Siyosat

Oʻzbekistonda ijtimoiy xizmatlarga qaratilgan yangi qonun qabul qilinadi

"Oliy Majlis" binosi
Oliy Majlis binosi - Sputnik Oʻzbekiston
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Deputatlar tomonidan "Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi

TOSHKENT, 30 sen — Sputnik. Dastavval Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraktsiyalarining hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining yigʻilishlari oʻtkazilib, ularda quyi palata majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan mazkur qonun loyihasi aholining hojatmand toifalariga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning umumiy talablari va asosiy yoʻnalishlarini belgilash, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy himoya sohasi tizimidagi asosiy tushunchalarni belgilashga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning kompleks tizimi yaratilganligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugungi kunda aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish jarayoni bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan ham tartibga solib kelinmoqda. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlarini tahlil qilish ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etishga tizimli yondashuv talab etilishini koʻrsatdi. Koʻrib chiqilgan qonun loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev viloyatlarga ilk safarini amalga oshirdi
"Sotsial-iqtisodiy islohotlar chuqurlashayotgan va ijtimoiy-siyosiy hayot modernizatsiyalashayotgan sharoitlarda keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning imkon qadar manzilli boʻlishini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash maqsadga muvofiq hisoblanadi, – deydi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi Nodir Muxtorov. – Qonun loyihasi dolzarb va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, aholining hojatmand toifalari manfaatlarini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash, ularga koʻrsatiladigan moddiy va maʼnaviy koʻmakning sifatini oshirish, ushbu sohadagi davlat siyosatining yoʻnalishlarini aniq belgilab olish imkonini beruvchi yaxlit hujjat hisoblanadi. Shunday qilib, qonun loyihasi aholi muayyan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishning huquqiy asosi boʻlib xizmat qiladi. Qonun loyihasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ularni aniqlash mezonlari, koʻrsatilishi mumkin boʻlgan ijtimoiy xizmatlar aniq belgilanadi. Bu davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishini va, zarur boʻlganda, aholi tegishli guruhlarining joriy ehtiyojlariga qarab mablagʻlar qayta taqsimlanishini taʼminlaydi".

Deputatlarning fikriga koʻra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish monitoringini olib borish va baholash mexanizmlarining belgilab olinishi ijtimoiy himoya tizimining jamoatchilik nazorati uchun ochiq boʻlishiga imkon beradi, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga koʻmaklashadi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rolini oshiradi. Qonun loyihasida nazarda tutilgan idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklik mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchilarning toʻliq roʻyxatini tuzish uchun asos yaratadi.

Qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida bir qator xorijiy mamlakatlarning aholi hojatmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi ilgʻor tajribasiga eʼtibor qaratildi.

Qonun loyihasining asosiy qoidalari har tomonlama muhokamadan soʻng maʼqullandi va deputatlar qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildilar. Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasiga kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda qonun loyihasini keyingi oʻqishga tayyorlash topshirildi.

Yangiliklar lentasi
0