Madaniyat

Ortiq Sultonovga bobosi xazina qoldirdi

© Foto iz lichnogo arxivaQiziqchi Ortiq Sultonov
Qiziqchi Ortiq Sultonov - Sputnik Oʻzbekiston
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
Sobiq “Handalak”chi Ortiq Sultonov bugungi kunda komediya janridagi teleserialga qoʻl urdi. “Bobomning xazinasi” nomli ushbu kartina kuz mavsumida “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilishi kutilmoqda.

TOSHKENT, 2 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Handalak" teledasturi qahramonlaridan biri Ortiq Sultonov bugungi kunda izlanishda. Qiziqchining soʻzlariga koʻra, u kulgi shinavandalari va shunchaki yumor ixlosmandlari uchun  bir qator "syurpriz"larni hozirlab qoʻygan.

- Ortiq aka, kuz faslida taqdim etilishi rejalashtirilgan yangi asardan tomoshabin nimani kutishi mumkin?

— Bilasizmi bu asarning menga maʼqul boʻlgan joyi nimada? Kartinada serial bosh qahramoniga rahmatlik bobosidan bir sandiq meros boʻlib qolgan boʻladi va bosh qahramon Yoʻldosh (yaʼni Ortiq Sultonov, tahr.) uni topishga harakat qiladi. Bir amallab xazina berkitilgan sandiqni qoʻlga kiritgach, uning ichida bor-yoʻgʻi oddiy kitob berkitilganini koʻradi. Qahramonimga bobosi yurtimiz tarixiga oid noyob bir kitob qoldirgan boʻladi.

Nodir topilma haqida internet orqali xabar topgan tarixchi bir olim qahramonimdan oʻsha kitobni soʻrab keladi.

Yoʻldosh esa “bobomizdan xazina qoldi deb, shuncha yelib-yugursamu, u kitob boʻlib chiqdi”, deydi afsus bilan. Bunga javoban tarixchi “Biz xazina deganda — tillani, oltinu javohirlarni tushunamiz, bobolarimiz esa xazina deb ilm-maʼrifatni, kitobni tushungan. Qarang, biz qanchalik oʻzgarib ketdik”, — deydi…

Asar shu haqda. Yaʼni bobosidan xazina qolganini eshitgan qahramonimning uyqusidan orom yoʻqoladi. Bobosidan qolgan xaritadagi yozuvda xazina hovlining oʻrtasidagi yongʻoqdan kun botar tomonga qarab 12 qadam masofada yashirilgani yozilgan boʻladi. Toʻqqiz qadamda esa qahramonimning hovlisi tugab, xazina qoʻshni hovliga oʻtib ketgani maʼlum boʻladi.

Shu boylikka ega boʻlish uchun qahramonim turli xil ayyorliklarni oʻylab topadi, hamma narsani unutib yuboradi, hatto insoniylik qiyofasini yoʻqotadi, pastkashlikkacha boradi shu xazinaga egalik qilish uchun.

Muallif Ismoil Shomurodov qalamiga mansub  “Bobomning xazinasi” asari rejissyor Bahodir Yoʻldoshev va qiziqchi-ijodkor Ortiq Sultonovlar ijodiy hamkorligida ikki fasldan iborat hajviy serialga aylantirildi.

- Sizning hayotingizda shunday voqea roʻy berganida qanday yoʻl tutgan boʻlar edingiz?

— Qoʻshnimni chaqirib, oʻsha xazinani olish uchun vaziyatni tushuntirgan boʻlarmidim, deymanda…

Shu oʻrinda bir latifa yodimga tushdi. Ruslarning mullasini, yaʼni pop deyiladi ularda, bir ayol bilan zino qilib turgan vaqtda tutishibdi-da, katta mullaning oldiga oborishibdi. Pop katta mulladan “mana shu ayol boʻlganida, mening oʻrnimda siz nima qilgan boʻlar edingiz”, deb soʻrabdi. Unga javoban katta mulla “nima qilmaslik kerakligini yaxshi bilaman, lekin oʻsha vaziyatda nima qilishim kerakligini men ham bilmayman”, deya javob qaytargan ekan.
Chindan  ham xazina boʻlsa, kim biladi, balki men undanam battarroq holatga tusharmidim, kim bilsin…

