O‘zbekiston OTMlari eskicha o‘quv rejalaridan voz kechmoqda

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy / Mediabankka o‘tishO‘zbekiston prezidenti Islom Karimov
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov oliy ta’lim muassasalarida fanlarni o‘qitishning eskirgan yondashuvlardan batamom voz kechishga topshiriq berdi.

TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 26-may kuni 2016/2017 o‘quv yilida respublikaning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot-xizmati.
Hujjatda 2016/2017 o‘quv yili uchun qabul kvotalari belgilangan bo‘lib, ular o‘tgan yildagi kvotalardan farq qilmaydi: bakalavrlar — 57907 nafar talaba (davlat grantlari bo‘yicha — 19120, to‘lov-kontrakt asosida — 38787), magistrlar — 5000 nafar (grantlar bo‘yicha — 1548, kontrakt asosida — 3452).

Shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Qo‘ng‘irot bo‘limining maxsus sirtqi bo‘limida bakalavrlarni tayyorlash davlat grantlari bo‘yicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida — 50 nafar (grantlar bo‘yicha — 15 nafar, kontrakt asosida — 35 nafar) talaba qabul qilinadi.
Shu bilan birga, 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga o‘qishga qabul qilish to‘xtatiladi.

Qarorning muhim jihati shundaki, unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligiga jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar va oliy o‘quv yurtlari bilan qalin hamkorlik doirasida keng ko‘lamda ishtirok etgan holda 2016/2017 o‘quv yili boshlangunga qadar barcha o‘quv rejalari va dasturlari tubdan qayta ishlab chiqilishini nihoyasiga yetkazishni ta’minlash topshirig‘i berilgan.

Bunda «fanlarni o‘qitishning eskirgan, umrini o‘tab bo‘lgan yondashuv va uslublaridan batamom voz kechish, bakalavriat va magistraturada jahon fani va ilg‘or pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yangi o‘quv rejalari va dasturlarini joriy etish, shuningdek, ta’lim jarayonida ularni amalga oshirish hamda oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish uchun birinchi navbatda fundamental va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha yetakchi xorijiy olimlar va o‘qituvchilarni jalb etish» nazarda tutilgan.

Oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berishda va moddiy rag‘batlantirishda ularning xorijiy tillarni qay darajada egallaganligiga hamda zamonaviy pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llay olish saviyasiga ahamiyat berish belgilangan.

1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Prezidentining o‘tgan yil iyunda imzolagan farmoniga binoan tashkil qilingan mamlakat oliy o‘quv yurtlarining 15 ta tayanch markazlarida OTMlarining rahbar va professor-o‘qituvchilar tarkibini yangi o‘quv dasturlari va ta’lim uslublari bo‘yicha qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkil qilinadi. Shu maqsadda chet ellardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining olimlari va professorlarini keng jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Qarorda ta’kidlanishicha, yangi o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari oliy o‘quv yurtlarining aniq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyojga, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi asosida shakllantirildi.

Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish parametrlari va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish omillarini tahlil qilishni hisobga olgan holda oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga nisbatan ish beruvchilarning talab-ehtiyoji balans hisob-kitoblari ishlab chiqildi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarining oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan amalda ta’minlanganligini ekspertizadan o‘tkazib baholash natijalariga ko‘ra bakalavriat tayyorlashning 18 ta yangi mutaxassisligi joriy etilishini nazarda tutuvchi oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangiliklar lentasi
0