Veteran Akramov: ikki soat oldin hazil-xuzul qilgan safdoshlarim yonimda jonsiz yotardi...

© Iz lichnogo arxiva Akmala AkramovaIkkinchi Jahon urushi qatnashchisi Akmal Akramov
Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi Akmal Akramov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, Stalingrad va Kursk janglarida ishtirok etgan veteran Akmal Akramov nima uchun jimjitlikni xush ko‘rmasligi, qo‘rqinchli sinov daqiqalarida xayolidan o‘tgan kechinmalar haqida Sputnik muxbiriga gapirdi.

TOShKENT, 9-may — Sputnik. O‘zbekiston o‘zining eng muhim an’analaridan biriga ega — har yili 9-may "Xotira va qadrlash” kunida aksariyat odamlar gulchambarlar bilan Toshkent markazida joylashgan, Mustaqillik maydonidagi Motamsaro ona haykali sari oshiqadilar. Bu yerga ziyoratga kelganlar har bir oilaning urush xotirasiga bag‘ishlangan o‘z hikoyasi bor. Aynan mana shu maydonda o‘tganlar ruhini shod aylab, bugungi kunda ega musaffo osmonimiz uchun qon kechgan askarlarimizga yana bir marta “Rahmat” aytish mumkin.

Veteranlarni qutlaymiz aksiyasi - Sputnik O‘zbekiston
Poytaxtimizda “Veteranlarni qutlaymiz” aksiyasi start oldi
Sputnik muxbiri Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan ana shunday qahramonlarimizdan biri, katta serjant Akmal Akramov bilan suhbatlashishga musharraf bo‘ldi.

Eng uzoq kutilgan — Buyuk G‘alabani toshkentlik Akmal Akramov 1945-yilda, xuddi, ushalmas bir orzu kabi kutib olgan edi. Akmal Akramov 1941-yilda ko‘ngillilar qatorida frontga yuborilgan. U o‘sha vaqtda endigina 17 yoshni qarshi olgan o‘spirin edi.

"Urush haqida ilk bor eshitganimda, qanday sarosimaga tushib qolganim, hamon yodimda. Nemislar qanday qilib, bizga, o‘nlab millatlarni birlashtirgan ulkan bir davlatga hujum qilishi mumkin, hech aqlimga sig‘dirolmasdim. Ularni osonlikcha taslim qilamiz, deb o‘ylagandim. Ammo, G‘alabaga erishish uchun uzoq to‘rt yil vaqt kerak bo‘ldi. O‘sha vaqtda Toshkentdagi Voroshilov zavodining metall quyish sexida ishlardim. Muhandis-konstruktorlik bo‘yicha o‘qishga kirib, yangi stanoklar yasash haqida orzu qilardim, taqdir esa meni piyoda qo‘shinlari safiga olib borib qo‘shdi”, — deb hikoya qiladi Akramov.

O‘zbekistonlik yosh askarni tengdoshlari bilan bir qatorda, avvaliga Rossiyaga yuborishdi. U yerda Akramovni jangga tayyorlab, so‘ngra o‘qchilar polki tarkibida qonli jang bo‘layotgan maydonga yuborishdi.

"Ko‘rganlarim haqiqiy qirg‘in edi. Biz, yosh askarlar, qurol bilan qanday muomala qilishga o‘rgatilganmiz, bunga ma’nan tayyor ham edik, ammo u yoqda duch kelganimiz… Biz bunga tayyor emasdik. Tinmay sodir etilayotgan portlashlar, ikki soat avval hazil-mutoyiba qilgan safdoshlaringiz yoningizda jonsiz yotishi… O‘shanda halok bo‘lgan yigitlarning sanog‘i yo‘q”, — deb xotirlaydi veteran.

Veteranning dunyodagi eng yomon ko‘rgan narsasi – jimjitlik. Mana, suhbatimiz ham bir muddat jim qoladi, chunki, xotiralardan suhbatdoshimning ko‘zlari yoshga to‘lgan edi, ammo, u kishi bor kuchini to‘plab, komandirlarga xos ovozda, xuddiki, yana jang maydoniga kirib qolgandek o‘z hikoyasini davom ettiradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin - Sputnik O‘zbekiston
Putin MDH rahbarlariga yo‘llagan tabrikda tarixni yangilashga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi

"Stalingrad uchun jang juda qiyin kechgan edi. Son-sanoqsiz fashistlar hujumini boshdan o‘tkazganman. Shu bois ham jimjitlikni yoqtirmayman. Negaki, hamisha shunday bo‘lgan – avvaliga qatorasiga bomba tashlanadi, so‘ngra, kishini vahimaga soladigan, yolg‘ondakam tinchlik o‘rnatiladi. Ammo bu — bombardimonlar tugadi, degani emas.

Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, osmonda yana qiruvchilar paydo bo‘ladi, o‘q ovozlari qayta tiklanadi. Biz esa, okoplarda o‘tirgan holda, bu galgi bombardimonlar nima bilan tugashi, tirik qolamizmi-yo‘q, shu haqda o‘ylaymiz. Ko‘pincha musiqa yordamga kelardi, bolaligimdan kuy-qo‘shiqqa mehrim boshqacha edi. Shu bois, mana shunday qo‘rqinchli holatdan chiqish, umidsizlikka tushmaslik uchun miyig‘imda qaysidir qo‘shiqni kuylashga tushardim, baland kuylash man etilgan edi”, — hikoya qiladi veteran.

Siz tasavvur ham qilolmaysiz, deb ta’kidlaydi suhbatdosh, yarim kechasi, omonat qayiqda tizzamizgacha suvga botib, daryo kechish nimaligini. Yoningizda kimdir olgan jarohatlar azobiga chidolmay baqiradi, kimdir suvga sakragan, siz esa bunday qilolmasligingizni bilasiz, chunki aks holda, qurolingiz nam tortadi…

“Aytishadiki, vaqt har narsaning davosi deb. Bu yolg‘on. Yosh boshimiz bilan urushda ko‘rganlarimizni hech qachon unutmaymiz. Men buni sizga so‘z bilan ta’riflab berolmayman, qonli jang, atrofingizdagilarning birin-ketin halok bo‘lishi, vaqt o‘tishi bilan kelajak haqida o‘ylashni unutasiz, xayolingizda faqatgina qanday qilib tirik qolish, bu jangdan, keyin keyingisidan omon chiqish haqida fikr miyangizda char uradi xolos…”, — deydi Akramov.

Mahallada bo‘lib o‘tadigan tadbirlar veteran Akmal Akramovsiz kechmaydi. Otaxonga har qanday ommaviy yig‘inlarda eng hurmatga sazovor va kutilgan mehmonlar qatoridan joy beriladi. Hamma biladi, otaxon tadbirga tashrif buyurdimi, demak, hech kim zerikib qolmaydi. Akmal aka, albatta, birorta qo‘shiq ijro etib, 92 yoshni qarshi olganiga qaramay, raqs ham tushib beradi.Bundan tashqari, hikoyamiz qahramoni, shu kunga qadar avtomobil boshqaradi, ertalablari badantarbiya bilan shug‘ullanib, nabirasi bilan kim tezroq chopishda musobaqalashadi.

Urush qatnashchisi ko‘p yillik mehnatlari tufayli, ko‘plab hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan. Akmal Akramovning aytishicha, mukofotlar orasida eng azizi – odamlar va o‘quvchilar e’zozidir.

O‘zbekistonning g‘alabaga qo‘shgan hissasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonning buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasi

"Hozirgi yoshlarimizga, o‘shanda, bizning boshimizga tushgan qiyinchiliklar xuddi afsonadek tuyuladi. Chunki o‘sha vaqtdagi hayotni ular faqat kinolarda ko‘rgan. Bu yaxshi, albatta. Farzandlarimiz, nevara-chevaralarimiz hech qachon urush neligini bilishmasin, biz ko‘rgan qiyinchilik, azob-uqubatlar ulardan hamisha yiroq bo‘lsin”, — deb o‘z hikoyasiga yakun yasadi otaxon.
Inson hech qachon o‘z o‘tmishini unutmasligi lozim. O‘tmishni xotirlab, undan kerakli xulosa chiqara bilish lozim. Chunki shunday bo‘lgan taqdirdagina musaffo osmonimiz qadriga yetishni, bugungi kundagi tinch va farovon hayotimiz uchun shukrona keltirishni o‘rganamiz.

Yangiliklar lentasi
0