© Foto ix lichnogo arxivaKulgi ustasi Ortiq Sultonov "Handalak"dan keyin oʻzini turli sohada sinab koʻryapti
Kulgi ustasi Ortiq Sultonov Handalakdan keyin oʻzini turli sohada sinab koʻryapti - Sputnik Oʻzbekiston
Kulgi ustasi Ortiq Sultonov "Handalak"dan keyin oʻzini turli sohada sinab koʻryapti

- Hozirgi kunda nimalar bilan shugʻullanayapsiz?
— 2010 yilda — “Handalak” loyihasini toʻxtatganimizdan keyin oʻzimni turli sohalarda sinab koʻryapman. Avval kinoda sinab koʻrdim oʻzimni, endi esa mana serialda. Ayni damda yangi qiyofalar yaratish ustida ish olib boryapman. Yangi loyihamning nomi “Uchrashuv 2” boʻlib, bir soatlik bu asarda zamonaviy tadbirkordan tortib, qalbaki folbin va cholgacha boʻlgan bir nechta qiyofalarni yaratganman. Grimm orqali, albatta. Demoqchimanki, bularning hammasi ijodiy izlanishlarim mahsuli. Yaʼni “Handalak”kacha oʻzimizni sanʼatda topgan boʻlsak, hozir yana izlanishdamiz, oʻrta yoshligimizda oʻsha “Handalak”ka oʻxshagan, odamlarni yana hayratga sola olidagan bir koʻrinish kashf qilish uchun tinimsiz ijod bilan bandman. “Bobomning xazinasi” seriali ham men hozir aytib oʻtgan izlanishim mevasi.

- Ortiq aka, aytingchi, sizda bir gʻoya tugʻildi deylik. Uni amalga oshirish jarayoni qanday kechadi?
— Gʻoyani amalga oshirish uchun birinchi navbatda shu gʻoyani qogʻozga tushirib bera oladigan insonni izlayman, yaʼni muallifni. Men bilan hamkorlik qilayotgan oʻnlab yozuvchi, shoirlar bor, oʻshalarning biriga toʻxtalaman-da, keyin u bilan fikrni rivojlantirib, gʻoyani asar shakliga olib kelishga harakat qilaman. Bu orada qolgan mualliflar ham chetda turmaydi — hajvchi shoirlar asarga moʻljallab sheʼrlar yozadi, masalan, “Bobomning xazinasi”da Valijon Shamshiyevning qahramoni – qishloqda adabiyot muallimi, shoir boʻladi. Har bir gapini  qofiyalab gapirishga harakat qiladi. Shu sabab asosiy muallifdan tashqari yana bir nechta mualliflarimiz oʻsha qahramonning “tilini” yaratishga hissa qoʻshgan. Ikkinchi masala — rejissyor masalasi. Misol uchun “Bobomning xazinasi” asarini ekranlashtirish gʻoyasi tugʻilganda, jarayonni ishga tushirish uchun rejissyor Bahodir Yoʻldoshev (“Mardu-maydon” koʻrsatuviga boshlovchilik qilgan, tahr.)ga shu asar orqali nima demoqchi boʻlganimni tushuntirib, u bilan fikrlashganimdan keyin uchinchi bosqich – yaʼni aktyorlar ansambli bilan ishlashga oʻtiladi.
Nazarimda, har bir yetuk ijodkorning ish jarayoni shunday kechsa kerak.

Keyingi vaqtlarda eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, bu qoʻshiqlargayam, kinolargayam taalluqli — voqea ochilmay qolishi, fikr noʻnoqligi yaqqol sezilyapti. Asar yoki qoʻshiq orqali ijodkor nima demoqchi boʻlgan – mutlaqo tushunarsiz boʻlib qoladi. Buning sababi nimada? Sababi, rejissyorning oʻzi asarga mualliflik qilishga urinishi yoki deylik, qoʻshiqchi oʻzi matnni yozishga harakat qilishida.

Masalan, sheʼr yozish mening ham qoʻlimdan keladi, lekin asarning bizni aqlimiz yetmaydigan, yozuvchi, shoirlar biladigan oʻziga xos talablari boʻladi. Haqiqiy yozuvchi tomonidan yozilgan asargina — asar darajasiga koʻtarilishi mumkin.
Har bir soha vakili oʻz ishiga professional yondashgandagina biror bir yutuqqa erishish mumkin.

