Olimlar: O‘zbekistonlik erkaklarning o‘rtacha bo‘y uzunligi 170 sm ni tashkil qiladi

Obuna bo‘lish
Olimlarning fikricha, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi erkaklarning o‘rtacha bo‘yi uzunligi 169,4 santimetrni, ayollarning bo‘y uzunligi o‘rtacha ko‘rsatkichi esa - 157,8 smni tashkil qildi.

TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Eng novcha erkaklar Niderlandiyada istiqomat qiladi, eng uzun bo‘yli ayollar esa — Latviyada, eLife jurnali olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari haqida ana shunday ma’lumotlarni keltirib o‘tmoqda.

Niderlandiyalik erkaklarning o‘rtacha bo‘y uzunligi 182,5 sm ni tashkil qilar ekan. Ular bu ko‘rsatkichda Belgiya, Estoniya, Latviya va Daniyalik erkaklarni ortda qoldirgan. Latviyalik ayollarga keladigan bo‘lsak, ularning o‘rtacha bo‘y uzunligi 168 smni tashkil qilganligi aytilmoqda. Shuningdek, "eng bo‘ydor" ayollar ro‘yxatidan Estoniya, Niderland va Chexiyalik xonimlar ham o‘rin olgan.

Olimlarning ta’kidiga ko‘ra, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi erkaklarning o‘rtacha bo‘y uzunligi 169,4 sm ni tashkil etadi. Yuz yil oldin hozirda eng daroz deb e’tirof etilayotgan gollandiyalik erkaklarning o‘rtacha bo‘y uzunligi xuddi shunchani tashkil qilgan, deyiladi maqolada.

Xabarda shuningdek, bir asr davomida o‘zbekistonlik erkaklarning o‘rtacha bo‘y uzunligi 8,3 sm ga o‘sgani aytilgan. O‘zbekistonda istiqomat qiladigan ayollarning o‘rtacha bo‘y uzunligiga kelsak, u 157,8 sm ni tashkil qilgan. Bayonotga ko‘ra hozirgi o‘zbek ayollari yuz yil oldin yashagan qavmdoshlaridan 6,9 sm baland.

Eng pastbo‘yli odamlarga kelsak, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Sharqiy Timor yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. U yerda yashovchi erkaklarning o‘rtacha bo‘yi 160 sm ga ham yetmaydi. "Eng ixcham" ayollar esa Gvatemalada yashar ekan, ularning bo‘y uzunligi 150 sm ni tashkil qilishi aytilmoqda.

Tadqiqotchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzida istiqomat qiluvchi erkaklar ayollardan 12 sm uzun.

Yangiliklar lentasi
0