Toshkentdagi masjidda 60 mingga yaqin namozxon hayit namozini ado etdi

Obuna bo‘lish
Bu yil O‘zbekistonda Qurbon hayiti 12-sentabr kuni nishonlanmoqda. An’anaga ko‘ra, bu kun dam olish kuni deb e’lon qilindi. Namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtdagi jamoat transporti o‘z ishini odatdagidan ertaroq boshladi.

TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Dushanba kuni Toshkentdagi “Hazrati imom” (Hastimom) masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchiligida Qurbon hayiti namozini ado etish uchun 60 mingga yaqin kishi yig‘ildi, deb xabar berdi RIA Novosti O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatiga asoslanib.

“Bu muborak kunlarda mehr-muruvvat, o‘zaro yordam, saxovat kabi ezgu amallarni ko‘proq amalga oshirish hamda qurbonlik qilish, uning tartib va odoblari haqida muftiy hazratlari so‘zlab berdilar”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Hayit namozi ado etilgach, barcha namozxonlar bir-birlarini bayram bilan qutlar ekanlar, bu dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr qilib, yurt tinchligi va farovonligi, Vatanimiz ravnaqi, farzandlar kamolini Yaratgandan so‘rab duolar qildilar.

Hayit namozini ado etish uchun otlangan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkentdagi metro va avtobuslar o‘z ishini ertalab soat 04.00dan boshladi. Toshkent shahridagi barcha masjidlarda Hayit namozi avvalroq O‘zbekiston Musulmonlari idorasi belgilab berganidek, dushanba kuni tonggi soat 06:15da o‘qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa Hayit namozi taqvimdagi vaqt tafovutlari asosida o‘qildi.

Mirziyoyev 12-sentabrni dam olish kuni deb e’lon qildi

Aholining 90 foizdan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladigan O‘zbekistonda 1992-yildan buyon Ramazon va Qurbon hayitlari bayram kuni sifatida nishonlanib kelinadi va dam olish kunlari deb e’lon qilingan. Ushbu bayram O‘zbekistonda ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Shaharu qishloqlarda ko‘cha va guzarlar tartibga keltiriladi, qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtiriladi. Yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi. Bu esa odamlar o‘rtasida mehr-muruvvat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangiliklar lentasi
0