- Oʻzbekistonda hajvchi-yozuvchilardan qay birini alohida koʻrsatib oʻtgan boʻlardingiz?
— Ularning soni juda koʻp, masalan Abdurazzoq Obroʻy, hajvchi-shoir, parodiyachi Murodali Oʻtamali, surxondaryolik Nasrullo degan shoir ukamiz bor, u bilan telefon orqali bogʻlanib, SMSlashib turamiz. Ilhom, Zoyir degan yaxshi bir hajvchilarimiz bor, keyin oʻsha “Bobomning xazinasi”, “Uchrashuv”ni yozgan Ismoil Shomurodov degan yigitimiz bor… Bu roʻyxatni kechgacha davom ettirishim mumkin, ijodkorlar juda koʻp.
Ammo keyingi paytlarda ijodkor qalamkashlar va sahnada ijod qilayotganlar orasida bir oz uzilish paydo boʻldi. Nega desangiz, “u ijodkorning yozgan asari kulgilimas”, deydi sahna vakillarining baʼzilari. Arkadiy Raykinning “matn ijokor tasavvuri uchun turtki” degan bir gapi bor. Yaʼni asarni olgandan keyin undagi fikr, gʻoya maʼqul boʻlgan boʻlsa, qiziqchi u asar ustida ishlashi, va uni kulgili qilishi kerak. Baʼzi ijodkorlarimizning xayolida esa xuddi yozuvchi yozib bergan narsani oʻqishingiz bilan u kulgili boʻlishi shartday…
— Nima deb oʻylaysiz, bugungi kunda Oʻzbekistonda hajvchilikning “nafas olishi” qay darajada?
— Bundan 5-6 yil muqaddam bir kitobimda: “Hajvchiga hamma zamonda ham oson boʻlmagan —  Afandining 41 ta qabri borligi bunga misol”, deb yozganman. Afandini necha marotaba koʻmishgan boʻlsa ham – u baribir tirik.

Koʻpincha qiziqchilarimiz tilida cheklanmalar bor, degan gaplar qulogʻimga chalinadi. Shunday gapni aytganlar, aynan qanday cheklovlar haqida gap borayotganiga aniqlik kiritishmaydi. Nima deyishim mumkin, toʻgʻri maʼlum bir mavzularda biz oʻzimizni cheklaymiz  ammo bunga siyosat emas, milliy mentalitetimiz sabab. Masalan ruslarga oʻxshab sahnada uyatli gaplarni aytolmaymiz, oʻshanday gaplarni gapirsak qarindosh-urugʻlarimiz, muxlislarimiz bizdan xafa boʻladi. Xabaringiz borki, tilida bemalol boʻlgani uchun ustozimiz Mirzabek Xolmedov atrofida munozaralar boʻlib turadi.

Umuman repertuarlarga eʼtibor bersangiz, deyarli hamma mavzularda gapirayapmiz:  yutuqlar haqida ham, maʼlum bir kamchiliklar haqida ham. Umuman har bir sanʼatkorning oʻzining pozitsiyasi bor yaʼni fuqarolik pozitsiyasi deyiladi, qiziqchining vazifasi – kuldirish.

Ruslarda “smex radi smexa” degan gap bor, yaʼni "bu kulging bilan nima mavzuni koʻtaryapsan" deb soʻraladi. Ammo u – boshqa jamiyat.  Biz qiziqchilarning vazifasi, mening nazarimda, qator hayotiy muammolardan toliqqan insonlarni bir pas tashvishlardan xoli qilib, kulgi orqali ularning kayfiyatini tetiklashtirish. Harxolda men shunday oʻylayman va mana shu yoʻnalishda ijod qilaman.

— “Bobomning xazinasi” ni muxlislar qanday kutib oladi, nima deb oʻylaysiz?
— Siz hozir Nostradamusga beriladigan savolni berayapsiz(kuladi).  Biz oʻzbeklarda beayb – parvardigor, degan bir naql bor. Kamchiliklarsiz boʻlmaydi, degandek, ammo har bir narsaga yaxshi niyat bilan qoʻl uriladi. Mana 20 yildan ziyod boʻlib qoldi muxlislarimiz bilan hamkorlik qilayotganimizga, hamisha ularning qalbidagi gaplarni, ular istagan narsalarni gapirganimiz uchundir ularning bizga boʻlgan eʼtiborlari pasaygani yoʻq, shuning uchun bu gal ham, umid qilamanki ularning qalbidagi, ular koʻrmoqchi boʻlgan serialni  yaratishga urindik va maʼlum bir natijalarga erishdik. Men optimist odamman, shu uchun bu asar muxlislarimizga manzur boʻladi, deb oʻylayman.

