O‘zbekistonliklar Mirziyoyevdan chiqish vizasini bekor qilishni so‘rashmoqda

© Sputnik / Pavel Lisisin / Mediabankka o‘tishPasport va hujjatlar
Pasport va hujjatlar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bir nechta bunday fuqarolarni deb minglab oddiy fuqarolarga chiqish vizasini olish bilan bog‘liq turli muammolar va qiyinchiliklar, ortiqcha ovoragarchiliklar paydo bo‘lmoqda

TOShKENT, 11 okt — Sputnik. change.org saytida O‘zbekistonda chiqish vizasini (OVIR) bekor qilish so‘ralgan petitsiya paydo bo‘ldi, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Petitsiya muallifi ushbu taklif-da’vatni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga ham yo‘llagan.

Bugungi kunda xorijga chiqmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun chiqish vizasini olish eng og‘riqli mavzulardan biridir. O‘zbekistondan chet davlatga chiqishni istagan fuqarolar buning uchun davlatdan ruxsat olishi lozim.

"Ma’lumki, mazkur viza fuqarolarning horijga chiqishini tartibga solish maqsadida amalga kiritilgan edi. Ma’lum davrgacha, ya’ni mustaqillikning dastlabki yillarida, bunday amaliyot o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Biroq, zamon – 21-asr – yangi talablarni oldimizga qo‘ymoqda. Chiqish vizasi xalqaro meyorlarga javob bermasligiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. U safar qilish, sayohatga borish, yurish va ko‘chish erkinligi tamoyiliga ham zid deb o‘ylaymiz. Qolaversa, chiqish vizasi poraxo‘rlikning kengayishiga ham sabab bo‘lmoqda", — deyiladi petitsiyada.

Haqiqatan ham, ikki yillik OVIR vizasini olish uchun O‘zbekiston IIVda navbat kutish, ortiqcha xarajatlar qilish, buning ustiga ikki hafta va undan ham ko‘proq vaqt kutishga to‘g‘ri keladi. Ayrim ichki ishlar xodimlari o‘z mansabini suiiste’mol qilib, vizani tezroq olib berish evaziga pora talab qilishadi.

O‘zbek pasporti - Sputnik O‘zbekiston
Ona Vatan qay hollarda o‘z "farzand"laridan voz kechishi mumkin?

"Darhaqiqat, chiqish vizasini olish uchun talab qilinadigan xujjatlarda fuqaro bir qator savollarga javob bergan holda muayan anketani to‘ldiradi. Unda aslida ikkita asosiy savol mavjud: bu fuqaro avval sudlanganmi va u davlat sirlariga egami. Ta’kidlash kerakki, ikkala savol bo‘yicha tegishli davlat idoralarida to‘la ma’lumot mavjud bo‘ladi va mazkur toifaga kiruvchi shaxslar horijga chiquvchi oddiy fuqarolar orasida deyarli uchramaydi. Qolaversa, horijga chiqishi ta’qiqlangan yoki cheklanganlar toifasiga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumot chegara idoralariga oldindan berilgan bo‘lib, bu ma’lumotni doim fuqaro chegarani kesib o‘tish vaqtida kompyuter orqali avtomatik tarzda tekshirish oson", — deb yozadi petitsiya muallifi.

Muallifning aytishicha, bir nechta bunday fuqarolarni deb minglab oddiy fuqarolarga chiqish vizasini olish bilan bog‘liq turli muammolar va qiyinchiliklar, ortiqcha ovoragarchiliklar paydo bo‘lmoqda.

"Shuni ham eslatishimiz zarurki, BMTning Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 13.1 bandida insonning butun dunyo bo‘yicha erkin yurishi, o‘z mamlakatidan erkin chiqish va kirish huquqiga ega deb ta’kidlangan. Dunyoning deyarli boshqa hech bir davlatida bunday viza mavjud emas. Bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda ham yo‘q. Aslida bunday amaliyot faqat O‘zbekistonda va Shimoliy Koreyada qolgan. O‘zbekiston Respublikasi jahonning rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan va shu yo‘lda bugunga kelib ancha islohotlarni amalga oshirganligini inobatga olgan holda, biz o‘zbekistonliklarga chiqish vizasini bekor qilish uchun tegishli qaror qabul qilishingizni taklif etamiz", — deya yakun yasaladi petitsiyaga.

Mazkur petitsiya e’lon qilinganidan keyingi o‘tgan 15 soat ichida uni 400dan ortiq kishi imzolagan.

Yangiliklar lentasi
0