TOSHKENT, 2 avg — Sputnik. Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiada oʻyinlarida qatnashish uchun "Toshkent" aeroportidan Braziliya uchib ketdi deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Oʻzbek terma jamoasi tarkibidan 100dan ziyod sportchilar oʻrin olgan boʻlib, ular 5 avgust kuni boshlanadigan Olimpiada oʻyinlarida 17 sport turi boʻyicha musobaqalarda qatnashadilar.
Sputnik Oʻzbekiston muxbiri bu yilgi Olimpiadaga katta umid bilan qarayotgan ayrim qatnashchilar bilan suhbatlashishga muvaffaq boʻldi.
"Ayni vaqtda boʻlib oʻtadigan janglar haqida gapirish qiyin. Albatta, ular oson kechmaydi, negaki bu musobaqalarda qatnashish uchun sportchilar yillar davomida tayyorgarlik koʻradilar. Olimpiada medallari — bu mahorat choʻqqisi demakdir. Toʻgʻri, men yosh sportchiman, dunyo reytingida ham atigi 24 pogʻonada turaman, ammo xalqaro musobaqalarda qatnashish tajribasiga egaman, oʻtgan yilgi Osiyo chempionatida "kumush" sovrinni qoʻlga kiritganman. Muxlislarni xursand qilish uchun Braziliyada bor imkoniyatimni ishga solishga tayyorman", — degan Gulnoza.
Yengilatletikachi Ruslan Qurbonov esa terma jamoa sportchilari oʻzlarini holdan toydirmasligi lozimligini aytib oʻtdi.
"Albatta, oʻzni boʻsh qoʻyishning ham keragi yoʻq, ammo haddan ziyod mashgʻulotlaga berilish ham kerak emas, chunki oldinda iqlimga moslashish kabi masala bizni kutmoqda. Oʻzimga keladigan boʻlsak, Braziliyaga boʻlgan safarim his-hayajon bilan kechmoqda, chunki bu mening birinchi Olimpiadamdir. U yerda dunyoning eng kuchli sportchilari tashrif buyuradi, ular bilan kuch sinashish — sharaf. Hech qanday bosim yoʻq, men bor imkoniyatimni ishga solishga harakat qilaman, eng avvalo oʻzimni yengib olishim darkor", — deb aytgan Ruslan.