Karimov qancha vaqtda oyoqqa turishi mumkin?

© Sputnik / Kirill BragaShifokor
Shifokor - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sputnik Tojikiston shifokorlarning insultning qay darajada xavfliligi va uning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi.

TOShKENT, 31 avg — Sputnik. Mutaxassislarning fikricha, insult tabiatiga ko‘ra o‘ta murakkab holat. Aniq tibbiy tadqiqotlarsiz uning inson salomatligiga ta’siri va insonning qancha vaqtda oyoqqa turishi mumkinligi borasida fikr bildirish qiyin, deb yozadi Sputnik Tojikiston.

Mutaxassislar birinchi navbatda Islom Karimov insultning qanday ko‘rinishini boshdan kechirgan – ishemik yoki gemorragikmi, shuni bilish lozim deb ta’kidlashdi. Prezidentning qizi otasining miyasiga qon quyilishi haqida bergan bayonotidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Karimovda ikkinchi ko‘rinishdagi insult yuz bergan.

"Hammasi insult o‘chog‘ining qayerda joylashganligiga bog‘liq. Agar u miyaning old qismida sodir bo‘lsa, inson tafakkurida o‘zgarishlar yuz beradi. Agarda orqa qismida yuz bersa, u holda inson bosh miyasi ilgarigidek meyorida faoliyat ko‘rsatishi ehtimoli yuqori bo‘ladi”,  —deydi yurak-qon tomir jarrohi.

Bundan tashqari, o‘choqning o‘lchami ham katta ahamiyatga ega. Aynan u bosh miya faoliyatining buzilish darajasini belgilab beradi. O‘choq qanchalik katta bo‘lsa, uning oqibati shunchalik murakkab bo‘ladi, dedi shifokor.

Mutaxassisning aytishicha, tiklanish davri bemor miyasidagi qon tomirlarining umumiy holatiga bog‘liq. Agar qon aylanishiga zarar yetgan bo‘lsa, u holda tiklanish borasida biror narsa deyish qiyin.

Insult darajasidan qat’i nazar, Prezidentning omma oldida tez orada ko‘rinishini kutish noo‘rin. "O‘rtacha tiklanish davri 21 kundan uch haftagacha davom etadi. Bemor salomatligi holati haqida bu muddatdan oldin biror narsani taxmin qilish qiyin", — qo‘shib qo‘ydi shifokor. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti 28-avgust kuni shifoxonaga yotqizilgan. Demak, taxminan 17-18 sentabrga yangilik kutish mumkin. Bemorning yoshi tuzalish uchun har doim ham rol o‘ynamaydi, ta’kidlashadi shifokorlar.

"Bilasizmi, 30 yoshli kishi insultdan vafot etishi mumkin. Lekin 80 yoshli kishilar insultdan so‘ng yana yashashda davom etgan holatlar ko‘p", — deydi akademik N. N. Burdenko nomidagi neyroxirurgiya instituti vrach-neyroxirurgi. U shuningdek O‘zbekiston Prezidentini davolash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdi.

Insult nima?

Insult — kutilmaganda (bir necha daqiqa, soat) o‘choqli yoki umummiya nevrologik simptomatikasining paydo bo‘lishi oqibatida miyada qon aylanishining buzilishidir.

Insult odatda tezda paydo bo‘ladigan kasallik emas.

U uzoq davom etadigan jarayon oqibatida yuzaga keladi.

Insult oqibatlari

Insult boshlanishi bilanoq tana a’zolari faoliyatining buzilishi kuchli aks etadi. Biroq bu faoliyat qisman tiklanadi.

Miyaning markaziy burmasida joylashgan harakat markazi lat yeganida harakatni boshqarish izdan chiqadi, falajlik yoki qo‘l-oyoq harakatining qisman ishlamay qolishi yuzaga keladi.

Chap yarim sharning orqa pastki qismidagi burmalarda qon aylanishining buzilishi oqibatida o‘naqaylarda nutq faoliyati buziladi.

Chap yarimsharning orqa yuqori qismidagi burmalarda insult o‘chog‘i paydo bo‘lganida atrofdagilarning nutqini anglash tizimi izdan chiqadi. Old qismi lat yeganida buyumlarni ushlab his qilish tizimi buziladi.

Miyaning chakka yoki orqa qismi lat yeganida bemor atrofda mo‘ljal olish qobiliyatini yo‘qotadi.

Bunday bemor o‘z uyi, xonasi yoki shifoxonadagi palatasini topa olmaydi, tanish ko‘chalarini eslolmaydi.

Insult oqibatida xotira yo‘qolishi va yana boshqa buzilishlar: ko‘rish qobiliyatining pasayishi, yurganda va bir joyda turganda muvozanat saqlay olmaslik, nafas olish ritmining o‘zgarishi paydo bo‘lishi mumkin.

Yangiliklar lentasi
0