"O‘zbegim yoshlari" ozarbayjonliklar mehrini qozondi

© Sayt ansamblya"O‘zbegim yoshlari" ansambli
O‘zbegim yoshlari ansambli - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Boku shahrida o‘tkazilgan xalqaro yoshlar festivalida Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkiya va Qatar davlatlarining ijodkor yoshlari qatnashdilar

TOShKENT, 6 okt — Sputnik. "O‘zbegim yoshlari" musiqa guruhi ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning tavallud ayyomiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro yoshlar festivalida "Eng yaxshi chiqish va ijro" nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ldi, deb xabar beradi "Kultura.uz".

Festivalda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkiya va Qatar davlatlarining ijodkor yoshlari qatnashdilar.

Festival dasturidan xalqaro konferensiya, san’atkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, yosh fotograflar ko‘rgazmasi, milliy taomlar festivali va katta gala-konsert o‘rin oldi. Ko‘p sonli tomoshabinlar oldida chiqish qilgan har bir davlat vakillari o‘z yurtining madaniy xilma-xilligini ochib berishga harakat qildi.

"O‘zbegim yoshlari" guruhining yosh san’atkorlari o‘zlarining ajoyib musiqiy va raqs chiqishlari bilan ozarbayjonlik muxlislar e’tiborini qozondilar.

Festival yakunida o‘zbekistonlik san’atkor yoshlarga  "Eng yaxshi chiqish va ijro" nominatsiyasidagi mukofotni Ganja shahri merligi rahbari Elmar Veliyev topshirdi.

Festival davomida uning ishtirokchilari buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning mavzoleyiga tashrif buyurdilar, Ko‘kko‘l ko‘li va Ko‘kko‘l milliy parkida bo‘ldilar.

Samarqandlik sakkiz yashar musiqachi Ispaniyadagi tanlovda g‘olib bo‘ldi - Sputnik O‘zbekiston
Bulung‘urlik 8 yashar Isfandiyor Ispaniyadagi musiqa tanlovida g‘olib bo‘ldi

Ozarbayjonda "O‘zbegim yoshlari" ansambli shuningdek, Bokudagi Icheri sheher tumanida o‘z konsert dasturini namoyish etdi. San’atkorlar ochiq osmon ostida chiqish qildilar. Muxlislar ularning chiqishlarini gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.

Ansambl badiiy rahbari Lutfiya Ro‘ziboyevaning aytishicha, ansamblning asosiy maqsadi o‘zbek madaniy an’analarini saqlab qolish va avlodlarga qoldirish, jahon hamjamiyatini O‘zbekiston xalqlarining folklori, qo‘shiq va raqslari, milliy kiyimlari bilan tanishtirishdan iborat.

"O‘zbegim yoshlari" tarkibida yuzdan ortiq kishi qatnashadi. Ansambl Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Yevropadagi qator mamlakatlarda chiqishlar qilgan. Ansambl a’zolari orasida xalqaro tanlov va festivallarning g‘oliblari ham bor.

Yangiliklar lentasi
0