishlarida Seysmologiya instituti rahbari sifatida Tursunboy Rashidov ham ishtirok etgan edi.
"O‘sha davr — buyuk ishlar amalga oshirilgan davr bo‘ldi. Toshkentning qayta tiklanishida ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng, biz ham, o‘z navbatida, ittifoqdosh qo‘shnilarimiz boshiga kulfat tushganda ularning yonida bo‘ldik. Spitakda ro‘y bergan kuchli zilzilaning ertasi kuni yo‘lga chiqib, u yoqda zilzila sabablarini tushuntirish hamda qayta tiklash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qildim. Men bilan birga o‘zbekistonlik hamkasblarim ham kelishgan edi. Biz hamisha birga bo‘lganmiz, xursandchilik kunlarimizda ham, boshimizga ish tushganda ham. O‘z vaqtida birodarlarimiz va qo‘shnilarimiz yelkadoshligini his qilganimiz uchun bizda hech qachon qo‘rqish hissi bo‘lmagan”, — deya suhbatga yakun yasadi Tursunboy Rashidov.

Yangiliklar lentasi
0