— Sanʼatkorlik kasbi sizga hayotda qanchalik asqotyapti?

— 2006 yili kontsertimizda Zokir Ochildiyev menga “Sanʼatkor boʻlmaganingizda kim boʻlardingiz?”, deb savol beradi. Men esa oʻshanda “Agar sanʼatkor boʻlmaganimda men, albatta, sanʼatkor boʻlar edim”, deya javob qaytarganman. Mening nazarimda inson kasbni tanlamaydi, kasb insonni tanlaydi. Misol jajji qizaloq oʻtirvolib qoʻgʻirchogʻiga koʻylak tikish bilan band, demak u kelajakda — tikuvchi boʻladi, yosh bolacha mashinasining u yoq-bu yogʻini kovlamoqda, balki u kelgusida katta bir usta boʻlar…

Men esimni taniganimdan beri sanʼat sohasidaman. Shu bois boshqa soha, boshqa kasbda oʻzimni tasavvur qilolmayman va tasavvur qilishni ham xohlamayman. Qolaversa, sanʼatkor boʻlganimdan juda ham baxtliman chunki nafaqat Oʻzbekiston yoki Oʻrta Osiyoda, balki dunyoning istalgan burchagida “Handalak”chilarni tanishadi, yaxshi koʻrishadi.

Shu sanʼatimiz orqali dunyoning koʻplab nuqtalarida boʻldik va boʻlyapmiz, bugungi kunda yuzlab shogirdlarim bor. Uy-joy quraman, toʻrtta odamning oʻrtasida obroʻ orttiraman deganlar, farzandtalab boʻlib yurganlar qancha, hech biridan Tangri kam qilmadi, ismim Ortiq boʻlgani uchun ortigʻi bilan berdi shekilli, shu bois doim Allohga shukronalar keltiraman. Mana, ikki oʻgʻlim uylandi, bir-biridan shirin uch nafar nabiram bor. Shunga hamisha hazil aralash “doʻppimni osmonga otsam, qaytib tushmasa ham mayli”, deyman. Shu darajada oʻzimni baxtli his qilaman.

— Oʻzbekistonlik muxlislarga, Sputnik nashri mushtariylariga tilaklaringiz?

— Ayni vaqtda Oʻzbekistonni aylasangiz kayfiyatingiz koʻtariladi. Hammayoq bogʻu-rogʻlarga aylantirilgan, qator-qator yangi imoratlar, inshootlar qurilgan, qurilyapti. Yurtimizning chiroyi kun sayin ochilib boryapti. Bularni koʻrib farzandlarimizning ertangi kuniga, ular bizdan-da yaxshi yashashiga ishonch ortyapti. Mening nazarimda oʻzbek uchun farzandining ertangi kuniga ishonch hosil boʻlishdan ortiqroq baxt yoʻq. Qolaversa tinchligimizning oʻzi katta baxt.

Qarang, hozir internetda oʻqib qoldim, 142 ta davlat ichida “eng tinch va osoyishta mamlakat qaysi” deganda Oʻzbekiston birinchi oʻrinni egallabdi. Shu oliy baxt emasmi? Shuning uchun bizlar bugungi siyosatdan, bugungi olib borilayotgan ishlardan shukronalik ruhida yashaymiz.

Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan millatdoshlarimizga esa bizga havas qilishlarini tilagan boʻlardim, chunki Oʻzbekistondek jannatmakon yurtda biz yashayapmiz.

Topganlarimiz yaxshi kunlarga, toʻylarga buyursin, bir-birimizga yelkadosh boʻlib yashaylik!

© Foto iz lichnogo arxivaOrtiq Sultonov: "qiziqchining vazifasi - kuldirish"
Ortiq Sultonov: qiziqchining vazifasi - kuldirish - Sputnik Oʻzbekiston
Ortiq Sultonov: "qiziqchining vazifasi - kuldirish"
Yangiliklar lentasi
0