Almazbek Atambayev: bizga yordam berganlar endi yugurdaklik qilishimizni xohlayapti

© Sputnik / Mixail Klimentyev / Mediabankka o‘tishQirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev
Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev 2-avgust kuni matbuot-anjumanini o‘tkazdi. Atambayev bilan uchrashuvga 46 nafar jurnalist va 6 nafar ekspertlar akkreditatsiyadan o‘tgan.

TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Ta’kidlash joizki, matbuot-anjumanda ishtirok etish uchun jurnalistlar Issiq-Ko‘lga shanba kunidayoq kelishgan. Ikki kun davomida OAV xodimlari Cho‘lpon-Otadagi davlat qarorgohi hududida dam oldilar, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston nashri.

Qirg‘iziston Prezidenti o‘z nutqini tadbirga kechikib kelgani uchun uzr so‘rashdan boshlagan. Quyida mantuot-anjumanida Atambayev so‘zlagan nutqdan iqtiboslarni keltirib o‘tamiz.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida

"Agar men hokimiyatni saqlab qolishni istaganimda, men boshqacha referendum o‘tkazgan bo‘lar edim. Bugungi kunda ko‘plab regionlardan "Atambayev prezidentlikni davom ettirsin" mazmunidagi maktublar kelmoqda. Referendum o‘tkazish uchun hech qanday muammoga duch kelmaganman. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishdan maqsad, toki hech kim biz chiqqan davrlarga Qirg‘izistonni qaytara olmasin. Xavf-xatarlar bo‘lmasligi uchun Asosiy qonunimizdan "mina"larni olib tashlamoqdamiz"

"Voris" operatsiyasi

Demokratik davlatni barpo qilmoqchi ekanmiz, bo‘lajak prezident xalq tomonidan odil sudlov yo‘li bilan saylanmog‘i lozim. Barcha munosib nomzodlar saylovlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Balki ishonchga sazovor bo‘la olmagan nomzodlar ham bo‘lar, ammo men kimnidir ochiq agitatsiya qilishim yoki yordam berishim singari holatlar umuman bo‘lmaydi".

"Gulen izdoshlari" va Chavushoglu bayonoti haqida

"Bu — bema’nilik. Agar shunchalik aqlli ekan, unda nega davlat to‘ntarishi sodir etilganda, g‘aflatda qolishdi? Albatta, biz barcha maslahatlarni tinglaymiz va ma’lumotlarni tekshirib ko‘ramiz. Lekin bizga tahdid qilishning va aql o‘rgatishning keragi yo‘q. Biz qo‘rqib bo‘lganmiz.

"Sebat" haqida ma’lumotlarni tekshirib chiqamiz. Ammo ular bizning standartlar bo‘yicha ishlashayapti va sifatli ilm dargohlari bizga kerak".

Turkiya bilan munosabatlar to‘g‘risida

Biz suveren davlatmiz. Bizga nima kerak nima kerakmasligini o‘zimiz hal qilamiz. Mamlakatlar bir-birlariga xolis yordam bermog‘i lozim, yordam berib qo‘yib, endi bular bizga yugurdaklik qiladi, deb o‘ylashlari kerakmas. Bunday yordamning bizga keragi yo‘q, qaytarib olishingiz mumkin. Biz barcha davlatlarga ko‘rsatgan ko‘maklari uchun minnatdormiz, faqat bizga shart qo‘yish kerakmas".

Terrorchilik, libos va bannerlar haqida

"Men milliy liboslardagi qizlar tasviri tushirilgan bannerlarni butun respublika bo‘ylab osib chiqish fikrini qo‘llab-quvvatlagan edim. Ammo ba’zi bir aqllilar biz mini-yubkalarga qarab ketayotganimiz haqida plakatlarni ilib chiqibdi.

Bizning ayollarimiz sobiq Ittifoq davridayoq mini-yubkalarda yurishgan. Din mohiyati — ezgulik. Xohlang, boshingizga etik kiyib yuring, faqat hech kimni portlatmang.

Agar sizga biror kiyim yoqmasa, bu fikrni boshqalarga zo‘rakilab o‘tkazishga urinmang, boshqa mamlakatga ko‘chib ketib yashang. Suriya yoki Bangladeshgacha yo‘l haqingizni to‘lab qo‘yamiz"

Konferensiya davomida prezident yoqasini to‘g‘rilab qo‘ygan operatorga qarab Atambayev: "Operatormi desam, imijmeyker ham ekan", — dedi.

Din va hokimiyat haqida

"Hokimiyat tepasiga din vakili kelgan birorta davlat rivojlanmagan. Bundaylarni darhol "joyiga o‘tqazish" lozim. Ana shundaylardan biri "Qirg‘iziston" partiyasini qo‘llab-quvvatlab hokimiyatdan o‘rin egallamoqchi bo‘luvdi. Men unga agar siyosatga aralashmoqchi bo‘lsang, soqolingni qirtishlab, aralashaver, deb aytdim. Bundaylarning aksariyati o‘z vaqtida qamoqqa o‘tirishi mumkin edi. Bizga ba’zi bir arab davlatlaridagi singari holatning keragi yo‘q".

Chegaralardagi muammolar haqida

"Chegara muammosi yaqin o‘rtada hal bo‘lmaydi. Barcha muammolarning yechimini bir tomonlama tartibda hal etishning imkoni yo‘q. Qirg‘iziston bunday buyog‘iga boshqa davlatlar rahbarlari oldida tiz cho‘kmaydi. Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin: keyingi prezidentga oson bo‘ladi. Ammo, prezidentlik vakolatim tugaguncha, barcha muammolarning yechimini topolmasligimni yana bir bor aytib o‘tmoqchiman".

Kimni tanlaydi: Trampnimi yoki Klintonni?

"Milliy xavfsizligimiz uchun aniq birini aytib o‘tmayman. Agar aytganim noto‘g‘ri chiqib, boshqasi hukumat tepasiga kelsa, unda u bilan qanday ishlaymiz? (kuladi)"

"Savollaringiz tugadimi, aniqmi? Xudoga shukr", — deb yuzda tabassum bilan anjumanni yakunladi Atambayev.

Qirg‘iziston prezidenti ishtirokidagi matbuot-anjumani 2 soatu 51 daqiqa davom etdi.

Yangiliklar lentasi
0