Qashqadaryoda bezorilar ichki ishlar xodimiga hujum qildi

Obuna bo‘lish
Qashqadaryo viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi bo‘linma komandiri Bobir Mirzayev maxsus obyektlarda qo‘riqlash ishlarini amalga oshirayotgan xodimlar faoliyatini tekshirish maqsadida yo‘lga chiqqan edi. Shu vaqt oq rangli raqamlari yechib qo‘yilgan “Neksiya-2” uni quvib, yo‘l chetiga to‘xtadi va undan temir bo‘laklari va tayoqlar bilan qurollangan 4 nafar shaxs tushib keldi.

TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. O‘sha kuni Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi 4-alohida militsiya bataloni 1-militsiya otradi bo‘linma komandiri, kichik serjant Bobir Mirzayev o‘zining avtomashinasida, G‘uzor tumani Eshonquduq qishlog‘i hududida joylashgan maxsus obyektlarda qo‘riqlash ishlarini amalga oshirayotgan xodimlar faoliyatini tekshirish maqsadida yo‘lga tushgan edi, deb xabar qiladi darakchi.uz.

Shu payt oq rangli, davlat raqamlari yechib qo‘yilgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinasi  uning orqasidan kuzatib kelayotganini payqab qoldi. Haligi mashina shu zahoti uni  quvib o‘tib, yo‘l chetiga to‘xtadi.

Shu vaqtda, ulardan  chamasi 700 metr uzoqlikdagi yo‘l chetida davlat raqamlari yechib qo‘yilgan yana bir qora “Neksiya-2”  to‘xtab turardi.

Kishan solingan qo‘llar - Sputnik O‘zbekiston
Namanganda ekstremistik g‘oyalar targ‘ibotchilariga sud hukmi o‘qildi
G‘uzor tumani Eshonquduq qishlog‘ida aholisidan olingan  ma’lumotlarga ko‘ra, oq “Neksiya-2” avtomashina haydovchisi, gaz kondensati mahsulotlarini o‘g‘irlab sotish bilan shug‘ullanuvchi fuqaro T.X. (ism-familiyasi  o‘zgartirilgan) ekani ma’lum bo‘ldi.

T.X. avtomashinasidan tushib, kichik serjant B.Mirzayevning mashinasi yo‘lini to‘sib chiqdi. Kichik serjant darhol mashinasini chetga olib, tormozni bosdi.  T.X. esa he yo‘q, be yo‘q  avtomashina eshigini ochib, B.Mirzayevga o‘shqirdi:

— Sen bu yerda  nima qilib  yuribsan? Nega ishimizga burun tiqapsan? Ochig‘i, sen jonimizga tegib ketding! Seni o‘ldirib yuborish qo‘limizdan keladi!
Shu vaqtda oq rangli “Neksiya-2” avtomashinasidan to‘rt nafar shaxs temir bo‘laklari va tayoqlar bilan qurollangan holda tushib kelishdi.

—  Mashinasining balonini teshlaring, — buyurdi “to‘daboshi” T.X. sheriklariga va  o‘zi kichik serjant B.Mirzayevni avtomashinadan tortib tushirishga harakat qildi.

Xavfni sezgan kichik serjant bezorilarning tahdididan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. T.X.ni qo‘lini siltab tashladi-da, yonidagi PM-rusumli tabel quroli — to‘pponchasini g‘ilofidan chiqarib, jangovar holatga keltirdi. 
Shunda, T.X. kichik serjant Boburning qo‘liga tirmashib, to‘pponchani tortib olishga urindi. Biroq Bobur chaqqonlik bilan T.X.ni  o‘zidan nari itardi.

— Menga yaqinlasha ko‘rmalaring! – Bobur shunday deya mashinadan chiqmagan holda to‘pponchadan bir marotaba osmonga qarata ogohlatirish maqsadida o‘q uzdi.

T.X va uning sheriklari bu signalga parvo ham qilishmadi. Aksincha, mazax qilgandek tirjayib yaqinlasha boshlashdi:
— Qani ot, nega cho‘chiyapsan? Qo‘lingdan keladimi?

Bu kimsalar bilan murosa qilib bo‘lmasligiga ko‘zi yetgan Bobir mashinadan tushdi va yana ikki marta osmonga o‘q uzdi.

—  Sizlar bilan hazillashayotganim yo‘q! Menga yaqinlashmanglar, aks holda, bu gal o‘qni sizlarga qarata uzishga majbur bo‘laman!

Xorijiy valyuta - Sputnik O‘zbekiston
MXX 50 nafar tadbirkordga "boj" solgan soliqchilarni hibsga oldi
Tahdid soluvchi shaxslar uni o‘rab olishmoqchi bo‘lishganda,  u yana ikki marotaba ularning avtomashinasiga qarata o‘q uzdi. Shundan so‘ng, ular o‘z mashinalariga o‘tirib, 700 metrcha narida, yo‘l chetida to‘xtab turgan, raqamsiz qora “Neksiya-2” oldida to‘xtadi. Har ikkala mashinadagi shaxslar to‘planib, bir muddat nimalarnidir muhokama qilishdi. Keyin yana o‘z mashinalariga chiqishdi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

Kichik serjant B.J.Mirzayev voqea joyidan ketmagan holda sodir bo‘lgan holat bo‘yicha darhol viloyat Ichki ishlar boshqarmasining  navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, hodisa yuzasidan  axborot berdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qochib qolgan jinoyatchi T.X. o‘z avtomashinasida qo‘lga olindi.

Hozirgi paytda holat yuzasidan jinoyatchi T.X.ning davlat raqamlari yechib qo‘yilgan qora rangli “Neksiya-2” avtomashinasida qochib qolgan sheriklarini aniqlash borasida tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0