Jamiyat

Salomatlik reytingida Oʻzbekiston MDH davlatlari oʻrtasida 1-oʻrinni egalladi

Nufuzli "The Lancet" tibbiyot jurnali tomonidan tabobat, hayot va salomatlik bilan bogʼliq barqaror rivojlanishning koʻrsatkichlari boʻyicha dunyo mamlakatlari reytingi eʼlon qilindi. Unga binoan, jahondagi 188 davlat oʻrtasida Oʻzbekiston 55-oʻrinni egalladi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari orasidagi eng yaxshi koʻrsatkichdir.

TOSHKENT, 23 sen — Sputnik. Eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgan beshta davlat roʻyxatidan Islandiya, Cingapur, Shvetsiya, Andorra va Buyuk Britaniya joy olgan. MDH mamlakatlari orasida Oʻzbekistondan keyin Turkmaniston (60-oʻrin), Ozarbayjon (75), Moldova (80), Qozogʼiston (85), Armaniston (86), Tojikiston (99), Qirgʼiziston (113), Ukraina (118), Rossiya (119) va Belorus (120-) oʻringa munosib topilgan, deb xabar qiladi "Jahon" AA.

Reyting noldan (eng yomon koʻrsatkich) yuzgacha (eng yaxshi koʻrsatkich) boʻlgan muqoyasada 33 koʻrsatkich boʻyicha umumlashtirilgan baholar hisobga olingan holda tuzilgan. Mamlakatlar oʻrinlarini belgilashda nazarda tutilgan mezonlar orasida bolalar va chaqaloqlar oʻlimi, yoʻl-transport hodisalaridagi oʻlim, bolalardagi ortiqcha vazn, alkogol va tamaki isteʼmoli darajasi, odam immuniteti tanqisligi virusi (VICH), sil va V gepatiti bilan kasallanish, oʻz joniga qasd qilish koʻrsatkichlari mavjud.

Bundan tashqari, ekspertlar zoʻravonlik harakatlari va urushlardagi oʻlim holatlarini ham hisobga olishgan. Har bir mezon boʻyicha hisoblar 1990 —2015-yillar oraligʼidagi vaziyatlarning tahlili asosida chiqarildi.

Masalan, "Doyalar ishtirokidagi tugʻruqlar" mezoni boʻyicha Oʻzbekiston maksimal darajadagi bahoni, "Kasalliklar tibbiy profilaktikasi darajasi" boʻyicha — 93, "Havo ifloslanishi tufayli kasallikka chalinish" mezoni boʻyicha — 89, "Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh" boʻyicha — 84, "Chekish" va "Ichishga yaroqsiz suv isteʼmoli bilan bogʻliq kasalliklar" mezoni boʻyicha 81 ballarni toʻpladi.

"The Lancet" ushbu reytingni tuzish uchun inobatga olgan koʻrsatkichlar 2015-yil sentyabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga asoslangan. Ular 17 ta global maqsadni (qashshoqlikni bartaraf etish, ochlikka barham berish, taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash va hokazo), 169 ta vazifa hamda 230 ta aniq maqsadga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarni oʻz ichiga olgan. BMT rejasiga boʻyicha 15 yil mobaynida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishilmogʻi lozim.

"The Lancet" jurnali tadqiqotining natijalari Oʻzbekiston boʻyicha boshqa nufuzli xalqaro institutlar tomonidan berilgan baholarni toʻla tasdiqlaydi. Shuni eslatib oʻtish oʻrinliki, Oʻzbekiston jahondagi nufuzli tashkilot — “Save the children” ("Bolalarni asraylik") xalqaro muassasasi tomonidan tuzilgan dunyo reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta gʼamxoʻrlik koʻrsatilayotgan eng ilgʼor oʻn mamlakat qatoridan joy olgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti koʻmagida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan oʻtkazilgan yana bir tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekiston "Dunyoning eng baxtli mamlakatlari" reytingida 158 mamlakat orasida 44-oʻrinni, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari oʻrtasida esa birinchi oʻrinni egallagan.

Eslatib oʻtamiz, "The Lancet" — Britaniyada nashr etiladigan haftalik jurnal. U tibbiyot boʻyicha eng mashhur, koʻhna va eng nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi. Lanset, yaʼni jarrohlik asbobining nomi qoʻyilgan ushbu jurnalga ingliz jarrohi Tomas Uokley tomonidan 1823-yili asos solingan. Nashrda muhim tadqiqotlarga oid maqolalar, kitoblar sharhlari, yangiliklar, kasalliklar tarixi va boshqa materiallar chop etiladi. London, Nyu-York va Pekinda jurnal tahririyatlari joylashgan.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala