TOSHKENT, 13 iyul — Sputnik. Mamlakatimizning Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi raisligi yakunlari hamon xorijlik ekspertlarning diqqat markazida turibdi. Masalan, Shanxay Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi huzuridagi Markaziy Osiyo mamlakatlari tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Tsyan Syaoyun "Jahon" axborot agentligiga bergan intervyusi chogʻida SHHT taraqqiyotida Oʻzbekiston tutgan oʻrin haqidagi oʻz fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashgan.
"Tashkilotga aʼzo davlatlar dunyo rivojlanishining tamoyillari yuzasidan mushtarak nuqtai nazarlarga tayanishgani holda oldinga qoʻyilgan vazifalarning hal etilishi boʻyicha kelishilgan yondoshuvlarni birgalikda izlashga tayyordirlar. SHHT doirasidagi hamkorlik oʻzaro ishonch, tenglik, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat bilan qarash, birgalikda ravnaq topishga intilish asosida amalga oshirilmoqda", deb taʼkidlagan ekspert.
Tsyan Syaoyunnning fikricha, ushbu nufuzli tuzilma boy resurslarga hamda istiqbolli bozorlarga ega boʻlgan aʼzo davlatlarning iqtisodiy integratsiyasini yoʻlga qoʻyish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochgan va shu bois savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishidagi salohiyat benihoya kattadir.
Ekspert Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo boʻlgan boshqa mamlakatlar, jumladan, Xitoy bilan samarali gumanitar hamkorligini alohida qayd etib oʻtgan.